Uchi tugilgan ro‘mol

Uyni to‘ldirib o‘tirgan ayollar orasidan beixtiyor momomni qidiraman. Afsus, u endi yo‘q. Hayot bo‘lganida 106 yoshni qarshilagan bo‘lardi…
Momom gapga chechan edi. Ko‘p hikoya va matallar aytib berardi. Hayotiy voqealar. Ularni eshitib o‘sganman.

— Qahraton qishning o‘rtalari edi, ­ — deya lablarini choy bilan namlab hikoyasini boshlaydi momom. Shu tob opalarimdan ajralib, momomga yaqin o‘tirdim. — Izg‘irin sovuq, ko‘chada vahimali qadam tovushi eshitildi. Naganini shiqirlatib, NKVD pastqam ­eshikdan egilib kirdi. Shop mo‘ylovli bu kimsa­ning sovuq nigohi butun uyning havosini buzgandek edi. Arava gilamchani uchidan ushlab bir tortgan edi, uchta bolam yerga to‘p-to‘p etib tushdi. Oxirgi molimiz — to‘shog‘liq gilamimizni ham olib ketdi. Otam va qaynotam quloq qi­lingan, erim esa qidiruvda. Bu zamonning azoblarini ko‘rib, ko‘zlarimiz o‘yildi. Yigirma ikkiga ham to‘lmagandim. Ha, juda yosh edim!
Bobongni qamoqqa olgani kelganida, mirshablar tanish bo‘lgani uchunmi, bobong ularni uyga taklif qiladi. “Bora­miz-boramiz, bir kelibsizlar-da, og‘aynilar, choy-poy ichaylik qani!”, deydi. Mirshablar dasturxon atrofiga o‘tirgach, mezbon tokchada turgan dandon sopli pichoqni qo‘liga oladi. “Bu xanjar, — deya tushuntiradi bo­bong. — Ikki tig‘li, mana, dastasining o‘zi ham bir ursa, kishini joyida qotiradi. Mana bunaqa qilib, dushmanni uzoqdan ko‘zlab otsangiz ham nishonga naq tegadi”, deya tig‘ini yaltiratib maq­tashga tushadi. Mehmonlarning yuragi orqaga tortib, qo‘rquvdan qotib qoladi. Bobong shu taxlit ularni aldab, qochib ketgan.
Ammo ot choptirib ketayotganida kol­xoz raisi tutib bergan. Keyin to‘rt devor ichiga qamab qo‘yishdi. Faqat shiftning o‘rtasida yorug‘lik tushib turi­shi uchun tuynuk bor. Xullas, tashqarida mirshablar olov yoqib o‘tirishganda, o‘sha tuynukdan bir amallab qochib qolgan. Bobong juda chayir, chapdast edi, — deb maqtab qo‘yadi orada momom. — Tun yarmida eshik taqilladi, chiqishga qo‘rqdim. “Oftob, hey Oftob!”. Erimning ovozi edi bu. Qarasam, darvoza oldida qora sharpa meni imlab chaqiryapti.
— Agar meni so‘rab kelishsa, o‘zingni bilmaganlikka olib, dod sol, to‘polon qil, — deya tayinladi-yu, devordan bir sakrab, ko‘chaga chiqib ketdi. Tuni bilan uxlolmay, bolalarimning tepasida o‘tirib chiqdim. Tong otib, ko‘zim ilinibdi, shekilli, bir mahal eshikni kimdir vajohat bilan ura boshladi. Irimiga ro‘molimning bir uchini tugib oldim-da, boshimga tashlab, tashqariga chiqdim (ayollar ro‘molining bir uchini tugib olsa, hamma ishi o‘ngidan kelar ekan). Eshikni ochganimda, qarshimda ikki mirshab turardi. Erim ham bormikan, degandek jo‘rttaga ular­ning ortiga qaradim.
— Assalomu alaykum, mulla akalar! Tinchlikmi?
Mirshablardan biri avval bo‘ynini cho‘zib, hovlimizni obdon ko‘zdan kechirdi. Lekin ko‘ngli to‘lmay, eshikni bir tepib ichkariga kirib, o‘dag‘aylay boshladi.
— Qani u? — qo‘lidagi qamchisidan charsillagan ovoz chiqdi. Bolala­rim ichkari darchadan mo‘ltirabgina qarab turibdi. O‘zimni bilmaganlikka olib, erim o‘rgatganidek to‘polonni boshladim.
— Voy o‘lmasam!!!U kishi kelgani yo‘q! Ushlab olib ketgan edingiz-ku?! Ey Xudo! O‘ldirib keldilaringmi?! ­Erimni otib tashlab, yana so‘rab keldila­ringmi?! Voy-dod! Erim qani?! Topib bering erimni! — deya yoqalariga yopishdim. Qildim to‘polon. Qo‘rqqanlaridan ura qochdi.
Bobong har to‘rt-besh kun oralab biz­dan xabar olib ketardi. Men esa hech narsadan bexabardek. “Erimni ko‘rganim yo‘q, otib yuborgansiz­lar!”, deb turib olgandim. Qidiruv uzoq cho‘zildi. Ochiq mozorlar ichi­ga yashirinib olgan erimni ushlay ­olishmadi…
Momom ko‘ziga yosh oldi. Keyin jilmayib, so‘zida davom etdi:
— Bizni boshimizdan o‘tgan kunlarni yozsa, bitta katta asar bo‘ladi,
bo­lam, — deya boshimni silab, pesha­namdan o‘pdi…
Shu payt tashqaridan dadamning ovozi eshitildi:
— Qizlar,qani, uyga ketdik!
Momom xuddi burungidek katta oq ro‘molini boshiga tashlab, yuzini berkitdi. Ro‘molining bir uchi tugilgan. Ichida surmadon, oynakcha, taroq borligi bilinib turibdi. Momomni kuzatib, hayron qolardim — hatto yoshgina o‘g‘il boladan ham yuzini yashirib olardi. Itoatkorlik, ibo-hayo va katta-kichikka birdek hurmat tuyg‘usidir bu. Buvim­ning mana shunday go‘zal tashqi va ichki olamidan ibrat olardik.

Gulandom UMAROVA