Balog‘at davri manzaralari

3-saboq

Sevgi yosh tanlamaydi degan gapni ko‘p eshita­miz. Haqiqatan ham shundaymi?

Sevgi-muhabbat — ulug‘ tuy­g‘u. U yurak amri bilan yuzaga chiqadi. Shu sabab uni taqiqlashning iloji yo‘q. Muhabbat shaxs ichki dunyosining erkin ifodasi. Bu tuyg‘uning ulug‘vorligi va murakkabligi shundaki, unda bio­logik, ma’naviy, shaxsiy, ijtimoiy va umumiy holatlar bir nuqtaga to‘planadi. Uning ta’siridagi inson o‘zida go‘zal fe’l-atvorni, xulq­ni gavdalanti­rishga urinadi. O‘z o‘rnida insonning yangi qirralari ochiladi.
Ikki inson o‘rtasidagi muno­sabat mustahkam bo‘lishi uchun o‘zaro ishonch muhim ahamiyatga ega. Balog‘at davrida yoshlar o‘zidan ko‘ra sevgan insoniga ko‘proq ishonadi. Bu hol ko‘pincha qizlarda kuzatiladi. Bunga sabab esa, oiladagi munosabatga bog‘liq.
Avvalo ota-ona farzandida kechayotgan o‘zgarishni tezda payqashi va vaziyatga qarab ish tutishi, bolaning ko‘ngliga yo‘l topishi kerak. Chunki ular do‘st bo‘lsa, o‘smir tuyg‘ularini bemalol ayta oladi, o‘zini yolg‘iz his etmaydi.
Kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, o‘g‘il ham, qiz ham sevib qolsa, birinchi navbatda, onani ogoh­lantirar ekan. Shu sabab ona oila psixologi bo‘lishi kerak. Farzand onasiga ishonib dardini aytganida esa, volidasi imkon qadar masa­lani uning foydasiga hal qilishi lozim.
Ya’ni, o‘g‘il:
— Oyi, men bir qizni sevib qoldim. U juda tarbiyali, chiroyli qiz.
Ona:
— Xo‘sh o‘g‘lim, kimlarning qizi ekan u?
O‘g‘il:
— Qo‘shni mahalladagi usta Olim akaning qizi.
Ona:
— Ha, tanidim, onasi kelin-­
o­yingning xolasi.
O‘g‘il:
— Shunday, oyi.
Ona:
— Ammo o‘g‘lim dadang nima der ekan, kelib-kelib usta bilan quda bo‘lamanmi, deb jahllari chiqmasmikan?
Bola ko‘nglidagi gapni aytdimi, uni ruhiy tushkunlikka tushirmaslik kerak. Avvalo, qiz qaysi oiladan ekanini darrov surishtirmaslik lozim. O‘smir sinchkov bo‘ladi. Ona yuzidagi o‘zgarishlarga qarab javobni ilg‘aydi. “Otangga u oila yoqmaydi” kabi hozirjavoblik bilan ota-bola munosabatlarini buzib qo‘yish mumkin. Agar farzandingiz o‘tkinchi tuyg‘uga aldanayotganini payqasangiz ham sevganining oilasi haqida surishtirmang. Vaziyatni yotig‘i bilan tushuntiring. Farzandingiz ulg‘aygani, sevgidek go‘zal tuyg‘u bilan yuzlashganidan xursandligingiz so‘zingizda ham, yuz-ko‘zingizda ham namo­yon bo‘lsin. Agar unga qat’iy norozi ekaningizni bildirsangiz, o‘smir sizga qasdma-qasd ish tutadi. Shu bois unga oila qurish mas’uliyati, ma’lum yoshgacha bunga hozirlik ko‘rib borish ke­rakligini hamda kelgusida qiynalmasligi uchun o‘qib, kasb egallashi lozimligini tushuntiring. Va albatta: “Taqdir bo‘lsa, shu qizga uylantiraman, ungacha oldingda ko‘p ishlar bor, vaqti kelganda bu masalani yana bir bor o‘ylab ko‘ramiz”, qabilidagi javob bilan o‘smirni yupating. Muhimi, o‘smirni jazolashga urinmang. Bu muammoning yanada chigallashi­shiga olib keladi.

Quyidagi ranglar orqali yaqin insoningizning ichki olamini bilib oling:

(qizil, qora, oq, sariq, bi­nafsharang, yashil, ko‘k).
(Ushbu rangli testning javobi bilan “Psixolog qabulxonasi”ning keyingi sonida tanishasiz).

Feruza TOLIPOVA,
psixolog

(Loyiha muallifi Ma’mura XO‘JAQULOVA)