To‘pponcha polvon

Enamni Burilxon kampir deyishadi. Eslayman, erta bahorda arzanda qizday uyg‘onayotgan toklarni shitirlatib, yarim kechasi yomg‘ir yoqqanda, biz, bolalar g‘ingshib, o‘rin-ko‘rpalarni qo‘ltiqlab, ayvonga qochardik. Negadir enam choyshabni manglayiga dovur tortardi-yu, pinagini buzmas, bir katta ashulalik vaqt ichida sevalab o‘tadigan ko‘klam shovuridan zavq tuyarmidi…

Yana esimga keladi: oshnalarim: “Bor, ayash enamdan marojnaga pul so‘ra”, deb tegajog‘liq qilardi. Bizda oshnalar ilgaridan o‘z oshnasining enasini “ayash ena(m)”, deb chaqirishadi. Bir tomondan aya — katta ona, buvi ma’nosi­ni anglatsa, boshqa tomondan, kichiklar-u tengdoshlarga murojaatda talaffuzimizda, ko‘pchilikka qarata: “ketishyapsanmi?, kelishdilaringmi?, o‘tirishdilaringmi?”, deyishlarini inobatga olsak, “ayash ena” ayash, ko‘pchilik bo‘lib “avaylash”, “asrash” ma’nolarini anglatsa kerak… Xullas, ashi oshnalarimning gapiga kirib, pul so‘rab borsam, har galgidek enam ketiga shapatilab, mushtumi orasidan til bo‘lib chiqqan bosh barmog‘iga “tip-tip” etib tupurib, “mana-mana” deb “marojna”ni ro‘para qilardi. Oshnalarimga qo‘shilib, men ham qiyqirib kulardim. Rasa zo‘r bo‘lardi. Ashi paytlar bizning Qo‘rg‘ontepada bitta butilkaga marojna berar edi… Uzr, sal o‘tlab ketdim…
Bir kuni chirmashlarning (chirmash — urug‘ nomi) to‘yi bo‘ldi. To‘ychilik, bir uy xotin lapar aytib o‘tirgan ekan. Enamni so‘rab bordim. Uyga kirmaganimni bilib, xosroq gapmikin, deb tusmolladimi, o‘zi chiqdi. Qosh o‘rniga qolgan quruq o‘smasining izini chimirib, nega kelganimni so‘radi.
— Sizni bo‘zak (buzoq — shevada) xolam chaqirdi. So‘rining tagiga (to‘y dasturxonining yaxna mahsulotlari saqlanadigan xona; sharbatxo­na) mo‘ralarkansiz, — dedim.
— Bo‘zak xolang kim? — dedi enamning g‘ashi kelib.
— Novvot xola-chi? To‘pponcha polvonning ayasi, — dedim barmoqlarim uchi bilan yonoqlarimni cho‘zib. — Yuzlari cho‘zinchoq, ko‘zlari ola-ola — bo‘zakka o‘xshaydigan xola-chi, — deganimni bilaman, betimda ashi tanish zarb chatnadi-ku… Doim mashi chatnashdan keyin, dimog‘imga asvoltning hidi keladi, ko‘z oldim sarg‘ayib ketadi.
— Yana bir safar birovga sim taqqaningni eshitgudek bo‘sam, o‘ldim deyaver, mishiqi!
Enam obdan tutaqdi, betimga yana, albatta, tushirishini bilib, ariday vizillab qochdim-ku. Yaxshiyam uy emas, to‘ydamiz. Bo‘lmasa, aniq boshim chaqilardi. Darvoza­xona muyulishidan qarab turdim. Enam Novvot xola yoniga ketdi. Xayriyat… O‘choq boshiga bordim. O‘choq boshi uyning devoriga yaqin joylashgan. Oyog‘imning uchida cho‘zilib qarasam, devor ortidagi yo‘l ko‘rinadi… O‘tinlar saranjom, taxlog‘liq. Tuproq, kul va qozonda qiyom bo‘lgan qo‘y dumbasining hidi ishtahani qitiqlab yuboradi. Katta jomlarda palovning guruchi iviyapti. Oshpaz akalar non bulab, zirvakning “tuzini ko‘rishyapti”. Oh-oh…
Bokning (katta suv idish, bak – shevada) tagiga cho‘pak tashlab o‘tirgan To‘pponcha polvon menga bir qarab:
— Nondan ol, qora kampirning navarasi, — dedi.
Enamni Ijtimoiyatda (Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi qishloq nomi) “qora kampir” ham deyishadi. Kayvoni, cho‘rtkesar va qahrli bo‘lgani uchundir-da…
— Ablazizjo-on, bugun ham kurashni qoyillatarkansiz-da, a? — dedi oshpaz To‘pponcha polvonga.
— Xudo xohlasa-da, aka!
— Ha-a, o‘lmang! Bu yog‘i O‘shu Jaloloboddanam katta polvonlar kelishyatganmish, a, bu bo‘sh kelmaysiz endi, uka-a! Sizga ishonib yuribmiz…
— Xudo xohlasa, uyaltirmasmiz, aka-a.
— Ha-a, o‘lmang! “To‘pponcha polvon” deb ja topib qo‘yishgan-da. Bizni xalq sim taqishni qiyvoradi o‘ziyam, — oshpaz aka o‘zini qo‘yvorib kuldi. — A, labbay?
