1 savolga 1 javob

— Maktabimiz direktori qarshi ekanimga qaramay, “Dars soatlaringiz ko‘p”, deya bir qismini boshqa o‘qituvchiga berib yubordi. Bilmoqchiman, bunga haqqi bormi? Qonunchilik bo‘yicha, qancha soat ishlashim mumkin? Qaysi masalani ko‘tarib chiqmay, maktab ma’muriyati meni eshitgisi kelmaydi. Sudga murojaat qilay desam, boj to‘lashga imkonim yo‘q. Maslahat bering, iltimos.

Anonim savol

Savolga huquqshunos Javohir SHAMSUTDINOV javob beradi:

— O‘zbekiston Respublikasi Meh­nat kodeksining 115-moddasiga muvofiq, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan oshirilishi mumkin emas.
Bundan tashqari, 89-moddada belgilanishicha, ish beruvchi faqat texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ish (mahsulot, xizmat)lar hajmi­ning qisqargani, basharti, bu holat xodimlar soni yoki ishlar xususiyatining o‘zgarishiga olib kelishi oldindan aniq bo‘lgan taqdirdagina xodim roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgar­tirishga haqli sanaladi.
Boshqa hollarda ish vaqtining muddati faqat xodim roziligi bilan qisqartirilishi mumkin. Shunda ham ish beruvchi xodimni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, tilxat olishi shart.
Mehnat munosabatlari bilan bog‘liq nizolar xodimning ish joyida tuzilgan mehnat nizolari komissiyasi tomonidan yoki sudda hal etiladi. Lekin sudga da’vo arizasini huquqingiz buzilganini bilgan yoki bilishingiz lozim bo‘lgan kundan boshlab uch oy muddatda taqdim etishingiz kerak.
Mehnat kodeksining 277-moddasiga ko‘ra, xodimlar mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat qilganida sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etiladi.