SHUKRONALIK AKSIYASI birdamligimizni namoyon etdi

Yoshlar ittifoqi 1-maydan “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat” shiori ostida “Sharaf lentasi” aksiyasiga start bergandi.

Tashabbus respublikamizning barcha hududlarini qamrab oldi. O‘n kun mobaynida ko‘ngilli yoshlar hamyurtlari­miz hamda yurtimiz mehmonlari ko‘ksiga O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan
200 mingga yaqin lentani taqdi.
Aksiya doirasida ijtimoiy tar­moqlarda #SharafLentasi, #RibbonHonor, #ЛентаСлавы xeshteglari ham ommalashtirildi.
Sharaf lentasini tarqatish bilan bog‘liq eng yorqin tadbirlardan biri Toshkent shahridagi A.S.Pushkin haykali o‘rnatilgan maydonda o‘tkazildi. Unda urush va mehnat faxriylari, turli millatga mansub fuqarolar, o‘quvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mehmonlarni Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari orkestri tantanavor musiqa sadolari bilan kutib oldi. Shundan so‘ng O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari Ikkinchi jahon urushi yillaridagi voqelarni aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi. Yosh sportchilarning o‘zbek jang san’ati bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, qolaversa, qozoq, arman, boshqird, tatar, nemis, koreys milliy madaniy markazlari hamkorligida tayyorlangan badiiy dastur yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
***
Sharaf lentalari sirdaryoliklarning ham qalbini quvonchga to‘ldirmoqda. Xotira va qadrlash kuni oldidan Guliston shahridagi markaziy stadionda tashkil etilgan aksiyada minglab yoshlar, o‘rta va keksa avlod vakillari jam bo‘ldi.
Yigit-qizlar tinchlik va hurlik timsoliga aylangan lentalarni faxr bilan ko‘ksiga taqib, fashizmga qarshi mardonavor kurashgan hamda front ortida fidokorona mehnat qilgan momo-yu bobolarini bayram bilan qutladi. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilaridan tuzilgan orkestr jamoasi urush yillari repertuaridagi kuy-qo‘shiqlarni ijro etib, tadbirga o‘z­gacha fayz kiritdi.

N.BAHODIROVA