O‘zbek zaminidagi inju

Nukusda yashayman. Shahrimizning markaziy ko‘chalarida onda-sonda xorijiy sayyohlarga ko‘zim tushadi.

Bir safar velosiped mingan kishi oldimda to‘xtab, ingliz tilida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi qayerda joylashganini so‘radi. Unga darhol manzilni tushuntirdim. Mehmon minnatdorlik bildirib, lutf bilan xayrlashdi. Bir musofir muzeyimizni tomosha qilish uchun uzoq o‘lkadan velosipedda shuncha yo‘l bosib kelgani, xorijiy davlatlar fuqarolari yurtimizga qiziqish bildirayotgani qalbimda faxr uyg‘otdi.
Nukus shahrining qoq markazida joylashgan Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi inson qo‘li bilan yaratilgan bamisoli bir xazina. Uning paydo bo‘lishi moskvalik rassom, san’atshunos va etnograf Igor Vitalevich Savitskiy nomi bilan bog‘liq. Muassasa 1966-yilda qurilgan. Bugungi kunda muzey bisotida 100 mingdan ortiq eskponat saqlanmoqda. Shundan faqat
7 foizi namoyishga qo‘yilgan. Ushbu oso­ri atiqalarni dunyoning turli burchaklaridan keluvchi sayyohlar katta qiziqish va hayrat bilan tomosha qiladi.
— Ekspozitsiyada qoraqalpoq xalqi­ning qadimgi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan boy tarixi, milliy madaniyati hamda qadriyatlari aks etgan, — deydi italiyalik mehmon Dobbi Redna. — Qo‘l mehnati asosida yaratilgan zargarlik buyumlari, to‘qimachilik mahsulotlari, rango-rang gilamlar meni maftun etdi. Bu noyob san’at asarlarini ko‘rish uchun Yer sharining narigi chekkasidan kelsang ham arziydi.
Sayyor ko‘rgazmalar orqali Yevropa davlatlarida ham tanilgan Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi xorijiy muta-­
xa­ssislar tomonidan “Jahonning eng ajoyib muzeylaridan biri”, “Markaziy Osiyodagi san’at muzeylarining eng yaxshisi”, deya e’tirof etilmoqda. Bundan tashqari, u rus avangardi kolleksiyasi bo‘yicha Sankt-Peterburg muze­yidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
2017-yilda muzeyning ikkinchi binosi foydalanishga topshirildi. Natijada san’at ixlosmandlari ulkan xazina bilan yanada to‘liq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Men I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyini o‘zbek zaminidagi injuga o‘xshataman. Bu muassasa nafaqat yurtimiz, balki jahon madaniy mero­siga ham daxldor. Uni asrab-avaylashga burchlimiz. Zotan, muzeylar — tariximiz ko‘zgusi.

Klara XUDAYBERGENOVA