1 savolga 1 javob

— Toshkent shahrida tug‘ilganman. 2009-yilda turmushga chiqib, pro­piskamni Andijon viloyatiga ko‘chirdim. 2013-yili poytaxtdan otamning nomiga kvartira sotib oldim. Otam hadya shartnomasi asosida kvartirani mening nomimga o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Biroq notarius xodimlari doimiy yashash jo­yim boshqa hudud bo‘lgani bois, hadya shartnomasini rasmiylashtira olmasli­gini aytdi. Qolaversa, otamning uyiga propiskaga o‘tganimda ham uch yilgacha hadya shartnomasini tuzish mumkin emas ekan. Shu to‘g‘rimi? Endi qanday ish tutsam bo‘ladi?

Nigina YO‘LDOSHEVA
Marhamat tumani

Savolga huquqshunos  Javohir SHAMSUTDINOV javob beradi:
— O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 4-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma­ning 50-bandida ko‘rsatilishicha, Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan bitimlar va ko‘chmas mulkni garov (ipoteka)ga qo‘yish shartnomalarini notarial tasdiqlash oluvchi tomon Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, notarial idora sizni aldamagan. Haqiqatan ham, ayni vaqtda otangiz sizga poytaxtdagi uyini qonuniy jihatdan hadya eta olmaydi.