Beshik

Batartib xona. Bir burchakda ayol ohista beshik tebratgancha alla aytardi. Ro‘moli yelkasiga sirg‘alib tushgan, ko‘zlari esa yumuq edi. Soat beshik harakatiga monand chiqillar, vaqt go‘yo ayolni o‘z izmiga solgandi…
Birdan ayolning ovoziga titroq kirib, parishonxotir yuzlari bezovta tus oldi. Allani to‘xtatib, labini tishladi. Lekin beshik harakati o‘zgarmadi.
Ko‘zlari yoshga to‘lib turibdi-yu, biroq undan biror tomchi yu­malamadi. Bir nuqtaga tikilib, nimalarnidir o‘yladi. Sakkiz yil avval o‘tgan to‘yi, turmush o‘rtog‘i bilan qilgan orzulari xayollarini olib qochdi. Farzandini yetaklab yurganini ko‘z oldiga keltirdi-yu, entikib qo‘ydi. Hayajon sababmi, yuzi­ga biroz qizillik yugurdi. Bi­roq beshik birday tebranadi.
Xonaga yana hazin alla taraldi. Ayol nilgun hislar bilan alla aytyapti-yu, ko‘nglida o‘sha o‘ylar tug‘yon uryapti. Biroq bu xayol tildan va dildan to‘kilayotgan allaga zarracha xalal bera olmasdi. Ikkisi bir inson vujudida bo‘lsa ham, alla o‘zga olam, xayol o‘zga olamda edi. Xona devorlari esa mung‘ayibgina bu qo‘shiqqa quloq tutyapti.
Tashqaridan eshitilgan ovoz ham ayolning xayolini bo‘lolmadi. Hovliga kirib kelgan turmush o‘rtog‘ining nigohi dorga ilingan go‘dak kiyimlariga tushgach, qay tomonga odimlashni bilmay, bir muddat tikilib qoldi. Og‘ir qadamlar bilan ichkariga yo‘naldi.
— Tsh-sh… Uyg‘onib ketadi…
Erkak tishini-tishiga bosib, be­shik­­ yopinchig‘ini surgani qo‘l uzatdi. Ammo qo‘li qaltiragancha havoda muallaq qolib ketdi. Darparda yuqoriga surib qo‘yilgach, ayolning ovozida norozilik aralash gina paydo bo‘ldi.
— Ana, uyg‘otib yubordingiz! O‘zi endigina uxlagandi…
Erkakning o‘pkasi to‘lib, bo‘g‘zini alam kuydirdi. Bir-bir bosib xonadan chiqib ketdi. Ichkaridan yana alla eshi­tildi. Yanada balandroq, yana ham jarangdorroq… Alla emas, azador ayolning nolasi edi bu…

Navro‘za MAHAMADXO‘JAYEVA