Ishlamagan tishlaydi(mi?)

Ko‘zingiz tushgandir, pensiya beriladigan kunlar mahalla guzari har qachongidan gavjum bo‘ladi. Ha, keksalar pensiya olish uchun navbatda turishadi. Ular orasida men ham bo‘laman. Kimdir bir siqim, kimdir bir xalta pul olganini ko‘raman.

Ba’zan navbatda turganimizda pensiya miqdori haqida suhbatlashamiz. Ayrimlar maoshi kam, lekin tushumi bor joylarda ishlagani uchun pensiyasi oz ekan. Ayrimlari navqiron vaqtida yollanma ish bilan shug‘ullangan (ilgari ham yollanma mehnatga ko‘p va naqd pul to‘lanardi), keyin amal-taqal qilib 25 yillik mehnat stajini to‘ldirgan, ular ham kam pensiya oladi.
O‘zim oliy o‘quv yurtining kech­ki bo‘limida o‘qiganim uchun mehnat faoliyatimni erta boshlaganman va o‘zimni o‘zim mablag‘ bilan ta’minla­shim ke­rakligini aniq bilganman. Har kuni ertalab soat to‘qqizda ishga yetib borish oson bo‘lmagan. Yoki navbatchilikda gazetaning yangi chiqqan soniga imzo chekish uchun tonggacha kutganimda maza qilganman, deya olmayman. Bu og‘ir ishlarni tuz bergan joyga azbaroyi hurmatim va mehnat staji uchun sadoqat bilan bajarganman. 60 yoshimda
40 yildan ortiq mehnat staji bilan pensiyaga chiqdim. Ya’ni qo‘shimcha 15 yillik mehnat staji uchun ustama belgilanadi. Mehnat faoliyatim davrida boshqa gazeta, jurnal va to‘plamlarga ham maqolalar yozib turdim. Ulardan olgan gonorarla­rim pensiyamning boshlang‘ich miqdorini belgilashda hisobga olindi va 15 yillik mehnat staji uchun beriladigan mablag‘ mos ravishda oshdi. Hozir olayotgan pensiyamdan nolimayman va uning ortida
40 yillik mehnat stajim borligini bilaman.
Hozirgi kunda yoshlar davlat muassa­salarida yoki yuridik maqomga ega firma, tashkilotlarda kamroq maoshga bo‘lsa ham qanoat qilib, mehnat stajini oshirish uchun ishlayaptimi? Yoshlarga hozirdan mehnat stajingiz va qonuniy daromadingizni ko‘paytirishga harakat qiling deyapmizmi? Afsuski, quvvating borida pul yig‘, deydiganlar ko‘proq. Quvvat borida mablag‘ yig‘ish kerak, faqat bu mehnat staji oshishi evaziga bo‘lsa, yanada yaxshi. Chunki quvvat yillar o‘tgan sayin insonni tark etaveradi.
To‘g‘ri, fermer xo‘jaligida ishlagandan ko‘ra, tayyor meva va sabzavotni ulgurji xarid qilib, bozorda sotsangiz, mo‘may pul topasiz. Davlat muassasasida ertadan-kechgacha ishlagandan ko‘ra do‘kondorga ko‘maklashsangiz, ko‘proq daromad qilasiz. Biroq ularning hech biri mehnat stajiga yozilmaydi. Vaqt esa o‘taveradi, siz ham bir kun pensiya yoshiga yetib borasiz. O‘shanda necha yillik mehnat stajingiz bo‘ladi, necha so‘m bilan pensiyaga chiqasiz? Buni hozirdan o‘ylashingiz kerak.
Mehnat staji — kelajagingiz kafolati. Vaqti kelib, pensiya olishga borganingizda bir siqim emas, bir xalta pul bilan qay­tayotganingizda mehnatlaringiz rohatini tuyasiz. Sizning shunday baxtiyor kunlarga yetishingizga tilakdoshman.

Asror MO‘MIN,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist