Psixolog maslahati

— Qizim 15 yoshda. U bilan dugonadekmiz. Oramizda hech qanday sir bo‘lmasdi. Lekin yaqin kunlarda mendan nimanidir yashirayotgandek tuyulyapti. Otasi safarda bo‘ladi. Shu bois farzandlar tarbiyasi ko‘proq mening zimmamda. To‘g‘ri tarbiya beraman deb, ba’zida qattiq gapirib yuboraman. Ayting, nima qilay?

Oynura ZAFAROVA
Ishtixon tumani

Savolga psixolog Shahnoza XALILOVA javob beradi:

— Umuman, o‘smir yoshdagi yi­git-qizlar bilan muloqot qilishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lish lozim. Bundan aslo tashvishga tushmang. Maslahatim, buni tabiiy jarayondek qabul qi­ling. Shunda ortiqcha o‘y-xayollardan xalos bo‘lasiz.
Avvalo xavotirlaringizni yo‘qotishga harakat qiling. Qizingiz sizda xavotirlanishni sezdimi, o‘zi istar-istamas sizdan yiroqlashadi. Chunki o‘zida kechayotgan jarayonlar bilan sizni cho‘chitishni istamasligi mumkin. Farzandingiz bilan ishlashdan oldin o‘zingiz psixolog qabuliga yoziling. Sababi o‘smirlik paytida yoshlarning bilib-bilmasdan qilib qo‘ygan ishlariga ko‘pincha ota-onalar sababchi bo‘lib qoladi.
Bu davrda farzandingiz darslarga qiziqishini yo‘qotishi, yangi do‘stlar orttirgisi kelib qolishi tabiiy hol. Bu vaziyatda unga bosim o‘tkazishga urinmang. Aksincha, fikringizni do‘stlarcha, yotig‘i bilan tu­shuntiring. Ularni aslo biqiq muhitga tashlab, tarbiya qilaman, deb o‘y­lamang. Erkinlikka chiqaring. Axir ular ulg‘ayyapti. Qizingiz bilan katta odamlardek muloqot qiling. Qanchalik samimiy bo‘lsangiz, aminmanki, u ham sizdan hech narsani sir tutmaydi. Zero, so‘z — qudratli kuch. Farzandingizni shirin muomala bilan to‘g‘ri tarbiyalashingiz mumkin.