“Birinchi muallim”ning birinchi muhabbati

Bu olamni muvozanatga solib turgan, insonlarni bir-biriga ipsiz bog‘lovchi vosita ham, o‘ziga ohanrabodek tortuvchi ham mehr tuyg‘usidir. Vaqtlar o‘tadi. Ammo bu tuyg‘u eskirmaydi. Yosh-u qari unga birdek intilib yashayveradi.
Chingiz og‘a, “Birinchi muallim” qissangizni o‘qir ekanman, juda ta’sirlandim. Undagi qahramonlarga tahsin o‘qidim, ba’zida rahmim keldi. Ayrimlariga nisbatan g‘azabni tuydim. Ularning taqdirini o‘zgartirgim keldi. Balki, sizning buyuklik siringiz ham shundadir. Inson sinoatlarini, inson ekanini ochib berib, hayot tilsimlaridan barchani boxabar qilish — ustasining ishi.

Oltinoy — soddagina, murg‘ak, o‘n to‘rt yoshli qiz. Savodi u qadar bo‘lmasa ham, jonbozlik ko‘rsatib, qishloq bolalari uchun kuyinib, qo‘lidan kelgancha bilim berishga harakat qilayotgan ustozi Dyushenni ulug‘ siymo sifatida ko‘radi. Qiz shirinso‘z, bir chimdim mehr gadosi. Hayot daryosida oqib, taqdir yo‘lidan borayotgan, munavvar kunlar uchun kurashayotgan qishloqning oddiy qizi. Qalb sof tuyg‘ularga to‘la. Go‘dak­lik chog‘idan bu sho‘rlik qiz faqat dakki yeb o‘sganidanmi, notanish bir odam: “Es-hushli qiz ekansan”, deya erkala­gani uchun Dyushenni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qoladi. O‘zining butun hayotiga yorug‘lik bag‘ishlovchi nur paydo bo‘lganini his qiladi.
Oltinoy dastlab mehr ilinjida Dyu­shenga talpindi. O‘zining maktabga borishiga umuman ishonchi bo‘lmagan Oltinoy uyma-uy yurgan bu yigitning o‘z hovlisiga ham kirishini juda xohladi. Kelinoyisi uni maktabga jo‘natishidan butunlay umidsiz. Shunchaki, Dyushen uni ko‘rsa, shu uyda yashashini bilsa, bas.
Dyushen atrofdagi ba’zi qishloq odamlarining noo‘rin malomatlariga qaramasdan bolalar o‘qishi uchun astoydil harakat qiladi. Har bir bolaning yoniga kelib, qalam ushlashni o‘rgatib, ularga turli qiziqarli hikoyalarni ishtiyoq bilan aytib, sabr-toqat bilan bilim bera boshladi. O‘zi zo‘rg‘a hijjalab o‘qiydigan bu chalasavod yigitning shunday buyuk ishga bel bog‘laganiga hayron qolasan kishi. Axir uning qo‘lida bironta darslik, hatto oddiy alifbo ham yo‘q. Ota-buvalari, yetti pushti xat-savodsiz bo‘lgan bolalarni o‘qitish oson emas. U qahramonlik ko‘rsatdi-yu, lekin bundan o‘zi bexabar. Ha, bu chin qahramonlik edi. Nega deganda, o‘sha kezlarda ovulidan boshqa joyni ko‘rmagan qirg‘iz bolalari ko‘z o‘ngida misli yangi dunyo paydo bo‘ldi.
Ammo ta’lim qiyin. Birinchi qor tushguncha tepaning etagida shildirab oqib turgan ariqdan qo‘l ushlashib kechib o‘tishdi. So‘ng ariqning suvi oyoq­ni ke­sib yuboradigan darajada sovuq bo‘lib, kichkina bolalarning ko‘zidan tirqirab yosh ham chiqib ketdi. Dyushen bolalarni galma-gal, bittasini yelkasiga olib, ikkinchi­sining qo‘lida ko‘tarib ariqdan o‘tkazardi.
Chingiz og‘a, Dyushen va Oltinoy munosabatini toza zilol suvidek pok va samimiy tasvirlagansiz. Taqdir Oltinoyni og‘ir sinovga duchor etdi. Uning nomusi, g‘ururi toptalsa-da , hayot yana unga imkon berdi.
“Oltinoy, kechir meni, seni kulfatlardan saqlay olmadim, kechir meni. Sen kechirganing bilan, Oltinoy, baribir o‘zimdan domangir bo‘lib yuraman”, degan nadomatida Dyushenning qalbi naqadar pok ekanini his qildim.
Oltinoy uchun ustozi yurgan yo‘llar ham aziz. Agar bu izlar o‘chmaganda bu so‘qmoqdagi har qadamini o‘pishga tayyor. Unga hayot bag‘ishlagan, yangi orzu-umidlar hadya qilgan, yorug‘ dunyoni anglatgan o‘sha kun, o‘sha so‘qmoq, o‘sha yo‘llar xayrli bo‘lsin.
Qiz nihoyatda yosh. Shuning uchun ham u o‘zida uyg‘ongan muhabbat tuyg‘usini vaqtida anglay olmadi. Dyu­shen uning oldida o‘zini aybdor, hi­soblaydi. Unga umuman o‘zga hayotni ravo ko‘rdi. Oltinoyni shaharga o‘qishga jo‘nata turib, poyezd yurib ketar ekan, orqada qolgan Dyushen o‘z yuragiga yashirgan, ammo tug‘yon urayotgan hislarini unga aytishni nihoyatda xohlagandi. Bir martagina “Oltinoy” dedi, xolos.
Chingiz og‘a, siz poyezdni yurishga majbur qildingiz. Biroq ularning birga bo‘la olmagani sababi bu ulovda emas, deb o‘ylayman. Chunki haqiqiy muhabbatni his qilgan inson o‘z sevgani uchun nima kerakligini bilib, uning baxti uchun kurashadi. Qiz Dyushen bilan ekkan te­raklari misol juda yosh nihol edi. Ular birga bo‘lmadi. Ammo ular o‘z yuraklari­ga yashirgan go‘zal tuyg‘ularga doimo sodiq qolishdi.
Chingiz og‘a, siz ularni ayirmadingiz. Men ularni baxtli deb hisoblayman. Chunki ular qalb tug‘yonlarini izhor qilmasalar ham, sof muhabbat nima ekanini his qildi.
Dyushen siymosini yaratishda qanchalik nozik tuyg‘ular bilan yondashganingizga tahsin o‘qiyman. Agar o‘sha oniy lahzalarda taqdir inoyati ila poyezd to‘xtab, bu ikki qalbni birlashtirganda, bu yigitning Oltinoyga izhori, taxminan, mana shunday bo‘lardi:
— Oltinoy, esingdami, biz ekkan te­raklar. Ular naqadar, yosh va umidli. Bilaman, sening qalbingda ham olam-olam orzu-umidlaring bor. Men seni bir marta asray olmadim. Ammo endi sen baxtli bo‘lishing uchun harakat qilaman. Qo‘y, yig‘lama, men haqimda o‘ylama! Menga ishon! Sen, albatta baxtli bo‘lasan, yorug‘ kunlar hali oldinda. Bor, hayot senga tayyorlab qo‘ygan taqdiring tomon ildam qadam tashla!..”

