1 savolga 1 javob

— Nogiron farzandi bor onalarga ijtimoiy nafaqa qanday to‘lanadi?

Salima VOHIDOVA
Samarqand tumani

Savolga huquqshunos Javohir SHAMSUDDINOV javob beradi:

— Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-martdagi 229-sonli qarori bilan pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan hamda bolalikdan nogiron farzandi bor onalarga ijtimoiy nafaqa to‘lash tartibi belgilandi. Shunga muvofiq, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga nafaqa ular 55 yoshga yetganida tayinlanadi. Uning miqdori pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarning nafaqasi miqdorida belgilanadi.
Nafaqa olish uchun yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berish zarur. Arizaga bolalikdan nogiron farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, shuningdek, tibbiy-maslahat komissiyasi (TMK)ning farzand bolalikdan nogiron ekanini tasdiqlovchi tibbiy xulosasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) taqdim etgan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning tegishli qismi ilova qilinishi kerak.