Yoshlik ilhomi

Imkon

Qani endi imkoni bo‘lsa-yu, oshiqning yuragi kabi qip-qizil atirgul bo‘lib qolsam. Ildizim baquvvat bo‘lsa, har gal uzishganida qayta-qayta bosh ko‘taraversam. Menga boqqan insonlarning dardini aritsam. Bir umr oshiq ko‘nglining ramzi bo‘lib qolsam…
Yana qayta tug‘ilsam-u, gul bo‘lsam. Kimning jondan aziz onasiga, kimningdir suyukli yoriga atalgan, yana kimningdir qabriga sochilgan qip-qizil atirgul…

Mahbuba ISLOMOVA

 

Qisqa hikoya

Kipriklar birlashdi. Bir soniyadan so‘ng ko‘zlar ochildi. Manzara o‘zgarmadi.
Kipriklar birlashdi, ko‘zlar ochildi. Endi u butkul boshqa manzarani ko‘rdi. Yorug‘likning o‘rnini zulmat egallagan, badani esa, nihoyatda qizib ketayotgandi…

Zuhra MUHAMMEDOVA

 

Niyat

Kechki ovqat payti. Oilaning barcha a’zolari dasturxon atrofida jamlangan. Hamma shod-xurram. Dasturxonga fotiha tortilayotgan payt nabira buvisining qulog‘iga pichirladi. Duo qilingach, dasturxon yig‘ishtirildi. Keyin onaxon nabirasiga sekin gap qotdi:
— Asalim, nimalarni niyat qildingiz?
— Buvijon, men Xudodan har safar Orol dengizining qurib qolmasligini, suvi ko‘p bo‘lishini so‘rayman.

Sirojiddin SOYYIB

 

So‘nggi chora

Bahor yaqinlashib kelayotgandi. Uch qizning otasi ayvon ostonasiga cho‘kkancha eriyotgan qor va botayotgan quyoshga ma’yus boqib, o‘y surardi. Qish bo‘yi qornidagi bolasi bilan zotiljamdan aziyat chekayotgan xotinini davolash uchun pul topishning yo‘lini izlardi.
Mardikorlik qilib, ro‘zg‘or tebratadigan sho‘rlik otaning uyi va bo‘g‘oz qo‘yidan boshqa hech vaqosi yo‘q edi…
So‘nggi chora sifatida u qo‘yning qornini yordi va tim qora tusda tovlanuvchi egiz qo‘zichoqlarning qorako‘l terisini olib-sotarlarga qimmat narxda pulladi.

Jamshid BO‘RON