Sardor bo’lish osonmi?

Yoxud “sardor” bilan sardorning farqi bor

Jamiyatimiz hayotida yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning naqadar ulkanligi hammamizni xursand qiladi.  Ayniqsa, O’zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil qilingandan keyin sardorlar tizimi yanada rivojlantirildi. Ular uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlar yaratildi. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalangan sardorlarning mehnatini bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar , gazeta, jurnallar va oyinai jahon orqali ham kuzatishimiz mumkin.

Ammo… eng chekka hududlar haqida ham shunday deya olamizmi? Og’ir bo’lsa ham aytish kerakki, nomiga “sardor” bo’lgan yoshlar ham bugungi kunda topiladi. Na o’qishni, na jamoat ishini uddalayotgan “sardorlar”imiz, biroz o’ylab ko’rishsa, qalbida sardorlikka ishtiyoqi baland bo’lgan qaysidir yoshning o’rnini band qilib turganini bilishar edi. Lekin bizning vazifamiz sardorlarni alishtirish emas,balki ularda “sardorlik – jajji jussamizdagi, ulkan ma’suliyat” ekanligini anglatmog’imiz kerak. Zero, yurtimizdagi har bir yoshning jamiyatimiz hayotida o’z o’rni bor. Ko’pchilik tadbirlarda yurtdoshlarimiz tomonidan “Yoshlar ittifoqi senga nima berdi?” degan savolga duch kelamiz. Biz bergan javob ularning Yoshlar ittifoqi haqidagi fikrini yo ijobiy tomonga yoki salbiy tomonga o’tgartirishi mumkin. Mening doimo aytadigan javobim quyidagicha bo’lgan: “Yoshlar Ittifoqi menga o’z hayotim va jamiyatdagi o’rnimni ko’rsatib berdi, doimo harakat bilan g’alabaga erishib bo’lishini bildim va albatta ko’pchilik bilan hamjihat ishlashni o’rgandim”.

Shu asnoda har bir yosh sardor bo’ldimi, demak kimgadir o’rnak va namuna bo’lishi kerak. Butun O’zbekiston ahli, ota-onamiz, ustozlarimiz va biz tenggi yoshlar bizga ishonishdimi, demak biz sardorlar o’z vazifamizni sidqidildan bajarishimiz kerak.

Tõrayeva Lobar
Õzbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati
Yangibozor tuman kengashi bosh sardori