Qush uyasida ko‘rganini qiladi, talaba esa…

Yumor boshqa san’atlar qatori inson ichki olamini poklaydi, hayotga bo‘lgan qarashlarini yorqinlashtiradi. O‘zbek qiziqchilik san’atining darg‘alari — Yusufjon qiziq Shakarjonov, Muhiddin Darveshov, Xojiboy Tojiboyev kabi san’atkorlar sahnaga chiqishi bilan tomoshabinlar yuziga darhol yengil tabassum yugurgan. Bu ularning iqtidori va mahoratiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat namunasi edi.

Bugun turli yumoristik guruhlar o‘ylab topayotgan “ilmoqli” gaplar yoshlarning tiliga ko‘chmoqda. Afsuski, ular ko‘rsatayotgan tomoshalarda milliy madaniyatimiz ustidan kulish, sharqona qadriyatlarni behurmat qilish holatlariga ham duch kelyapmiz.
Yaqinda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Tornado” jamoasi tomonidan taqdim etilgan “Yangisidan ulashamiz” nomli konsert dasturini tomosha qilib, rostmana hayratlandim. Ijodkorlar garchand oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan bo‘lsa-da, lekin o‘qib uqmagani shundoqqina ko‘rinib turardi.
Dastur pantomima raqsidan boshlandi. Unda G‘arbga taqlid kuchli. Asosiy qismga esa, jamoa qo‘shtirnoq ichidagi gaplar bilan o‘tdi. Adabiy til me’yorlari necha marta buzilganini sanab, sanoqdan adashdim. “Tornado”chilar oxirigacha shevada so‘zlashdi. Sahnada “mana bu” iborasi “mashi”, “kelmoqda” “kevotti”, “sen”ni “san”, “bilamiz” so‘zi “bilavuz”, deb talaffuz qilingani juda xunuk eshitildi.
O‘zbek xalqi uchun oila muqaddas tushuncha. Bizda bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratiladi. “Tornado” jamoasi “Chaqaloqlar tili” nomli dasturining ikkinchi qismida pornografik elementlarga shunchalik berilib ketdiki, hatto ba’zi tomoshabinlar zalni tark eta boshladi. Chaqaloqlar tilidan deport va abort so‘zlarini aytish mantiqqa qanchalik zid bo‘lsa, hali dunyoga kelmagan go‘dak­ning onasiga yo‘llagan “maktub”ida: “Kechqurun uxlashimga dadam xalaqit bermasin!”— deyishi shunchalik beodoblik sanaladi.
Mamlakatimizda ayollar e’zozda. Ayol sha’ni millatning nomusi bilan barobar. Lekin “Tornado”chilarning bu xususda fikri boshqachaga o‘xshaydi. Yo‘qsa, “Hozirgi qizlar tug‘ilishi bilan yurib ketadi”, “Har kimning ham yaxshi otni mingisi keladi”, “Shunday kiyinmasangiz qaramasdim”, degan beandisha gaplarni aytib, o‘z onalari, opa-yu singillarining boshini egib qo‘yarmidi.
Jaloliddin Rumiy “Ichindagi ichindadir” asarida ma’naviyatli odamga shunday ta’rif bergan: “Ruh va jismning bir butunligi ma’naviyatning yaqqol misolidir. Ichimizdagi MEN sirtimizdan farq qilmasligiga erishishimiz lozim”.
O‘zbekning do‘ppisi-yu sunnat to‘yini kalaka qilib, milliy qadriyatlar ustidan kulgan yoshlarni qanday qilib san’atkor, deyish mumkin, axir?!
Harqalay, bu “san’atkor”lar haqiqiy san’atkorlarni ham e’tibordan chetda qoldirmadi. O‘zbek xalq hikmatlari va maqollarini ularning tiliga shunday mos­lashtirdiki, yoqa ushlab qolasan, kishi. Qarang, “Toshkanni tarig‘ini yegan chumchuq Makkadan ham qaytadi”, deb O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevni “nishon”ga olishibdi-ya. “Tanovar”­ni yengiltak raqqosalar qo‘shig‘i sifatida olib chiqqani-ku, hammasidan oshib tushdi. Beandishalik ham evi bilan-da!
Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlari rost. Bola san’atkorlarning harakatiga taqlid qilishi aniq. “Ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashilayotgan bir paytda bu dardibalo o‘zimizdan chiqib tursa, odamga og‘ir botar ekan.
Talabalar tayyorlayotgan dastur va shoularga ta’lim muassasasi mutasaddilari jiddiyroq e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Sarvinoz SAKSONOVA