Osmonga qaraymiz

Yosh aka-ukalar talashib-tortishsa, aybdorga tanbeh bermoqchi bo‘lgan ota odatda: “O‘zi birinchi boshladi!” — degan gapni eshitadi. Hammamiz ham: “Men hech nima qilmadim. Aybdor u!” — deb o‘sib-ulg‘aymadikmi? Ha, aybimizni tan olgimiz kelmay, diydamiz qotgani rost.
Masalan, er-xotin ajrashish to‘g‘risida sudga ariza beradi. Sudda ko‘rilayotgan ishning tafsilotini va unga taalluqli haqiqatni aniqlash uchun olib borilayotgan so‘roqda: “Ayb menda”, — degan iqror deyarli eshitilmaydi. Chunki aybni nuqul o‘zgalardan qidirishga odatlan­ganmiz-da. Holbuki, osiy bandamiz, deydi keksalarimiz, beayb — Parvardigor!
Ahmad Yassaviy hikmatlarini diqqat bilan o‘qir ekanmiz, “men aybdor”,“men gunohkor” degan iboralarni takror-takror uchratamiz. Imoni butun insongina o‘zini gunohkor sanab, tavba-tazarruni kanda qilmay, doimo istig‘forga yuz tutar ekan.
Ma’ruf donishmand Mahmud Asad Jo‘shon ulug‘ mutasavvif Xoja Ahmad Yassaviy hikmatlari xususida so‘z yuritib, ulardagi o‘zni yozg‘irishga doir falsafiy mushohadalarni shunday izohlaydi: “Ulug‘lar kashfu karomatlarini izhor etmaydilar, bildirmaydilar. Aybu nuqsonlarini aytadilar, ezgu amallarini yashiradilar. Shu bois ular she’rlarida “Men ojiz”, “Men purxato”, “Gunoh daryosiga to‘lgan osiy mujrimman”, deydilar”.

***
O‘zni gunohkor bilish Imom A’zam (roziyallohu anhu)ga ham xos ekan. Rivoyatlarga ko‘ra, biron murakkab vaziyat yuzaga kelsa, u shogirdlariga: “Bu men qilgan gunohlarim tufaylidir”, — deya Yaratgandan mag‘firat so‘rar ekanlar.

***
Biz esa, gunohlarimizni yashirishga urinamiz. Allohdan emas, bandalardan uyalamiz! Savob ish qilsak, to‘rt tomonga bong uramiz — hammaga bildirmoqchi bo‘lamiz.
Sharq tasavvufida haqiqiy muhabbat — ishqi ilohiy g‘oyasini targ‘ib etgan birinchi mutasavvif ayol Robiya Adaviyaning shunday hikmati bor: “Modomiki, gunohlaringizni yashirishga intilar ekansiz, yaxshiliklaringizni pinhon tutishga ham odatlaning”.

***
Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Futuvvatnomai sultoniy” (“Javonmardlik tariqati”) kitobida yozadi: “Ko‘zni o‘zgalar aybini ko‘rishdan asrash ke­rak, zero, birovlardan ayb izlash eng yomon xislatdir”.
Kaykovusning “Qobusnoma”sida shunday munozara bor:
“Bir insondan: “Aybing bormi?” — deb so‘radilar.
Dedi: “Yo‘q”.
Dedilar: “Boshqalardan nuqson qidirib, ular aybini ko‘rganmisan?
Dedi: “Ko‘p”
Dedilar: “Bilib qo‘y, eng majruh sen o‘zing!”

***
Rivoyatga ko‘ra, Naqshband hazratlariga bir kishi: “Mo‘jiza ko‘rsatsangiz”, — debdi. O‘rnilaridan turib: “Marhamat!”, — dedilar ul zot va xona bo‘ylab yurib, qaytib o‘tiribdilar. “Bu­ning nimasi mo‘jiza?” — dedi boyagi odam hayron bo‘lib. Hazrat debdilar: “Tog‘day og‘ir gunohlar bilan qushday yengil yurganim mo‘jiza emasmi?”.

***
Kuni kecha ikki oilada sodir bo‘lgan “g‘alati sirlar” haqida eshitib, xayolga botdim.
Totuv yashayotgan er-xotinning ikkalasi ham “aybdor”mish, notinch oiladagi er-xotin esa, aksincha, o‘zini mutlaqo beayb hisoblaydi. Qiziq!
— Nega ularning gapi ko‘chaga chiqmaydi-yu, bizda har doim baqir-chaqir? — debdi eriga janjalkash xotin.
Baqiroq erni ham shu savol qiynar ekan. Buning sirini bilish uchun janjalkash xotin sekin qo‘shninikiga o‘tib, poylay boshlabdi. Xonadon sohibasi yuvilgan idishni artib, stol ustiga qo‘yibdi. Shu payt eri o‘tib ketayotib bexosdan uni tushirib yuboribdi.
Mana endi janjal ko‘tariladi, deb o‘ylabdi panaga yashiringan qo‘shni ayol. Lekin unday bo‘lmabdi. Chunki er-xotin bu voqea uchun o‘zlarini ba­ravar aybdor, deb hisoblabdi.

***
Baxtsizlik yuz bersa “Peshonada bor ekan-da”, deb o‘zimizga tasalli bera­miz. Vaholanki, ko‘p hollarda no­xushlik sababchisi — o‘zimiz! Afsuski, bunga iqror bo‘lgimiz kelmaydi. Boshqalarni yomonlaymiz, taqdirdan noliy­miz, noshukrlik qilamiz.
Ba’zilarimiz ozgina qiyinchilikka chidolmay: “Yozug‘im ne edi, Xudoyim?” — deya osmonga qaraymiz. Barcha muammolar yechimi esa, faqat o‘zimizga bog‘liq. Sabrli bo‘laylik, azizlar.

Muhammad SHODIY,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi