Yig‘layveraman, yig‘layveraman…

Bir kun! Hammasi bir kunlik! Bir kundan so‘ng barchasi unut bo‘ladi. Kimdan xafaligim, kim menga quvonch bag‘ishlagani — hammasini ko‘nglimdan chiqarib yuboraman. Ungacha esa… yig‘layveraman, yig‘layveraman…

Odamlar, atrofdagilar uxlayotgandek. Qaniydi, qahri qattiq, jahldor inson bo‘lsam-u ularning yuziga chunonam tarsaki tushirsam. Hammasini uyg‘otib, bir-birlari­ning ko‘nglini avaylashi kerakligini uqtirib qo‘ysam. Men esa, yig‘lashdan boshqasini bilmayman. Qandaydir adolatsizlikka duch kelsam — yig‘layman. Kimdir haq, nohaq ranjitsa — yana yig‘layman, yoki birov kamchiligimni yuzimga aytsa, “shunday yomon odam ekanman-da” deb o‘ylayman-u, to‘yib-to‘yib yig‘layman!
Ko‘zlari qup-quruq odamlar ranjitib ham kulib ketaveradi, kimgadir ozor berib qo‘yganimni bilib qolsam, battar yig‘layman. Shunaqa yomon qizman!
Yaxshisan, demang. Yana yig‘­lab berishim mumkin.
Yosh bolalarni kuzatganmisiz hech? Ko‘zlariga qaraganmisiz? Ular atrofdan mehr iz­laydi. Onasi­ning bag‘rida sevimli o‘yinchog‘i yoki shi­­rinligi qo‘lida bo‘lsa bas, ulardan baxtli yo‘q bu dunyoda. Lekin biror ovun­chog‘ini olib qo‘ysangiz bormi, olamni to‘ldirib uvvos soladi. Chunki faqat shulardan o‘zida qoniqish his qiladi. Ularni baxtdan ayirish mumkinmas.
Aslida, dunyodagi eng katta boylar ham shu murg‘ak qalb­lardir. Ammo kuni kelib ular ham ulg‘ayadi. Katta bo‘ladi-yu, bir norasidani o‘z mehridan judo qiladi, go‘daklarning manglayi­ga qurol tirab lazzat oladi, ularni o‘z onasining jasadi ustida ko‘z yoshi to‘kishga majbur qiladi… Hech bo‘lmaganda kulib turib, bir-biri­ning ko‘nglini ayamay jarohatlaydi. Shu katta bo‘lish deganimi? Shu katta bo‘lish degani bo‘lsa, agar ulg‘ayish deb shuni aytishsa, men katta bo‘lishni xohlamayman, hech qachon… Katta bo‘lganimni, o‘zimni bolalardek tutishni bas qilishimni talab qilishadi. Nima uchun katta bo‘lish kerak ekan, kimnidir ranjitish uchunmi, shundan rohat olish uchunmi, rohat olib gunohga botish uchunmi, gunohga botib qiyomat kuni ko‘z yosh to‘kish uchunmi? Mana, mana, bular­ning hech birini qilmasdan turib ham yig‘layapman, to‘xtamay yig‘layapman. Meni ovutolmaysiz. Meni ovutadiganim osmon-u falaklarda!
Men nimalar deyapman o‘zimcha? Axir, bularni yozishdan maqsadim, o‘z ayblarimni, xatolarimni kulguga olib, hajv qilmoqchi edim. Lekin adashib ketdim. O‘zingiz meni yig‘latasiz-da, nima uchun kulishimni talab qilasiz?
Mening dengizim bor. Ka-atta dengiz. Mavjlani-ib turadi. Har mavjlanganida ko‘zimdan to‘lqinlari yosh bo‘lib sizib chiqaveradi, chiqaveradi. Bu dengizning atrof­lari tabassum bilan o‘ralgan. Men o‘sha tabassumni ko‘rsatish uchun bularni yozdim aslida. Uddaladimmi, bilmadim.
Faqat, bu yozganing hajv bo‘l­mabdi, demang.
Bo‘lmasa…
Bo‘lmasa-chi…
Bo‘lmasa, YIG‘LAY­MA-­­A-AN!

Oymomo Oybek qizi