Psixolog maslahati

– Yoshim 23 da. Talabaman. Darslarda javob berish uchun qayta-qayta kitob o‘qib, o‘z-o‘zimga takrorlaganimda to‘liq gapiraman. Javob berishga chiqqanimda esa o‘qiganlarimning barchasi esimdan chiqib ketadi. Buni qanday o‘zgartirsam bo‘ladi?

Saida IBRAGIMOVA Mirobod tumani

Savolga psixolog Feruza TOLIPOVA javob beradi:
— Bu holat xotiraning pastligi bilan emas, balki sizda ko‘pchilikning oldida hayajon ustunlik qilishi bilan baholanadi. Darsga tayyorlanayotganingizda shunchaki emas, ko‘zguga qarab gapiring. Bu esa o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Javob berayotganingizda ham o‘sha tayyorlanish jarayonidek, atrofda o‘zingizdan boshqasi yo‘qdek tasavvur qiling.
Yana bir yaxshi usul – guruhda o‘zingizga yaqin olgan bir dugonangizni tanlab, faqat uning ko‘ziga qarab gapiring. Shundagina aytmoqchi bo‘lgan barcha fikringizni teran ifodalab bera olasiz.