Uzilmagan qarz

Azizbek o‘qishni tamomlab qishloqqa qaytdi. Bir-ikki so‘m topaman, deb o‘zini ancha qiynab qo‘ydi. Boshqa iloji ham yo‘q-da. Hali qiladigan ishlari ko‘p. Bir ota-ona o‘n farzandni boqadi, ammo o‘n farzand bir ota-onani boqolmaydi, deganlari rost ekan. Yaxshiyam uning ota-onasi hali baquvvat…

Azizbek ishga shoshar ekan, xayr-xo‘shlamay uydan otilib chiqdi. Orqasidan volidasi baqirib qoldi: “Erta sahardan qayga oshiqyapsan?! Choy ichdingmi? Qarzni to‘lashni unutma!”. Ayol shularni aytdi-yu, xavotir bilan ichkariga kirdi. No­nushta tayyorlab bo‘lgach, erini dasturxonga taklif qildi.
Birgalashib tamaddi qilishdi. O‘g‘illari birpasda kap-katta yi­git bo‘lib qolganidan, to‘y ko‘rish orzusida er-xotin shirin xayollarga berildi…
— Farzandlarim oldida otalik burchimni ado qilsam, boshqa armonim yo‘q! Jon omonat narsa. Xohlagan paytda uzilishi mumkin. Ha aytgancha, o‘g‘lingga esla­tib qo‘ydingmi? Tag‘in aptekachi qo‘ng‘iroq qilib o‘tirmasin-a!
— Aytdim, aytdim… ming marta aytdim. Xavotir olmang, bugun to‘lasa kerak. Juda bo‘lmasa, o‘zim borib to‘larman. Kecha o‘g‘lingiz ishim ko‘p deyotgandi. Zora, bugun qo‘li bo‘shasa.
Azizbek bolaligidan juda tantiq va injiq, erkatoy bo‘lib ulg‘aydi. Hech nimadan qo‘rqmasdi. Ayniqsa, qarz olishga usta. Ota-onasi qaramog‘ida yurganida ham, talaba­lik paytida ham qayerga bormasin,
qarzga narsa olmasa kuni o‘tmasdi. Yetishmovchilikdan deysizmi. Yo‘q, ota-onasi qancha pul yuborsa ham, baribir shu “odat”ini qo‘ymasdi. Ustiga-ustak, kimdan qarz olsa, doimo uy telefoni raqamini tashlab ketardi. Tabiiyki, odamlar uyiga qo‘ng‘iroq qilib, pulini so‘rardi. Sho‘rlik ota-ona o‘g‘lining qarzini uzish bilan ovora.
Harqalay, bunga o‘zlari aybdor. Nuqul: “Meni aytib olib ketaver, ertaga to‘lab ketaman”, — deb bolasini o‘rgatib qo‘ygan. Mana, endi jabrini tortyapti. Azizbekning otasi o‘tgan oyda shifoxonada ancha vaqt yotib davolandi. Shu orada pul ham tanqis bo‘lib qoldi. Nachora, bir tanish farmatsevtdan qarzga dori-darmon oldirdi. Haligacha qarzini uzishga imkon bo‘lgani yo‘q. Imkon bo‘lganda vaqt topilmayapti.
O‘g‘ilning ishxonasi o‘sha dori­xona tomonda. Aksiga olib shu kunlarda u ham juda band. Qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Qolaversa, qarzni to‘lash uchun berilgan puldan ancha-munchasini ishlatib qo‘ygan. Ammo to‘lamasa bo‘lmaydi.
Azizbek maosh olgan zahoti qarz­dan qutulishga ahd qildi. Bugun oyning o‘n beshinchisi. Avans berildi. Cho‘ntagidagi naqd pullar bilan plastik kartadagini qo‘shsa, qarzni to‘lashga yetadi. Qizig‘i, Azizbek qarz nima maqsadda berilganini bilmaydi. Qo‘lida aptekachining telefon raqami bor, xolos. U raqamni terib, manzilni so‘radi. Aytilgan joyga yetib keldi.
— Assalomu alaykum, aka, men, Azizbekman, boya siz bilan telefonda gaplashgandim. Dadam­ning sizdan qarzi bor ekan, shuni to‘lamoq­chiman.
— Vaalaykum assalom! Barakalla, bugunam kelmaganingizda erta-indin uyingizga o‘tmoqchi edim. Chet eldan yana dori oldiryapmiz. Buyurtma ko‘p. Ha aytgancha, dadang yaxshimi o‘zi? Esiz, o‘zini ancha oldirib qo‘ygandi. Uzoq vaqt davom etgan muolaja natija berdi, shekilli, yana oyoqqa turib ketdi. Onang bechora dadang kasal payti dorixonamizga kuniga necha marta kelib-ketardi. Juda fidoyi ayol-da.
— Voy, dadam kasalxonada yotganmidi?! Shamollabman, degandilar-ku… Mayli, qancha to‘lashimni ayting, vaqtim ziqroq.
— Ha, o‘zi shunaqa. Farzandlar ota-onasi qay ahvoldaligini bilmaydi. E’tibor ham bermaydi. Axir, ota-ona g‘animat! Bir kuni bu dunyoni tark etsa, qadri o‘tishini nahotki anglamasangiz?! Ota-ona oldidagi qarzni uzish payti kelganda ularni battar qiynaymiz. Ular oldidagi farzandlik burchimizni unuta­miz. Mayli, mana jami summa shu. Naqdmi yoki plastikda?
— Ikkalasidanam. Yarmi naqd, yarmi plastikda.
— Ana, qarzni o‘chirdim. Dadang­ga salom ayt. Salomat bo‘lsinlar!
Azizbek dorixonadan chiqdi-yu, og‘ir xo‘rsindi. Nahotki u shunchalik beparvo bo‘lsa! Shu yerga kelmaguncha otasining boshidan kechirganlari haqida xabari ham yo‘q edi. Attang…
Aptekachi aytgan gaplar xayolida charx urdi. Azizbek aybini anglab, ota-onasi oldidagi qarzini uzishga ahd qildi.
Shu o‘ylar bilan mashinaga o‘tirar ekan, telefon qo‘ng‘irog‘idan fikri tarqab ketdi. Qarasa, onasi telefon qilyapti. Darrov go‘shakni ko‘tardi.
— Allo, assalomu alaykum, oyi­jon! Qarzni to‘ladim, xavotir olmang. Bugun ulgurdim. Endi faqat sizlardan qarzim bor. Sizlarga g‘amxo‘rlik qilaman.
— O‘g‘lim, dadangning tobi qoch­di. Tez kel!!!
Go‘shakdan qisqa tovushlar eshi­tildi. Azizbek darhol uyga otlandi. Hovlisi oldidagi “tez yordam” mashinasi va bir necha kishilarni ko‘rib, oyoq-qo‘li bo‘shashdi. Shu payt uni kimdir bag‘riga bosib: “Bandalik, o‘g‘lim, bandalik”, — dedi. U boshini changallab, ho‘ng­rab yig‘lab yubordi. Otasi oldidagi qarzni uzolmagani bir umrga armon bo‘lib qoldi…

Shohrux IBODULLAYEV