Illatning ildizi

Baxtiyor kollejda o‘qiy boshlaganiga bir yildan oshdi. Maktabda yaxshi o‘qigani, fan olimpiadalarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun ham o‘qituvchilarining aksariyati bilan allaqachon kelishib ketgan. Biroq ba’zilarining gap-so‘zi unga yoqmaydi. Karim Kamolovich degan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ayrim bezori bolalarni tartibga chaqirish o‘rniga, “Bola bo‘lsang sho‘x bo‘l, sho‘x bulmasang yo‘q bo‘l, deganlari shu-da”, deya battar taltaytiradi.

“Men ham bir paytlar sizdek bo‘lganman. Mana institutda o‘qib, oxiri o‘qituvchi bo‘ldim”, deganida haligi o‘quvchilar qiy­qirib yuboradi. O‘qituvchi esa, xuddi qoyil qoldirgandek mag‘rur bosh irg‘ab qo‘yadi.
Kollejda turli maktablardan kelgan yigit-qizlarning fe’l-atvori ham o‘zgacha. Ertasini o‘ylaydiganlar ham, bosar-tusarini bilmaydiganlar ham yo‘q emas…
Bolaligidan kamtar-kamsuqumligi, a’lo baholarga o‘qigani bois, maktabda faqat maqtov eshitgan Baxtiyor bu yerda antiqa muhitga tushdi. Ochig‘i, uning kitobdan bosh ko‘tarmasligi, jimgina yurishi ba’zi manmanroq bolalarga yoq­masdi. Ya’ni, ko‘pincha yolg‘iz, o‘ychan yurgani uchun unga “odamovi” deb qaraydigan, kezi kelganda masxara qiladiganlar chiqib qoldi…
Xullas, Sardor (uni kollejda “ataman” deyishadi) degan guruhdoshiga qo‘shilib uch-to‘rttasi uni masxara qiladigan odat chiqardi. Ba’zi fan o‘qituvchilari Baxtiyorni maqtadi, deguncha orqa partada o‘tiradigan “ataman”­ning gumashtalari piqir-piqir kuladi. Ular tanaffusda, darsdan qaytishda atay jig‘iga tegib, uni kamsitishga harakat qilardi.
Bir kuni Sardor darsdan qaytayotib katta yo‘l bo‘yida o‘ziga o‘xshash ikki o‘rtog‘i bilan Baxtiyorni o‘rtaga olib, pul so‘radi:
— Sen boyvachchasan, — dedi u qitmirlik qilib. — Biz sendan qarz so‘rayapmiz, xolos.
Baxtiyor yo‘q deyishga ulgurmadi. Sardorning “o‘ng qo‘li” — Jabbor shartta uning cho‘ntagini kovlab, 20 ming so‘m pulini olib qo‘ydi.
— Tag‘in, qizlarga o‘xshab shikoyat qilib yurma, — dedi “ataman” g‘alati qarab.— Aytdim-ku, qarzga oldik. Erta-indin
qaytara­miz.
Baxtiyor jimgina uyiga ketdi. Uning pulini olganlar ortidan kulib qoldi.
U ota-onasiga ham, ertasi kuni o‘qituvchisiga ham churq etmadi. Go‘yo hech gap bo‘lmagandek jim yuraverdi.
Oradan uch kun o‘tib, Baxtiyor guruhida birga o‘qiydigan Nilufar bilan o‘qishdan qaytayotsa, avtobus bekatidan nariroqda “ataman” yana yo‘lini to‘sdi. Xuddi tomdan tarasha tushgandek:
— Birovdan olgan qarzingni bermasdan qochib yurgani uyalmaysanmi? — dedi u.
— Tushunmadim, — dedi Baxtiyor hayron bo‘lib. — Qachon, kimdan qarz olibman?
— Iya, hali olmadim, deb tonasanmi? — kuldi Sardor. — Uch kun oldin xuddi shu yerda 20 ming so‘mni qurtdek sanab olgan­ding-ku?!
— Kim kimdan oldi? O‘zing so‘rading, manavi o‘rtog‘ing cho‘n­tagimdan olib qo‘ygan edi-ku, — dedi Baxtiyor asabiy­lashib. — Endi bo‘hton ham
qilyapsanmi?
O‘rtaga Nilufar tushdi:
— Qo‘yinglar, bolalar, kerak bo‘lsa, shu pulni men beraman…
— Qiz bolaning oldida bizning yuzimizni shuvut qilgan xiyonatchi hech qachon jazosiz qolmaydi, — deb kutilmaganda Sardor Baxti­yorni bir tepdi.
Shu tariqa mushtlashuv boshla­nib ketdi.
Nilufar yordam beringlar, deya dod soldi.
Ko‘zlari qonga to‘lgan “ataman” va sheriklari Baxtiyorni ayamay tepkiladi. U hushidan ketdi…
Keyin nimalar sodir bo‘lganini bilmaydi.
Bir necha kundan so‘ng shi­f­o­­xonada o‘ziga kelgan Bax­tiyorning qulog‘iga g‘alati gap­lar chalindi. Onasi undan o‘sha voqea haqida so‘radi va ichki ishlar xodimlari tomonidan bezorilar qo‘lga olingani, o‘qituv­chisiga ham tegishli jazo berilganini aytdi…
Baxtiyor bundan yengil tortmadi. Aksincha, o‘sha jinoyatga qarshi o‘z vaqtida kurashmagani, kollej rahbariga, kerak bo‘lsa, uchastka noziriga xabar bermagani uchun o‘zini-o‘zi koyidi.
Agap shunday yo‘l tutganida, o‘zi ham bu ko‘yga tushmagan, bir guruhda o‘qiyotgan tengdoshlari va ustozi ham jazoga tortilmagan bo‘lardi.
Bir so‘z bilan aytganda, illatning ildizi loqaydlik va be­parvolikka borib taqaladi. Zero, atrofga teran nigoh bilan qarash, bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasdan, ogoh va sergak bo‘lish bugungi kun talabidir! Qolaversa, jamoatchilik nazorati, salbiy illatlar hamda jinoyatchilik­ning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Ulug‘bek USMON