Ota-ona va ustoz — qo‘sh qanot

Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi yoki zaif bo‘lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e’tibordan qolib, o‘zgalarga tobe va qul, asir bo‘lishi ularning o‘z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog‘liq.

Abdurauf Fitrat

XXI asr axborot, fan va texnologiyalar asri bo‘lib tarixga kirdi. Bugun dunyo bo‘ylab axborot almashinuvi tezligi, qolaversa, internet va raqamli uskunalarga bo‘lgan ehtiyoj kundan-kunga ortayotgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi.

Taraqqiyotning bunday pallasida mustaqil fikriga ega, dunyoqarashi keng, siyo­siy va huquqiy ongi to‘liq shakllangan, vatanga muhabbat, oilaga sadoqat, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalangan yuksak ma’naviyatli hamda yuqori intellektual salohiyatli kadrlarni tayyorlash dolzarb masala hisoblanadi.
Shu o‘rinda bahsli savol tug‘iladi: bolaning barkamol bo‘lib yetishishi uchun kim ko‘proq mas’ul, ota-onami yoki maktab? Bu borada har xil fikr bildirish mumkin. Men o‘z nuqtayi nazarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Yuqorida ta’kidlanganidek, taraqqiyotning yangi bosqichida yashayotgan ekanmiz, yuqori malaka va mukammal bilim sohibi bo‘lish istalgan sohada salmoqli yutuqlarga erishib, islohotlar tadrijiga bevosita ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi.
11-sinflarga dars o‘taman. Ko‘pdan beri bir o‘quvchi e’tiborimni tortib kelayotgandi. U mavzuni daftariga yozishga ulgurmay, nuqul partadoshidan ko‘chiradi. Oxiri, shu bolaning daftarini tekshirdim va dahshatga tushdim. Yozuvi nihoyatda xunuk ekani yetmaganidek, imlo xatolari ham g‘ij-g‘ij. Xuddi yosh bolaning xatiga o‘xshaydi.
O‘quvchining o‘ziga bildirmay, avval birinchi muallimi, keyin hozirgi sinf rahbari bilan gaplashdim. Ikkisi ham bolaning tarbiyasi haminqadarligi, darslarni ko‘p qoldirishi, fanlarni yaxshi o‘zlashtira olmasligi, ota-onasi maktabga chaqirtirilsa ham kelmasligidan nolidi.
Yigitning keyingi taqdirini o‘ylagan holda, sinf rahbari va maktab psixologi bilan birgalikda uyiga bordik. Onasidan farzandiga e’tiborliroq bo‘lishni, darslarini nazorat qilishni, maktabga o‘z vaqtida jo‘natishni so‘ragan edim, ayol birdaniga hamma aybni o‘qituvchilarga to‘nkab ketdi. Bu barchamiz uchun kutilmagan holat edi, albatta.
Endi mulohaza qilib ko‘raylik. Balki, cho‘rtkesar ona aytganidek, bola bilimga intilmasligi, darslarni muntazam qoldiri­shida pedagoglarning ham aybi bordir. Har holda, muallim deganlari o‘quvchini faniga qiziqtirib, ko‘ngliga yo‘l topa olishi kerak. Lekin qars ikki qo‘ldan chiqadi-ku.
Farzand tarbiyasida oilaning o‘rni baribir bo‘lakcha. Modomiki, ota-ona bolasi maktabda nimalarni o‘rganib kelgani, uyga vazifalarni qanday bajargani, qaysi fanlarni o‘zlashtirishda qiynalayotgani bilan qiziqmas ekan, unda bunday loqayd­ligi uchun birovni emas, avvalo, o‘zini koyishi darkor. Bola besh-olti soatgina vaqtini maktabda o‘tkazadi. Qolgan payt ota-onasi bag‘rida bo‘ladi. Demak, tarbiya uchun mas’uliyatni har ikki tomon: oila ham, maktab ham birday his qilishi, bu masalaga jiddiy yondashishi kerak. O‘ylashimcha, shundagina kutilgan natijaga erishamiz.
Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganidek, niholga ildizidan namlik kelib turmas ekan, tepadan suv quyib turganimiz befoyda. Demak, bugungi kundagi dolzarb masalalar yechimida faqat hamjihatlik yordam bera oladi. Yoshlar tarbiyasida ham shunday. Ustoz-murabbiylar va ota-onalar ta’lim-tarbiyaning qo‘sh qanoti ekanini anglasa, bir-biridan ayrilmasa, fanzandlarimiz, albatta, barkamol bo‘lib voyaga yetajak.

Abror HAYITBOYEV,
Zomin tumanidagi 6-umumta’lim

maktabining yoshlar yetakchisi