Yoshlik — beboshlik

Bir badavlat kishining yakka-yu yagona o‘g‘li bo‘lgan ekan. Bola otasining davlatiga ishongani uchun ilm olish, san’at va hunar o‘rganishga qunt qilmabdi. Kallasidagi har xil o‘y-xayollardan o‘zicha xulosalar chiqarib, ularni farog‘at va saodat deb o‘ylar ekan.

Hikmatli so‘zlarga aslo quloq solmas, otasiga yolg‘on gapirib, o‘zini saboq olayotganday ko‘rsatarkan. Bir kuni otasi unga dunyoning saodati yaxshi do‘st topishda ekanini aytibdi. U esa, yaxshi do‘st deganda, nafsning, shaytonning amriga bo‘ysungan odamni tushunardi. Biroq bu o‘y-fikri bilan u o‘ziga bir falokat hozirlaganini bilmas edi.
Kunlarning birida otasi olamdan o‘tibdi. Shuncha mol-mulkning vorisiga aylangan, ammo ilm-u urfondan bexabar bu yigit kayf-safoga berilib, o‘sha “yaxshi do‘stlari” bilan otasidan qolgan boylikni yeb bitiribdi. Mol-mulk tugagach, do‘stlari ham gumdon bo‘libdi. O‘lmasdan avval shirin jonini ming azoblar iskanjasida qoldiribdi, o‘zini faqirlikning og‘ir iztiroblariga mubtalo qilibdi.
Xulosa: Biror ilmga va hunarga qiziqmagan odam yoshlik davrida o‘zini-o‘zi turli balolarga giriftor qiladi. Yoshlar yoshi ulug‘larning so‘zlariga quloq solishi, aytganini bajarishi, yaxshi do‘st tanlay olishi kerak. Bularga amal qilmaganlar molini ham, umrini ham havoga sovuradi. Falokatni o‘z qo‘llari bilan sotib oladi. Buni ang­lagan va ilm-hunar egallab halol mehnat qilgan insonlar chechakdan bol olgan arilar sin­gari o‘z umriga haqiqiy shifo-hikmat baxsh etadi. Shunday ekan, bolalikdagi beboshliklarni yi­g‘ish­tirib qo‘yib, yoshlikni bekorga o‘tkazmasdan, bilim va hunar o‘rganishi darkor. Yana ular qanchalik ilmli va oqil bo‘lmasin, keksalar bilan suhbatlashib turishi, ularda bor bo‘lgan yaxshi narsalarni o‘rganib olishi kerak.

(Abdulla RUSTAMOVning “Hikmatli dunyo” kitobidan olindi).