Qarz

U juda siqilib ketdi. Yonida bir so‘m puli qolmadi. Shaharda yordam so‘raydigan odami yo‘q. Onasi uzoqda yashaydi, otasi esa, o‘tib ketgan…
Ertalab cho‘ntagida bir oyga yetgulik mablag‘i bor edi. Lekin dabdurustdan ertaga kursdoshining tug‘ilgan kuni ekani yodiga tushdi. O‘tgan yili uning tug‘ilgan kuniga Azamat qimmatbaho soat sovg‘a qilgandi. Endi “qarz”ni
uzish kerak. Eh, odamning g‘ururi qursin, talabaning — oliftagarchiligi…
U bozorga tushib, oxirgi puliga chet elning kastyum-shimidan sotib oldi. Yotoqxonaga qaytganida yana bezovtalandi — endi sovg‘aga mos chiroyli g‘ilof olish kerak! O‘zidan kichik kursda o‘qiydigan tanishidan o‘n ming so‘m qarz olib, institut yonidagi bozorchaga yugurdi. Talashib-tortishib, sotuvchini zo‘rg‘a o‘n bir ming so‘mga ko‘ndirdi. Yana ming so‘m qarz bo‘lib qoldi.
“Tavallud kuningiz muborak bo‘lsin!” deb yozilgan bejirim sumkani ko‘tarib xonaga kirganida vaqt shomdan o‘tgan edi. Ishni pishitgandan keyingina judayam och qolganini his qildi.
Ul-bul yegulik izlab, kursdoshlari­ning xonasini taqillatsa, eshik qulf. No­iloj ortiga qaytdi. Oshxona jo‘mragidan to‘ygunicha suv ichdi. Yuragi siqildi. Kitob o‘qishga kirishdi, birozdan so‘ng uxlab qoldi.
Yarim tunda uyg‘ondi. Qorni juda och. Xonada ancha vaqt timirskilanib, ikki dona kartoshka topdi. Oshxonaga borib, kartoshkalarni tezda archdi-da, qovurib, yedi. Shoshilinchda yog‘ni yaxshi qizdirmagan ekan. Sahargacha ko‘ngli behuzur bo‘lib chiqdi.
Ertalab o‘rnidan bazo‘r turdi, stol ustidagi sovg‘aga alam bilan qaradi. Negadir xo‘rligi keldi. Xayolidan “Soat sovg‘a qilmay o‘l!” degan alamli fikr o‘tdi.
O‘qishga kayfiyatsiz holatda ketdi. Oxirgi partaga borib o‘tirdi. Azamat tug‘ilgan kuni munosabati bilan hammani kechki dasturxonga taklif etdi. U esa: “Boraman, albatta, boraman! Ochimdan o‘lsam ham, birovdan qarz bo‘lib qolish niyatim yo‘q”, dedi o‘ziga-o‘zi.
Peshinga yaqin boshiga qattiq og‘riq kirdi. Birov bolg‘a bilan urganday ikki chakkasi zirillardi. Quloqlari shang‘illab, miyasi g‘uvillay boshladi. Madori qurib, yotib qoldi. Qancha yotgani esida yo‘q. Ammo kechki soat oltida Azamatning
eshigi yonida paydo bo‘ldi. Quchoq­lashib ko‘rishgach, naq bir oy yashasa bo‘ladigan pulga sotib olingan sovg‘ani: “Arzimasa ham”, deya do‘stiga uzatdi.
Yotoqxonaning xonalari katalakday. Lekin o‘sha kuni shu tor joydan odamlarning qadami uzilmadi, musiqa ovozi tinmadi. Faqat ugina hech kimga e’tibor bermas, dasturxondan bosh ko‘tarmay, noz-ne’matdan yer, ba’zan tiqilib qolib, yutoqib suv ichardi. Shunday qilsa, bir oylik ozuqa oshqozoniga joylanib qoladigandek, go‘yo.
Nimagadir barcha shod-xurram o‘tirgan davrada faqat uninggina bo‘g‘ziga yig‘i tiqilib kelar, bexosdan xo‘ngrab yubormaslik uchun ham u tinimsiz kav­shanayotgan edi…

Sarvinoz SAKSONOVA