Polvon yig‘lagan tun

Shunday nomlangan qissalar to‘plami nasr va nazmda birday barakali ijod qiladigan Abdulla Ayizovning kitobxonlarga atalgan navbatdagi tuhfasi bo‘ldi. Adib ko‘nglida kechgan, boshidan o‘tkazgan voqealarni yodga olgan ko‘yi sizni hayratlantiradi. Asarni o‘qib, qadriyat, or-nomus tushunchalarining mohiyatini chuqur anglaysiz, kishi.

Muallif o‘quvchini or-nomus uchun moldan ham, jondan ham kechadigan polvonlar davrasiga olib kiradi. O‘zbek hamisha oriyatini ustun qo‘ygan. Dunyoni hayratga solgan, titratgan. Hozir ham shunday. Er yigitlarimiz-u gul qizlarimiz o‘ziga qaratilgan har bir gapni jiddiy qabul qiladi.
Asar qahramoni Gulasal lafzsizlik qurboniga aylandi. Orqavorotdan: “Gulasalga uylanmayman, sevganim bor”, deb aytilgan gap tufayli pokiza va beg‘ubor qizning biron aybi bo‘lmasa-da, odamlar oldida yuzi shuvut bo‘lib qoladi. Yigitning otasi ham: “Elda gap-so‘z bo‘lgan qizni kelin qilmayman”, — deydi.
Abdulla Ayizov mana shunday mish-mishlar insonni bebaxt qilib qo‘yishi mumkinli­gini Sardorning chigal taqdiri orqali ko‘rsatib bergan.
Alpkelbat, g‘ururi baland polvonni bir umr “nikohsiz tug‘ilgan bola” degan tahqir ta’qib qiladi. Otam deb yurgan inson emas, balki butunlay boshqa, onasining uzoq o‘tmishida qolib ketgan Jabbor uning otasi ekani haqidagi o‘rinsiz sha’malardan bezib ketadi. Ko‘kragi yer iskamay yurgan polvonning ruhini shu taxlit sindirishga urinishadi. Adib qabul qilingan har bir qaror, qo‘yilgan har bir qa­dam inson taqdirida o‘chmas iz qoldirishini asar qahramonlarining iztiroblari, quvonchlari, sujetdagi kutilmagan voqealar asnosida ochib bergan.
Insonmiz, qalbimiz sevgiga tashna. Adabiyotimizda chin muhabbat haqida kam yozilayotganday. Ammo “Polvon yig‘lagan tun”da ana shu tuyg‘u oddiy va samimiy ifodalab berilgani uchun ham asar o‘quvchining e’tiborini o‘ziga tortadi.
Jabbor va Gulasalning qalb­lari sevgi rishtasi bilan bir-biriga bog‘landi. Ba’zan ota-onalar farzandiga nisbatan juda talabchan bo‘ladi. Oshiqlar mana shunday fe’lning qurboniga aylandi. Hayoti chilparchin bo‘lgan Gulasalning yarasiga malham qo‘ygan Jabbor qiyofasida ham odamiylik, ham jasorat gavdalanadi. Qiyin ahvolda qolgan ikki yosh qochqinlikni so‘nggi chora deb bildi.
Afsus, Jabborning umri qisqa ekan, Gulasal yana yolg‘iz qoladi. Qismat kimga shafqat qilibdi, deysiz!
El og‘ziga elak tutib bo‘larmidi. Yillar o‘tib Jabbordan tug‘ilgan farzand — Sardorga qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadiganlar topildi. O‘tmishdagi qora dog‘lar tufayli mashhur polvonning el-ulus oldida boshi egildi. Ammo Sardor­ning ota-onasi unga xiyonat qilmagandi. Ular bir-birini chindan sevgani sabab shu yo‘lni tanlagan. Kech bo‘lsa-da, haqiqat qaror topdi. Sardor ota-onasini tushundi, yigitning qalbida nafrat o‘rnini mehr egalladi…
Aziz kitobxon, “Polvon yig‘lagan tun” nomli qissa sizga ham manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.

Gulandom UMAROVA