Tsh-sh, talaba uxlayapti!

Maktabda o‘qib yurgan kezlarim o‘qituvchim: “Sizlarning yaxshi o‘qib, a’lo baho olishingizning o‘ziyoq vatanga xizmatingiz. Yaxshi o‘qish, yaxshi ishlarda xalqi uchun xizmat qilish — vatanparvarlik”, — deb uqtirardi.

A’lo bahoga o‘qidim, deb maqtana olmayman. Keyinchalik o‘qishni o‘zimcha tushunib, uyda muk tushdim-da, badiiy kitoblar mutolaa qila boshladim: Said Ahmad, Chingiz Aytmatov, O‘tkir Hoshimov, Tog‘ay Murod… Ulardan o‘rganganlarim talaygina. Ayni dam bu haqda gapirmoqchi emasman. Muhimi, hayotga teran boqib, atrofdagi jamiki mavjudotni kuzatib, uqib-o‘rganishim va borini faqat qog‘ozga tushirishim kerakligini angladim.
Universitetga kirganimdan so‘ng, bu yanada kuchaydi. Keling, sizga undan bir shingil aytib beray.
Yangi do‘stlar, o‘qituvchilar, boshqacha o‘qitish tizimi… O‘qishga “start”ni zo‘r boshlab oldik: darsga vaqtida kelish, daftar-ruchka taxt, talashib-tortishib javob berishlar, qadr­don bo‘lish uchun turli yig‘inlar,
teatr-u tadbirlarda faol ishtirok etish… Uch oy o‘tar-o‘tmas esa…
— …Ustoz, kechiring! Boshqa qay­tarilmaydi!
— Bu oltinchi marta kechikib, to‘rtinchi marta uzr so‘rashingiz!
— …Bolam, konspektingiz kamroq-ku!
— Xudo xohlasa, yetvolarman…
Auditoriyada ivir-shivir boshlanadi: amallab gapirib vaqtni cho‘zing­lar, dars oxirlab qoldi, uf-f, qachon tugarkan-a, qornim ochib ketdi, e-ey, yana tadbirmi, bormasak-chi?..
Oxirgi qatorda o‘tiraman. Albatta, o‘qituvchilar nigohidan qochish uchun emas…Bu yerda o‘zimni yaxshi his qilaman, xolos. Kuzataman, barcha o‘z ishi bilan ovora: kimdir uxlaydi, boshqasi musiqa eshitadi, yana biri messenjerda, yana kimdir valaqlashib…
Abituriyent paytim bir qiz bilan, bitta yo‘nalishga hujjat topshirgan­dik. Bilimi yetmadimi yoki omadimi, bilmadim. Xullas, o‘qishga kirolmadi. Yaqinda “super kontrakt”dan umidlanib kelibdi. Ammo narxini eshitgach, noiloj ortga qaytdi. “Rosa o‘qigim kelyapdi, qimmat ekan! Har yili shunaqa — arzimagan ball yetmay qoladi”, — deydi. Etim jimirlab ketdi. Boshimdan o‘tgan. O‘zim ham ikki ball yetmay “yiqilib”, alamimdan “portlab” ketay degandim. O‘qiyotgan jo‘ralarimga havas qilib, yig‘laguday bo‘lardim, hatto…
Bu kabi vaziyatlarni solishtiraman-u, o‘yga tolaman. Qiziq, talaba­lik baxtiga muyassar bo‘lganlar ti­nimsiz bilim olish, o‘z ustida ishlash o‘rniga, nega bunchalik loqayd, hafsalasiz ekan-a?
O‘qituvchi har doim, uni aqalli tala­ba odam eshitayotgan bo‘lsa ham — darsni tushuntiradi. Ota-ona dilbandini birovdan kam qilmay o‘stiradi, barcha sharoitlarni yaratib qo‘yadi. Yurtimiz tinch, istaganimiz muhayyo. Darslarda foydalanish uchun manbalar ham keragidan ziyoda. Ammo bu­ning qadriga yetyapmizmi?
Hadeb bir-birini jerkish, og‘zidan gap chiqmasdanoq — e’tiroz, “intiqib” ko‘rishganda — burun jiyi­rish… Kimga qanday bilmadim-u, bularni ko‘rib o‘qishga emas, uyimga talpinaman. Chunki uyga borsam men bilan so‘rashadigan, dardlarimni eshitib sherik bo‘ladigan, meni hech qachon sotmaydigan, ishlarimga jo‘r bo‘lib, jo‘ra bo‘ladiganlarim bor.
Orif aka kelajakda qanday rahbar bo‘lishim kerakligini, Qoplonbek aka oilaga qanday bosh bo‘lib, qi­yinchiliklar yuzaga kelganda qanday bardosh berish kerakligini, do‘stim Ram Muhammad Tomas esa, haqiqat doim yuzada bo‘lib, chuqurlashish kerakmasligini… umuman, hayotda yuksalishni o‘rgatishyapti.
Ota-onamdan uzoqdaman, ammo bu ham men uchun bir maktab bo‘lyapti. Mayli, ularning hech birini bezovta qilmaylik. Har kim o‘ziga ravo ko‘rgan ishni qilaversin.
Shunday deyman-u, lekin o‘tib ketayotgan umrini behuda sarflayotganlarga achinaman-da.
Eh, mayli, har kim ekkanin o‘rar.
Ha aytgancha, bezovta qilmang, tsh-sh, talaba uxlayapti-ya…

Bunyod ABDULLAYEV