Og‘riq tish

Gabriel Garsia Markes

Dushanba tongi iliq va bulutli boshlandi. Diplomi yo‘q tish shifokori Aurelio Eskovar barvaqt uyg‘ondi. Soat oltidayoq ishxonasining eshiklarini ochdi. Shisha idishdan sun’iy tish qoplamasini olib, bir uyum asboblari orasiga ko‘rinarli­roq qilib joylab qo‘ydi.

Aurelio yoqasi yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiyib, bo‘ynidan tillarang fartuk ipini o‘tkazgan, shimini esa, bog‘ich bilan bog‘lab olgandi. U qotmadan kelgan, qaddi barvasta bo‘lib, nigohlari
tiyrak edi.
Doktor stol ustini saranjomlab, stulga o‘tirdi va qoplama tishni yaltiratishga kirishdi. Janob Aurelio beparvolik bilan bir maromda ishlar, oyoqlarini bo‘lar-bo‘lmasga likillatib o‘tirardi.
Soat sakkizlarda u ishini to‘xta­tib, derazadan osmonga tikildi. So‘ng qo‘shni­sining uyidagi ariqda suzib, oftobda toblanayotgan ikki qushga ko‘zi tushdi. U joyiga qaytar ekan, “Tushlik­kacha yomg‘ir yog‘sa ke­rak”, deb o‘yladi. Shu payt eshik ortidan o‘n ikki yashar o‘g‘lining ovozi eshitildi:
— Dada!
— Ha, nima gap?
— Alkald (shahar ma’muriyati boshlig‘i – izoh tarjimondan.) keldi, tishimni olib qo‘yadimi, deb so‘rayapti.
— Unga dadam uyda yo‘q, deb ayt.
Bu payt doktor tilla tishni tozalash bilan band edi. Uni avaylab barmoq­lari orasiga joylashtirib, bir ko‘zini qisgancha ishini bajarardi. O‘g‘li birozdan so‘ng kutish zalida hozir bo‘ldi:
— Dada, u kishi uydaligingizni bilar ekan, ovozingizni eshitibdi.
Aurelio ishini to‘xtatdi. Tishni avaylab joyiga qo‘yib:
— Unda juda soz, — dedi-da, yana ishga sho‘ng‘idi. Chala bitgan qoplamalar saqlanadigan karton qutini ochib, ichidan bitta qoplamani oldi.
— Dada!
— Nima deysan? — dedi doktor stoldan boshini ko‘tarmay.
— Agar tishini olib tashlamasangiz, peshanangizdan otar ekan.
Doktor shoshmasdan, tozalaydigan apparatini chetga surdi, stuldan turib, tortmasiga nazar tashladi. Bu yerda to‘pponcha bor edi.
— Yaxshi, unga ayt, kelib bemalol o‘q uzaversin.
U kursini g‘ildiratib, tortma yoniga olib keldi. Eshik ochilib, alkaldning gav­dasi ko‘rindi. Amaldor chap lunjini ushlab olgan, o‘ng yuzi esa, besh kun olinmagan soqoli tufayli tikanak bo‘lib ketgandi. Doktor tortmani barmoqlari bilan yopar ekan, xotirjam gap boshladi:
— O‘tiring.
— Xayrli tong, — dedi alkald.
— Xayrli…
Doktor asboblarini qaynatib olguniga qadar alkald chakagini stol­ning burchagiga qattiq bosib o‘tirdi. Og‘riq biroz kamaygandek bo‘ldi. U chuqur nafas oldi. So‘ng atrofga razm soldi. Xona juda odmi edi — yog‘ochli stol-stul, dirilla­tadigan apparat, keramika to‘ldirilgan shisha idishdan boshqa hech narsa yo‘q. Stul­ning qarshisiga darpardasi yelkadan baland bo‘lgan deraza o‘rnatilgandi. Doktor kelayotganini ko‘rib, alkald og‘zini ochdi.
Aurelio Eskovar bemorning yuzi­ga chiroq tutdi. Zararlangan tishni ko‘zdan kechirgach, og‘riyotgan joyi­ni barmoq­lari bilan asta bosdi.
— Anesteziyasiz tortishga to‘g‘ri keladi, — dedi u.
— Nima bo‘lgan ekan?
— Jag‘ingiz yiring boylagan.
Bemor unga nigohini qadadi va tu­shunarli, degan ma’noda jilmaydi. Biroq doktor bu iltifotni javobsiz qoldirdi. U tozalangan asboblari orasidan kichkina tosni olib, ish stoliga qo‘ydi va shoshmasdan uning ichidan bir juft muzdek qisqichni chiqardi. Tupukdonni bemorning oyoqlari ostiga qo‘yib, qo‘lini chayish uchun o‘rnidan turdi. U barcha ishni go‘yo xonada hech kim yo‘qdek bajarardi. Alkald esa, undan ko‘zla­rini
uzmasdi.
Bemorga pastki jag‘dagi aql tishi azob berayotgan edi. Doktor oyoq­larini mustahkam joylashtirib olgach, issiq qisqich bilan og‘riq tishni sug‘urishga kirishdi. Alkald qo‘llari bilan stulni mahkam ushlab olgan, oyoqlari titrayotganini, belidan esa, muzdek havo o‘tayotganini his qilardi. Biroq u miq etmadi. Doktor og‘riq tishni biroz qimirlatdi. So‘ng hech bir g‘arazsiz, achchiq alam bilan dedi:
— Mana, hozir halok bo‘lgan yigirmata yigitimizning xunini to‘laysiz, leytenant.
Bemor jag‘ suyagining g‘arch etganini sezdi, og‘riqdan ko‘zlari yoshga to‘ldi. Tishni og‘zidan chiqar­maguncha nafas ololmay, qotib qoldi. Nihoyat, ko‘z yoshlari orasidan og‘riq tishini ko‘rdi. Besh kecha azoblangani hozirgi holati oldida hech narsa emasdi. Alkald tez-tez nafas olgancha tupukdonga tuf­lab, kitelining belbog‘ini bo‘shatdi. Bo‘ynidagi ro‘molini yechib, shimi­ning cho‘ntagiga soldi. Doktor unga toza sochiq uzatdi:
— Ko‘z yoshlaringizni artib oling.
Alkald artindi, uning a’zoyi badani dag‘-dag‘ titrardi. Doktor qo‘lini chayayotganda, bemorning ko‘zi shiftda to‘r yasagan o‘rgimchak va uning o‘ljasiga tushdi. ­Aurelio qo‘lini artar ekan, unga yuzlandi:
— Uyga borib yoting. Tuzli suvda g‘arg‘ara qilishni ham unutmang.
Alkald o‘rnidan turdi, doktor bilan harbiylarcha xayrlashdi.
— To‘lov qog‘ozini yuborishni unutmang, — dedi eshikdan chiqar ekan.
— Sizgami yoki shahar ahliga?
Bemor unga qaramay, eshik ortidan pichirladi:
— Ming la’nat bo‘lsin…
U bu gapni doktorga aytdimi yoki qurbon bo‘lganlargami, bilmadik. Ehtimol, o‘ziga-o‘zi aytgandir… Kim bilsin deysiz.

Ingliz tilidan
Nodirabegim IBROHIMOVA
tarjimasi.