QODIRIY QURGAN DUNYO

“Qaysi millat ravnaq-u taraqqiyotni istasa, tarixini bilishi lozim. Zero, tarix bir ko‘zguga o‘xshaydi, har bir qavm o‘zining ahvoli va ijtimoiy hayot qoidalarini unda ko‘rib, yaxshini yomondan farq qiladigan bo‘ladi”, — degan edi Abdurauf Fitrat.
Barchamizga ayonki, buyuk tariximizni to‘sgan qora pardalar olib tashlandi. Millatimizning suyukli farzandlarini dushman deb ko‘rsatishga uringanlarning nomlari “qora”ligicha qoldi. Elparvarlarimizning esa, hamisha yuzlari yorug‘! Ana shunday insonlardan biri Abdulla Qodiriydir.
“Men haqiqat yo‘lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman, agar otmoqchi bo‘lsalar ko‘kragimni ke­rib turaman” — degan so‘zlari adibning shaxsiyatiga asl bahoni beradi. Haq so‘zni gapirgan, so‘nggi nafasigacha millatim deya yashagan Qodiriyning hayot yo‘lini o‘rga­nish bizni saodat sari yetaklaydi. Uning tani tuproqqa erta ketgan bo‘lsa-da, yaratgan ijod dunyosi orqali kitobxonlar qalbida yashayveradi. Quyida ulug‘ adib haqidagi sami­miy fikrlarni siz, aziz gazetxonlar bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.

***
O‘zbek onasi yaqin o‘rtada ikkinchi Abdulla Qodiriyni tug‘masa kerak.

Cho‘lpon

***
Abdulla Qodiriy yuksak irodali, sohibi qalb inson, ulug‘ yozuvchi edi. Jahon adabiyotida uslub jihatidan farq qiladigan beshta romanchilik maktabi sayqallanib ko‘zga tashlanib turadi. Ular ingliz, fransuz, nemis, rus, hind romanchilik maktablaridir. Endilikda oltinchi romanchilik maktabi yaratildi. Bu maktabni yaratgan Abdulla Qodiriydir.

Ye. E. Bertels

***
Abdulla Qodiriy ijodi va siymosi o‘zbek adabiyoti tarixidagi eng yuksak va viqorli qoyalardan biridir.

Abdulla ORIPOV

***
Abdulla Qodiriy jahon bilgich, jahon kamtar, xushsuhbat va bor-yo‘g‘i butun sajiyasi siymosidan ayon, bir gaplik, o‘ziga o‘ta ishongan, zabardast qalamkash edi.

MIRTEMIR

***
Abdulla Qodiriy xalqimiz ichra maqbul va mashhur bo‘lgan yozuvchilardandir. U qalami o‘tkir, ilm-ma’rifatga o‘ch, sohibi ilmlarni nihoyat ehtirom etuvchi shaxs erdi. Qanchalik shuhrat qozongan bo‘lmasin, zinhor kibrga berilmagan, g‘oyat kamtar, ishchimi, dehqonmi, mardikormi, ziyolimi, mansabdormi – hammaga barobar qarovchi inson edi.

Ziyouddinxon BOBOXON

***
Dunyoda Abdulla Qodiriydek baxtiqaro yozuvchi kam bo‘ladi. Mustabid sho‘ro jallodlari uni qatag‘on qildilar, ming bora jabr ko‘rsatdilar, oxi­ri o‘ldirib qutildilar. Dunyoda Abdulla Qodiriydek baxtiyor yozuvchi ham kamdan-kam bo‘ladi. Har qanday qatag‘onlarga, qamoqqa tiqilish va surgun bo‘lish xavfiga qaramay, kitobxonlar “O‘tkan kunlar”ni o‘qiyverdilar, o‘qiyverdilar, o‘qiyverdilar! Bu yuz minglab oddiy insonlar, oddiy o‘quv­chilarning zo‘ravonlik tuzumiga qarshi o‘ziga xos isyoni edi!

O‘tkir HOSHIMOV

***
Ba’zan-ba’zan: Qodiriy jadidmi, sotsialistmi, demokratmi? – deb so‘rab qolishadi yangi nasllarning vakillari. Bularning eng afzali, deb javob beraman.
Qodiriy — Qahramon! — deyman.
Qodiriy — Mahatma!

Ibrohim G‘AFUROV

***
Qodiriy qisqagina umrini o‘zbek xalqi milliy qadriyatlarini to‘liq ravishda keyingi avlodga — bizga bebaho meros qilib qoldirishga bag‘ishladi.

Omonulla MADAYEV

***
Abdulla Qodiriy iste’dodi – noyob. U jiddiy realistik tasvirdan sururli dialoglarga, jiddiy suhbatlardan yumoristik ko‘rinishlarga bemalol o‘ta oladi. Bu tovlanishlar ulkan iste’dodning kamyob fazilatlaridandir.

Usmon AZIM

***
Abdulla Qodiriy inson sharafining gultoji bo‘lmish andisha, or-nomus, uyat kabi muqaddas tuyg‘ularning odamzod qalbidan abadiy maskan topishini orzu qilgan, butun ijodi, butun umri bilan shu maqsad sari chorlab o‘tgan ulug‘ san’atkor edi.

Xayriddin SULTONOV

***
Ishonch bilan aytish kerakki, Abdulla Qodiriy qorong‘u vodiyda qolgan xalqimizga yorug‘lik yo‘lini ko‘rsata oldi.

Jo‘ra qori BO‘TAKO‘Z

***
Sevimli adibimiz Abdulla Qodiriyning badiiy va publitsistik asarlari xalqimiz ma’naviyatini, basiratini, donishmandligini, hayotga falsafiy qarashini, do‘stga qadrshunos, dushmanga mehrpardoz ekanligini tom ma’noda aks ettiruvchi so‘z ma’danidan yasalgan ko‘zgudir.

Sirojiddin AHMAD

Ro‘ziqul OCHILOV tayyorladi.