Mulla bilganini o‘qiydi

Bilmaganini-chi?! Ilmni boshqalarga ulashmaslik hadisi shariflarda qoralanadi. Yanayam yomoni, ilmi chala bo‘lib “ilm” ulashmoqdir. Masalan, bir mulla: “O‘t atrofida kelin-kuyovni aylantirish johiliya davri qoldig‘i”, — desa, ba’zilar shoshib qolganidan bu odatni yomonga chiqarib qo‘yishi hech gap emas. Shunga o‘xshash “hikmat”ni “Oila davrasi” gazetasining yil boshidagi sonlaridan birida o‘qib qoldik.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida “johiliya” tushunchasiga shunday ta’rif keltirilgan: “Johiliya (arabchada — bilimsizlik holati, jaholat) — arablar tarixining islomdan ilgarigi davriga berilgan nom. Islomdan oldingi arablar­ning ko‘pchiligiga “jahl” tuyg‘usi xos edi. Bu boshqalarga nisbatan beshafqat va vahshiyona munosa­batda bo‘lishda o‘z ifodasini topardi (qasos olish zarurati, go‘dak qizlarni tiriklayin ko‘mish, o‘zga qabila vakiliga dushman sifatida qarash va boshqalar). Islomdan ilgari Arabistonda qonunsizlik, axloqsizlik, zo‘ravonlik hukm surgani uchun ham keyingi avlod o‘sha davrni haqli ra­vishda johiliya deb atagan”.
Endi savol tug‘iladi: musulmonchilikdan oldin bizda johiliya davri bo‘lganmi? Arablar bosqi­niga qadar O‘zbekiston hududida jaholat davri­ning bo‘lganini, otalarning bolalarini tiriklayin ko‘mganini tasdiqlovchi qan­day hujjat bor? Yurtimizga muqad­das islom dini kirib kelishi bilan el tafakkurida ma’naviy-diniy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Biroq aynan shu davrda ko‘plab kutub­xonalar, yuksak madaniyat namunalari ham oyoqosti bo‘lgani, qadimgi yozuvlarni o‘qiy oladigan kishilar, olimu fuzalolar atayin yo‘q qilinganiga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Islomgacha odamlar zardushtiylik, buddaviylik, xristian dinlariga, qolaversa, mahal­­­liy muqaddas tushun­chalarga amal qilgan. Makedoniyalik Aleksandr, xitoylik sayyohlar ilm o‘r­gangan, madaniyatining yuksakligiga qo­yil qolib, tan bergan yurtda “johiliya” bo‘lgan deyilsa, fikrimizcha, ado­latdan emas.
“Mulla” aylanib “domulla”ga o‘zgargan”, — deydi ayrimlar, keyin esa, “domla”ga. “Domulla”dagi “mulla” tushunarli, biroq “do” nimaligini hech kim yozmabdi (har qalay, notadagi birinchi parda yoki rus tilidagi do (gacha) qo‘shimchasi bo‘lmasa ke­rak!). Dungan tilida “do” so‘zi bor — “katta” ma’no­sini anglatadi. Balki “domla” so‘zi shu taxlit hosil bo‘lgandir. Kim bilsin yana…
Universitetni dorilfunun, samol­yotlar qo‘nadigan joyni tayyora­goh, deya xalq chalg‘itilganda ko‘pchilik tilshunoslar jim turdi. “Nega tayyora­goh?” — desa “jarroh” bilan “jallod”ni farqlolmay, aralashtirib aytaveradigan ayrim “bilimdon”lar: “Borsang samol­yot seni kutib tayyor turadi, minishing bilan uchadi-ketadi, shuning uchun tayyoragoh-da”, — deb tushuntirgan. Agar o‘sha “bilimdon”lar Ali­sher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonini o‘qib chiqqanda edi, balki biroz mu­shohada yuritib, arabcha “tayr”(qush) so‘zidan biron ma’no chiqarib olar va bu so‘zning o‘zbek tiliga hech qanday aloqasi yo‘qligini anglagan bo‘lardi.
Ayrim so‘zlar, masalan, dastur­xon, hafta, dushanba, do‘st, “gul” va “dil” bilan boshlanadigan ismlar tilimizga fors tilidan o‘zlashgan. Ular barchaga birdek tushunarli. Qadimda xalq iste’moli­da bo‘lib, keyin boshqa tillarga o‘tib ketgan, o‘rniga esa, arabcha muqobili qo‘llanilayotgan bitik — kitob, qarotosh — qalam, o‘tluq — dazmol kabi so‘zlar xususida ham shu fikrni aytish mumkin.
Internatsional so‘zlarni o‘zbekchalashtirish bahonasida asli­da tilimizda arabcha so‘zlarni qalashtirib yuborishdan ko‘rilgan moddiy-ma’naviy zarar yetarli. To‘g‘ri, tilchilar mazkur hodi­saga befarq qarayotgani yo‘q, o‘zaro bahs-munozaralar davom etyapti. Faqat ta’siri oz. Hozir xalq iste’molidagi atamalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak. Dunyoda keng qo‘llanilayotgan xalqaro so‘zlarni o‘zgartirish zarurati bor ekan, ularning arabcha emas, balki odamlarga tushunarli bo‘ladigan muqobilini tanlash ko‘proq maqsadga muvofiq, nazarimizda. Axir, “Alpo­mish”dek dostonlari­mizda asl o‘zbekcha so‘zlar kammi? Yo‘q. Lekin negadir ulardan foydalanmaymiz. Shular haqida hurmatli tilshunos olimlarimiz bosh qotirsa, qani edi.
Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan yoshlarni talaba (ma’nosi — so‘rovchi, talab qiluvchi) deb ataymiz. Arab tilidan o‘zlashgan ushbu so‘z ma’no jihatdan o‘zbek tilidagi “o‘quvchi”, “o‘rganuvchi”, “tinglovchi” kabi so‘zlarga yaqin. O‘tmishda mad­rasada tahsil oladigan o‘quvchilarga nisbatan ishlatilgan “talaba” hozirda arab mamlakatlarida, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Eron, Tojikistonda keng qo‘llanilmoqda. Iroqdagi hatto futbol jamoasiga ham “Talaba”, deb nom berilgan. Ko‘pgina G‘arb mamlakatlarida universitetda tahsil olayotganlar “student”, deb ataladi. Lotin tilidan o‘zlashgan bu so‘z o‘quv­chi, intiluvchi, istovchi degan ma’nolarga ega. Shunday ekan, oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyot­ganlarni o‘quvchi yoki student, deb atash noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Tibbiyotda “tashxis” atamasi mavjud. U asli arabcha so‘z bo‘lib, belgilanish, ko‘rsatilish ma’nolarini anglatadi. Qizig‘i, “tashxis” adabiyot istilohi sifatida ham qo‘llanil­moqda. She’rlarda jonsiz narsalarga inson xususiyatlarini ko‘chirib, ularga tirik mavjudotdek munosabatda bo‘lmoq san’ati tashxis deyiladi. Bordi-yu, “diagnoz”ni o‘zgartirish kerak ekan, tashxis o‘rniga aniqlash so‘zi qo‘llanilsa tushunarliroq bo‘ladi.
Biz ayrim atamalar xususida so‘z yuritdik. Xulosamiz shuki, har sohada, jumladan, atamashunoslikda ham ortga emas, oldinga intilish maqsadga muvofiq.

Erkin MUSURMONOV,
Samarqand davlat universiteti dotsenti,
Orif XOLIQULOV, jurnalist