Dinora YUSUPOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti talabasi

Bu suratni hali tamom qilganim yo‘q. Qanday chiqishini hozircha aytish qiyin. Har kuni ilk saharda turib, xomaki etyudlarimni yana ikki-uch marta ko‘zdan kechirarkanman, tong sukunatida u yoq-bu yoqqa asta-asta yurib, o‘yga cho‘maman. Yo‘q, hali ko‘nglimdagini topganimcha yo‘q, yana tag‘in ko‘p ishi bor. Bu surat hali ko‘ngildagi bir tilak, qalbimni hayajonga solgan orzu-umid, xolos…
***
— Sadag‘asi ketay, shu oppoq qizni, — dedi u meni erkalatib, — Qanday dono qizki… Qani endi qo‘limdan kelsa, seni katta shaharga yuborib o‘qitsam. Ulug‘ martabali odam bo‘lib yetisharding-a!
***
Men bo‘lsam vagon zinapoyasidan sakradim, nazarimda jahannamga ag‘anab tushganday bo‘ldim, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay qoldi, aql-hushini yo‘qotgan odamday strelkachining budkasiga — Dyushenning yoniga yugurdim. Orqamdan konduktorning hushtagi eshitildi. Vagonlardan odamlar sakrab tushib, ular ham orqamdan yugurishdi.
Bir nafasda poyezdning u boshiga borib yetdim. Dyushen ham menga qarab chopib kelyapti.
— Muallim, jonim Dyushen! — deb baqirdim-u, o‘zimni uning bag‘riga otdim.
***
Muallimim Dyushenning qissasini yoshlarga yetkazishni o‘z burchim deb bilardim. Mening o‘rnimda har qanday kishi bo‘lganda ham shunday qilardi, bu turgan gap. Lekin, afsuski, ovuldan uzilib qolgandim! Dyushendan ham xabar topolmay, bora-bora uning siymosi xotiramda sokin muzeyxonalarda saqlanadigan aziz yodgorlikday bo‘lib qoldi.