To‘pponcha polvon qo‘lidagi nav­dadan ko‘z uzmay bosh irg‘adi, xuddi ayb ish qilganday qimtinib kulimsiradi.
Bu polvon tez tilga tushgan. Qishlog‘imizda yosh-u qari uni hurmat qiladi. Otaxonlar ham salom beradi. Chillak o‘ynayotgan paytimizda ko‘chadan o‘tib qolsa, biz muallimni ko‘rganday jimib qolib, shivirlashardik: “Ana To‘pponcha polvon! Ana To‘pponcha polvon! Oh-o, gavdasini qarang!”. Otalarimiz, amakilari­miz choyxonalarda kurashdan gap ketsa, nuqul To‘pponcha polvonni gapiradi. Uning tengsizligi, uchqurligi, dong‘i ketgan polvonlarni ham bir deganda chirpirak qilganini rolga kirib, og‘izlaridan tupuk sachratib so‘zlashadi. Hammaga yod bo‘lib ketgan gap qayta-qayta aytilsa ham, xuddi ilk marta eshitayotganday hayron tinglashadi. Aql bovar qilmas, bu hayratlarini gapning so‘ngida birgina: “Temir polvonning shogirdi-da!” — degan tasdiq bilan qanoatlantirishadi. Shundan so‘ng, hovurlari bosilsa kerak. Ijtimoiyatning askiya-yu payrovlari, o‘xshatish-u iboralarida To‘pponcha polvon nomi tez-tez quloqqa chalinadi:
— Sizni o‘xshatdim.
— Kimga?
— To‘pponcha polvonga!
— Ho, to‘pponcha polvon bo‘sam, nima qilardingiz?
— To‘pponcha polvonday siltadi, To‘pponcha polvonday “qilt” etmadi, To‘pponcha polvonday o‘qrayib qaradi…
Miyig‘ida kulimsirab, zirvakka botirilgan jaydari nonni bolalarcha chalpillatib yeb o‘tirgan mashi polvon vodiy-u vohada, qirg‘izlar-u tojiklar, turkmanlar-u qozoqlar tilida ma’lum-u mashhur ekaniga
ishongim kelmasdi…
Shu payt yo‘l tarafda otlar kishnadi. Kimningdir o‘dag‘aylagan tovushi eshitildi. Oshpaz akalar shahd bilan turib, yo‘lga qaradi:
— Qirg‘iz polvonlar kelibdi.
— Kim ekan?
— Oti zo‘r ekanmi?
Oyoq uchiga tayanib, ko‘kragimni paxsa devorga tirab yo‘lga qaradim, beixtiyor pichirladim: “Astag‘firullo! Hi-i-i! Kim ekan bu barzangi, piskako‘z?”. Enamning shapalag‘ini eslab, tilimni tiydim! Kulrang tulpor ustida bahaybat odam qovog‘ini uyib o‘tiribdi. Mo‘ylabini kaftining usti bilan artib, dangal ovozda gapirdi:
— To‘pponcha polvon qani?
To‘plangan odamlar bir-birlariga qaradi. Talmovsiradi. Zirvakka botirilgan nonni yamlab, o‘choq boshidan To‘pponcha polvon devorga yaqinlashdi. Paxsa devor uning tosidan ham kelmay qoldi.
— Shu yerdaman, nega shovqin ko‘taryapsiz, polvon! — dedi o‘ktam ovozda. Nonning oxirgi tishlamini og‘ziga tashladi.
Ot pishqirdi. Yuganni mahkamroq changallagan haligi barzangi qamchinli qo‘lini oldinga cho‘zib:
— Men — Jambil polvon! Bugun sen bilan kurashaman! – dedi.
— Ot-poting bilan qo‘shib ag‘daraman! — qat’iy aytdi To‘pponcha.
— Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma!
Nazarimda, u mashi gapini oxirigacha aytib ulgurmadi-yov…
To‘pponcha polvon ulkan jussa­sini parday yengil va bexato boshqarib, devordan hatlay sola, kulrang tulporning ikki old oyoqlarini yelkaladi. Otning yag‘riniga tushgan yolidan burab-tortdi.
“O‘-o‘-o‘…” To‘plangan odam­larning hayqirig‘i yangradi.
To‘plangan odamlar qiyqirib yubordi. Yuziga duo tortganlar ham, ko‘z tegmasin, deb tuflab qo‘yganlar ham, lab tishlab, bosh chayqaganlar ham, mehmonga kelib, behurmatlik ortidan sharmanda bo‘lganlar bo‘ldi. Hamma dong qotdi. Kinoda… Ha, “Bunyod” degan kinomidi, televizorda berardi-ku… Bunyod zanjir bilan ulkan chinorni qo‘porib tashlaydi… Saroy ahli hang-u mang bo‘ladi. Xuddi ashi kinodagiday hamma dong qotdi. Faqat chang harakatlanardi…
Aytilgan gap — otilgan o‘q! Yigit so‘zidan, arslon izidan… Haligi barzangi polvonning gapi bo‘g‘zidan chiqib ulgurmay, To‘pponcha polvon amalini ko‘rsatdi. Barzangi polvon yildan qolgan tuyaday bo‘lib, iziga qaytib ketdi.
Bu voqea uzoq vaqt otalarimiz, amakilarimiz tilidan tushmadi.

