Har biri alohida tarix

O‘zbek milliy cholg‘ulari xuddi mumtoz musiqamiz kabi qadim ildizlarga ega. Ba’zilari haqida bugungi yoshlar deyarli hech qanday tasavvurga ega emas.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabi direktori, Xalq ta’limi a’lochisi Davron Nurmurodov yordamida mana shu xatolikni tuzatishga harakat qildik. Marhamat, quyidagi ma’lumotlar siz uchun.

SIBIZG‘A yoki sibiziq — puflab chalinadigan o‘zbek milliy musiqa asbobi. Qamishdan yasaladi. Uchidan sal pastroqda teb­ranuvchi, chanqovuzning tovushiga o‘xshash ohang hosil qiladigan tilchasi, undan quyida kuy yaratadigan uchta teshikchasi bor.
Bu cholg‘u asosan dostonlar hamda Xorazm milliy kuylari ijrosida keng qo‘llangan. Qadim o‘tmishda esa, bahodirlar, ovchi va askarlar orasida sibizg‘ani chala olish majburiy bo‘lgan. Yana bir qiziq ma’lumot: jirov (baxshi)larning ovozini “tillo tovush” darajasiga yetkazib, “xiyya-xiyya” tarzida qo‘shiq aytish odati sibiziq va chanqovuzning qo‘shma tovushiga taqlid qilishidan paydo bo‘lgan.
Sibizg‘aga o‘xshash musiqa asbobi boshqa xalqlarda ham mavjud. Xususan, turkmanlarda — gardi yoki tyuyduq; mo‘g‘ul va qirg‘izlarda — choor; venger va bolgarlarda — kaval; tatar hamda boshqirdlarda — quray; oltoyliklarda — shoor, deb ataladi.

QO‘BIZ (qil, qo‘biz, qobuz) — mayin nola taratuvchi torli-kamonli musiqa asbobi. Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Darvishali Changiyning asarlarida qo‘biz turkiy xalqlarning eng sevimli torli-tirnama cholg‘usi sifatida qayd qi­lingan. Vaqt o‘tgan sayin u mukammallashib, do‘mbira, keyinchalik dutor shaklini olgan.
Ko‘hna turkiy epos — “Kitobi dadam Qo‘rqut” asari bosh qahramoni Qo‘rqut shomon va davolovchi baxshigina emas, balki qo‘bizni ixtiro qilgan jirov sifatida ham talqin qilinadi.
Belgiyalik sayyoh Vilgelm de Rubruk 1253-1255-yillarda fransuz qiroli Lyudovik IX tomonidan Markaziy Osiyoga elchi qilib yuborilganida turkiy xalqlarda gitaraga o‘xshash qo‘biz asbobi borligi haqida ma’lumot bergandi.

CHANQOVUZ yoki changqo‘biz — bir maromdagi tebranishlar natijasida tovush hosil qiladigan, tilchali o‘zbek milliy cholg‘usi. Uning yaratilish tarixi so‘nggi neolit davriga borib taqaladi.
“Alpomish” dostonida aytilishicha, chan­qovuz dastlab suyakdan, so‘ngra yog‘och, qamish, g‘arov (o‘simlik) va metalldan yasalgan. Temirlisi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand­ viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng tarqalgan.
Ushbu musiqa asbobidan yakkaxon ijro yoki ansambl tarkibida asosan ayollar foydalanadi. Chanqovuz tish bilan bosilib, tilchasi ko‘rsatgich barmoq yordamida tirnab chalinadi. Ovozining kuchi lablar holatiga, og‘iz bo‘shlig‘ining ochilganlik darajasi, shuningdek, cholg‘u tilchasining uzun va qalinligiga bog‘liq.

DANG‘ARA — hozirgi doiraning dastlabki turi. Ajab emaski, dang‘ara atamasi ham yillar davomida o‘zgarishga yuz tutib, doira nomini olgan bo‘lsa.
Ushbu asbob doira singari gardishiga ho‘kiz terisi tortilib, shildiroqli metall uzuklar qadab chiqilgan, o‘rtacha kattalikdagi yog‘och aylana shaklida bo‘lgan. Uni asosan davolovchi baxshilar ishlatgan. Dang‘araga qattiq zarb berish orqali bemorning ruhini zaiflashtirgan ins-jinslar haydalgan.

Orif XOLIQULOV tayyorladi.