Ba’zan (yig‘iq hikoya)

Ba’zan kichik shaharlarda ham katta voqealar sodir bo‘lib turadi.
Markaziy shoh ko‘chalardan biri. Shaharni qoq ikkiga bo‘lib anhor oqmoqda, avvalgiday emas-u, har qalay o‘ziga yarasha haybati bor.
Ko‘cha gavjum. Tush vaqti, kun issiq. Bir payt tumonat odam g‘ayrioddiy hodisaga guvoh bo‘ldi. Anhor ko‘prigi panjarasiga bir yigit chiqib olib, ust-boshi bilan suvga sakrashga chog‘landi. Kim bilsin, shu qarorga kelguncha boshidan nimalar o‘tgan.
“Yo‘q, yo‘q, bunday qilish kerak emas!” — hayqirdi birov. Kimdir tarashadek qotib qolgan, boshqa birov yordam berishga shaylangan o‘zicha.
Ko‘z ochib yumguncha, yigitning panjaradan uzilgan oyoqlari qaytib panjaraga qo‘ndi. U yo‘lakchaga sakrab tushdi-da, hech narsa bo‘lmagandek ust-boshi va qo‘llarini qoqqancha yo‘liga ravona bo‘ldi.

SHIRIN