Tila tilagingni!

Mark TVEN

I bob

Hayoti boshlanishi bilan uning yoniga katta savat ko‘targan saxovatpesha keldi va shunday dedi:
— Mana, sovg‘alaringiz. Bitta­sini olishingiz mumkin. Ammo ehtiyot bo‘ling, aql bilan ish tuting, chunki tanlovingiz kelgusi hayotingizni belgilab beradi!..
Savatdagi sovg‘alar beshta edi: zavq, sevgi, shuhrat, boylik va o‘lim.
U hech ikkilanmay zavqni tanladi. So‘ngra dunyoni kezib, yoshlik­ning hadsiz zavq-shavqlarini totib ko‘rdi. Lekin hamma shodlig-u quvonchlarining umri qisqa bo‘lib, umidsizlik bilan yakunlanar, foydasiz va o‘tkinchi edi. Ko‘rganlar uni mazax qilardi. Uning so‘nggi so‘zi shunday bo‘ldi: “Men o‘tgan yillarni behuda sarfladim, agar yana qayta tanlash imkonim bo‘lsa, oqilona yo‘l tutar edim…”.

II bob

Saxovatpesha yana paydo bo‘ldi va so‘z qotdi:
— To‘rtta sovg‘a qoldi. Mayli, yana tanlang, lekin esda tuting, vaqt to‘xtovsiz o‘tib bormoqda, qimmatli sovg‘a sizni kutmoqda.
U uzoq o‘ylanib, sevgini tanladi. Saxovatpesha esa, qarog‘idagi miltillagan yoshini yashirgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
U sevdi, turmush qurdi, ammo ko‘p o‘tmay, yaqinlaridan ajrala boshladi. Mana, hozir ham qabr boshida o‘zi bilan o‘zi gaplashib o‘tiribdi: “Yaqinlarim meni birin-ketin tark etdi, judolik hayotimni vayron qildi. Xaroblik yuragimga chuqur botib bormoqda.
Taqdir beshafqat ekan, meni hij­ronlarga yo‘liqtirdi. Cheksiz qay­g‘udaman, noto‘g‘ri tanlovim uchun o‘zimni bir umr qarg‘ab o‘taman”.

III bob

— Yana tanlang, — dedi dabdurustdan paydo bo‘lgan saxovatpesha. — Bilishimcha, o‘tgan yillardan saboq chiqardingiz. Albatta, shunday bo‘lishi aniq edi. Uchta sovg‘a qoldi. Ularning ichida eng qimmatlisi bor — buni esdan chi­qarmang!
U ko‘pdan beri orzu qilgan shuhratni tanladi. Saxovatpesha zum o‘tmay, yana ko‘zdan yo‘qoldi.
Yillar o‘tib, saxovatpesha qaytib keldi va uning so‘zlarini tingladi.
— Butun dunyo nomimni tilga oladi, hamma meni taniydi va e’zoz­laydi. Bu lahzalik baxt avvaliga juda totli tuyuldi. So‘ng esa, ta’mi borgan sayin taxirlashdi. Illatlar bir-birini quvib kela boshladi: hasad, bo‘hton, yolg‘on, chidab bo‘lmas darajadagi sharmandalik, nafrat… Bularning bari shon-shuhratimni poymol etib yubordi. Achinarlisi, qo‘limdan hech narsa kelmadi, qismatning shafqatsizligi oldida ojiz qoldim.

IV bob

Saxovatpeshaning ovozi to‘rtinchi marta yangradi:
— Yana tanlang! Ikkita sovg‘angiz qoldi. Umidsizlikka tushmang, siz uchun eng qimmatbaho sovg‘a hali ham shu yerda.
— Boylik — eng qudratli kuch! — dedi u. — Ana endi davron surib yashasam bo‘ladi. Boshqa sarosimaga tushmayman, istalgan sirni mol-davlatim yordamida fosh etaman, dunyo boyliklari yolg‘iz o‘zimniki; barcha quvonch­li damlarni, ruhning istagi-yu inson tanasi sevadigan jamiki narsa-buyumlarni sotib olaman. Men! Men! Men!..
Eh, attang, dunyoning bir chaqalik bozorini aylanaman, deb qancha vaqtimni yo‘qotdim-a! Nega boylikni tanladim o‘zi?! Axir, bunday bo‘lishini bilmagandim-ku…
Oradan vaqt o‘tib, saxovatpesha qaytib keldi. U endi umrini yashab bo‘lgandi. Saxovatpeshani ko‘rgach, birdan quvonib, tilga kirdi. Oqargan sochlari, ajin bosgan yuzi, xushsurat odamdan qolgan qoq suyaklar aslida undan ham avval tilga kirib bo‘lgandi: “Butun dunyo boyliklarini la’natlang, oltin-u javohirlarni la’natlang! Siz doim yolg‘on gapirdingiz, aslida tanlaganlarim mening haqim emasdi, o‘sha sovg‘alar mendan o‘z haqini oldi. Zavq, sevgi, shuhrat va boylik. Ular umrimizning o‘tkinchi maskanlaridir. Og‘riq, azob, sharmandalik va qashshoqlik — bular­ning hammasi qimmatli sovg‘alar, biroq men eng foydasiz va keraksiz, deb bilgan bir sovg‘a bor edi.
Tanamni o‘zga dunyoga quvg‘in qiladigan, aqlni kemirayotgan sharmandaliklar, qalbni o‘rtayotgan azoblar, ko‘zimizni ochadigan va mangu uyquga olib boradigan juda qadrli, shirin va ajoyib bir sovg‘a!
Men biroz charchadim, endi dam olay…

V bob

Saxovatpesha o‘sha beshta sov­g‘ani unga qayta taqdim etdi, ammo endi u nimani tanlashni yaxshi bilardi…

Ingliz tilidan
Rahmat BOBOJON tarjimasi.