1 savolga 1 javob

— Oxirgi vaqtda turli tashkilotlar o‘rtasida memorandumlar imzolanayotgani haqida ko‘p eshityapmiz. Bu hujjat qanday xarakterga ega, tomonlarga muayyan majburiyatlar yuklaydimi? Umuman olganda, ikki tashkilotning o‘zaro manfaatli hamkorlik olib borishi uchun memorandum imzolash qanchalik muhim?

Doston OQILOV
Toshkent shahri

Savolga Yosh huquqshunoslar kengashi mutaxassisi Nodir JUMAYEV javob beradi:

— “Memorandum” atamasi lotin tilidan kelib chiqqan va “yodda tutish kerak” degan ma’noni anglatadi.
Xalqaro huquqda memorandum yuridik kuchga ega hujjat sifatida tan olingan. Bunday hujjatlar davlatlar o‘rtasida muayyan sohada kelishuv mavjudligini ang­latadi va o‘sha davlat hukumatlarining mazkur sohadagi qarashlarini ifodalash uchun tuziladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda memorandum imzolash amaliyoti nafaqat diplomatiya, balki turli davlat idoralari va jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatida ham kuzatilyapti. Lekin u maj­buriy xarakterga ega emas. Tashkilotlar aniq bir ijtimoiy sohada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotganida o‘z maqsad va vazifalari mushtarakligini belgilab olish maqsadida memorandum imzolaydi.
Shuni ham eslatish kerakki, odatda dunyo tajriba­sida o‘zaro hamkorlik haqida shartnoma qiluvchi tomonlar avval memorandum shaklida maqsad va vazifalarini belgilab olib, keyinchalik hamkorlikni kengroq yo‘lga qo‘yish hamda aniq majburiyatlarni belgilash maqsadida alohida shartnomalar tuzadi.