«Yoshlar shaxmat taxtasi»: Eng munosiblar Buloqboshida tanlandi

Mamlakatimizda shaxmat sportini yanada kengroq targ‘ib qilish va ommaviylashtirish, havaskorlar va yosh shaxmatchilarning sport malakalarini oshirish, o‘quvchilarni o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida “Yoshlar” shaxmat taxtasi” respublika ochiq turniri o’tkazilmoqda.

Ayni vaqtda, tuman-shaharlarda musobaqaning 3-bosqichlari o’tkazilmoqda.

Bugun Buloqboshi tumanidagi 31-umumta’lim maktabida musobaqaning ta’lim muassasalararo bosqichida g’oliblikni qo’lga kiritgan yuzlab o’g’il-qizlar ishtirok etdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Yoshlar ittifoqining tuman Kengashi raisi, viloyat Kengashi raisi o’rinbosari N.Sotvoldiyeva hamda bo’lim mudirlari ishtirok etib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Ishtirokchilar birin-ketin o’yinni boshladilar. Puhta tayyorgarlik ko’rgan yosh shaxmatchilar raqiblarini osonlik bilan mot etdi.

Qizg’in o’tgan musobaqada 36 nafar ishtirokchilar g’olib deb topilib, diplom va sovg’alar bilan taqdirlandilar.

Eslatib o’tamiz, musobaqa 6 ta yosh toifasida (8 yoshgacha, 10 yoshgacha, 12 yoshgacha, 14 yoshgacha, 16 yoshgacha va 19 yoshgacha) o‘quvchi (o‘g‘il va qiz)lar o‘rtasida o‘tkazilmoqda.

Avazbek ARABBOYEV