Qiyshiq mo‘ridan qiyshiq tutun

2001-yili xizmat safari bilan Shahri­sabzga borganimda mehmonxona­ning yoshi mendan ulug‘ xizmatchi xodimlari — opalarning menga va men tengi yigitlarga “og‘ajon” deb murojaat qilishlari…

2004-yili Buxoroga yo‘lim tushgani, yarim kechasi Xorazmga ketayotgan marshrutkadan tushib qolganim, taksichi bir soatlar menga qo‘shilib mehmonxonalardan bo‘sh joy so‘rab chiqqani, shuncha vaqtingiz ketdi, deb kelishganimizdan ortiqroq pul bermoqchi bo‘lsam, qaytargani, to‘rtinchi mehmonxonaga meni joylashtirib, keyin xo‘shlashib ketgani…
Namanganda, Izboskanda, Romitanda eldoshlarim erinmay, qilayotgan ishini qo‘yib biz so‘ragan manzilni ko‘rsatib berganlari…
1993-yili Urgutning G‘o‘s qishlog‘iga to‘yga borganimizda, ko‘chada duch kelgan qizlar, ayollarning ibo bilan ro‘molini yuziga tortganlaridan hayratlanganlarimiz…
Marg‘ilonda ham deyarli barcha ayol-qizlar­ning ro‘mol o‘rab yurishlaridan to‘lqinlanganim…
2010-yili xizmat safari bilan Surxondaryoga borib, kechqurun Denovdan Termizga qaytayotganda Jarqo‘rg‘onda yashaydigan uka-jo‘ramga telefon qilganimda u uyga keling, deb qo‘ymagani, borolmaganim, ertasiga kechga u men turgan mehmonxonaga bir dasturxon tandirkabob ko‘tarib kirib kelgani (daragimni eshitgandayoq bir qo‘yni dumalatgan ekan otasi)…
Nukusda mezbonlarning suvimiz sizga bo‘lmaydi, deb faqat men uchun mineral suv keltirganlari…
Xorazmga necha bor borgan bo‘lsam ham biron marta mehmonxonada tunamaganim (xorazmlik jo‘ralarim “Biz turganda… uyat bo‘ladi,” deb qo‘ymasliklari)…
Sirdayolik hamkasbimiz necha marta mehmon bo‘lsak, har safar Toshkent viloyati chega­rasigacha kelib, so‘ng xayrlashganlari…
Jizzaxda bir tashkilot qorovuli bilan bir soat adabiyot haqida gurunglashganlarim…
Uchquduqning Qoqpatos qishlog‘ida maktab o‘quvchilarining ko‘zida chuqur havas, ishti­yoqni ko‘rganlarim hech esimdan chiqmasligi…
Farg‘onalik qishloq muallimining klassik ada­biyot talqinlarini gazetada chop etganlari­miz esimga tushib ketdi. Nyu-York, Parij-u Londonlarga borib-kelib yuradigan, biroq aftidan O‘zbekistonimizni hali yaxshi bilmaydigan ism-sharifi o‘zbekcha bir bloger: “o‘zbeklar nyuanslarni yaxshi tushunmaydi”, deb yuborganida bepisandlik bilan…

Husan KARVONLI