Ko‘rinmas zina

Hayot kemasi mehnat langariga suyanmasa, shamolu dovullarga dosh berolmaydi. Har bir odamni hayotiy tajriba shaxs sifatida shakllantirib boradi. Odam mehnati bilan qadr topadi, degan gap bor xalqimizda.

Otam bundan bir necha yil muqad­dam tadbirkorlik bilan shug‘ullanuv­chi bir boy xonadon egasi haqida gapirib bergandi. Aytishicha, o‘sha tadbirkor maktabda o‘qiydigan ikki nafar farzandiga ham umuman pul bermas ekan. Shu sabab, o‘g‘li maktabdan qaytgach, mashina yuvish shoxobchasida ishlar, qizi esa, bir yarim-ikki yoshlar atrofidagi go‘dakka enagalik qilar ekan.
Qo‘sha-qo‘sha mashina va dang‘illama uyga ega insonga bu xilda yashash nahot uyat bo‘lmasa?! Buni eshitgan kishining dilidan shu kabi savol o‘tishi aniq, albatta.
Nazarimda, o‘sha tadbirkorning farzandlariga nisbatan tutgan yo‘li to‘g‘ri. Farzandni mehnatga o‘rgatib, boqimandalik kayfiyatida qoldirmaslik ota-onaning dilbandiga qilgan katta yaxshiligidir. “Yesam arpa nonini mehnat bilan, Shirindir birovlarning oq nonidan”, degan edi Sa’diy Sheroziy.
Biroq hamma ham farzandini mehnatkash qilib tarbiyalamaydi. Bolasining “qiynalib” qolishidan tashvishlanib, ro‘zg‘orning oddiy yumushini ham o‘zi bajaradigan ota-ona­lar ham bor. Ular farzandining bugunini o‘ylaydi-yu kelajagini unutadi.
Abdulla Avloniy: “Bolaning salomatligi va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmoq, yaxshi xulqni o‘rgatmoq, yomon xulqdan saqlab o‘stirmoq va mehnat qilishga undamoq yaxshidir. Tarbiya qiluvchi inson — tabib. Tabib — xastaning kasaliga shifo topsa, tarbiyachi — boladagi yaxshi xulqni, poklikni, mehnatga layoqatni davolaydi”, — degan edi.
Darhaqiqat, inson jismoniy mehnat bilan vujud salomatligini mustahkamlasa, aqliy mehnat bilan ruhiy halovatga erishadi. kishi mehnatsiz komillikka erisha olmaydi.
Mehnatni kelajakka qo‘yilgan poydevor ekanini anglagan yoshlar doim katta yutuqlarga erishgan. shuningdek, yoshlik nafasi g‘animat, imkon qadar o‘ynab-kulish kerak, degan fikr esa, bebaho vaqtni havoga behuda
sovurishdir.
Yutuqlarga sabab bo‘lmish mehnat go‘yo ko‘rinmas zinaga o‘xshaydi. Uni boshqalar payqamaydi. Biroq aynan mana shu pillapoya eng to‘g‘ri yo‘l va kech bo‘lsa-da, ko‘zlangan manzilga olib boradi.
To‘g‘ri, bu anchayin mashaqqatli yo‘l. Insondan sabr-bardosh talab etadi. Irodani toblaydigan bu jarayon esa, bizni hayotga teran nigoh ila qarashga, o‘zgalar mehnatini qadrlashga o‘rgatadi.

Umida SAYLIYEVA