Har narsaning uvoli bor

Tasavvur qiling, bir kun barcha odam zabonsiz bo‘lib qolsa, hech qanday bola yig‘isi, kulgu eshitilmasa… Qushlarning sasi va qadam tovushimizdan bo‘lak hech qanday ovoz bo‘lmasa. Odam “so‘z” degan ulug‘ ne’matdan mosuvo bo‘lsa…

Robinzon Kruzo yillab kimsasiz orolda qolganida echki, it va umuman, butun tabiat bilan suhbatlashadi. Tinimsiz o‘ziga-o‘zi gapiradi. Nega? Chunki odam dilidagi tuyg‘uni faqat so‘z orqali ifoda etadi. Shu ne’mat ila ruhiyati tetiklashadi. O‘zini va borliqni anglashga urinadi. Navoiy iborasi bilan aytganda insonni hayvondan farqlovchi jihat — so‘z! Shu sabab uni haqli ravishda ulug‘ ne’mat deymiz. Xalqimiz har qanday ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylashga undaydi. Bu bejiz emas. Chunki, isrofgarchilik oxiri kambag‘allikka olib keladi.
So‘z o‘zlikni asrab qolishning asosiy omili ekan, uni o‘rnida ishlatishga, isrof qilmaslikka qay darajada e’tibor qaratyapmiz?! Ortiqcha non oshqozonga og‘irlik qilgani kabi o‘rnida ishlatilmagan so‘z ham ko‘ngilga botadi. Ta’si­rini yo‘qotadi. Bir daqiqa o‘zingizni, yon-atrofingizdagi insonlarni chetdan kuzating. So‘zlariga e’tibor bering. Shunda SO‘Zga bo‘lgan munosabatimizga guvoh bo‘lasiz.
Avtobus doimgidek odamlar bilan tirband. Bunday noqulaylik, albatta, kayfiyatga ta’sir etadi. Bu ham yetmaganidek, yo‘l-yo‘lakay yana yo‘lovchilar chiqdi. Avtobus navbatdagi bekatda to‘xtadi. Orqa eshikdan ikki ayol chiqdi va eshik­ bazo‘r yopildi. Ayollardan birining sumkasining tutqichi uzilib ketdi. Avtobus ichida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mojaro boshlandi. Ayollar bir-birini ayblardi… Chiptachi yigit vaziyatni izga sola olmagach, haydovchi tormoz bosishga majbur bo‘ldi va jahl ustida hammani ulovdan tushira boshladi. Oramizda yoshi ulug‘ onaxon bor ekan, u avval haydovchini, so‘ng boyagi ikki ayolni shirin so‘z bilan tinchlantirdi. Avtobus yo‘lida davom etdi. Bir-birini haqorat qilgan ayollar atrofdagilarda o‘ziga nisbatan nafrat qo‘zg‘atdi. Ayni paytda ular sabab yo‘lovchilar manziliga vaq­tida yetib bormasligi ham mumkin edi. Ammo onaxonning shirin so‘zi mojaroga barham berdi. Janjalkashlarning yuzi qizardi. Har bir yo‘lovchi bu voqeadan o‘zicha xulosa chiqardi va manzilga kechikmaydigan bo‘ldi.
So‘zni qachon va qay tarzda qo‘llash o‘zimizga bog‘liq. Bu ulug‘ ne’matning qadriga yetmasak, uvoli tutadi. Avval o‘ylab, so‘ng gapirgan baribir yaxshi.

Umida SAYLIYEVA