***
Kunlarning birida enam Novvot ammamnikiga chiqadi. Hovlidagi so‘ri yonida To‘pponcha polvon itining oyog‘iga chalkashgan arqonni yechayotgan bo‘ladi. Bo‘ynidagi sirtmog‘idan engashib ushlab, ikki-uch qadam nari-berisida u yoq­dan bu yoqqa itni yetaklab, o‘ynaydi. Hazilomuz xatti-harakatlar qiladi. Enam buni ko‘radi, o‘qchiydi.
— Ey, Ablaziz! Sen xalqni yetaklaydigan odamsan-ku! Nima qilasan it yetaklab?
Enam bosh chayqab, darvozaga yo‘naladi…

***
Tush ko‘rdim. Tushimda kimdir ko‘zlarimga tig‘ sanchdi… Baqirib uyg‘ondim… Uyg‘oqman-u ko‘­zim ochilmaydi. Ko‘zimni changallab qoldim. Yuragim yorilay dedi. Ko‘zim shafaqlanib, kip­riklarim yopishib qolibdi. Qattiq shamolla­ganim, kechagi tomoq og‘rig‘i ancha mahalgacha uyqu bermagani esimga tushdi. Enam iliq suv bilan kipriklarimni ivitdi. Shamollash-ku, go‘rga! Alam qiladigan joyi, kecha­gi to‘yga borolmaganim. Kurash nima bo‘ldi? Enam siniq ovozda To‘pponcha polvonning hayotida ilk bora mag‘lub bo‘lganini aytdi. Ko‘zimdan yosh oqib ketdi… Yutinay desam, tupugim yallig‘langan bo‘g‘zimdan o‘tmaydi. Eh-h!..

***
Otalarimiz, amakilarimiz ikki ko‘z orasida kechgan bu voqealarni uzoq vaqt gapirib yurdilar.

Alibek ANVAROV