HADISLAR

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman”, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi bo‘lsa, “Men ro‘zador odamman”, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay”, dedilar.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

* * *
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ramazon ro‘zasini imon keltirgan va savob umid qilgan holda tutsa hamda kechalari qoim bo‘lsa, uning oldin o‘tgan gunohlari kechiriladi”.
Buxoriy va Muslim rivoyati.

* * *
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qi­lishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilishiga Allohning ehtiyoji yo‘q”, dedilar.
Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

* * *
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kimki Qadr kechasida imon-e’tiqod, qanoat va ishonch bilan tursa, oldingi gunohlari kechiriladi, kimki Ramazon ro‘zasini imon-e’tiqod va ishonch bilan tutsa, oldingi qilgan gunohlari kechiriladi”.
Buxoriy rivoyati.