Adabiyot savdo maydoni emas

Adabiyotni dengizga o‘xshataman. U asta mavjlanib, bag‘rida dur hosil qiladi. Bu durlar asrlar mobaynida insoniyatga xizmat qiladi. Xuddi betakror iste’dod sohiblaridek.

Afsuski, oxirgi paytda adabiyot deya atalmish ulkan dengiz ko‘lmakka aylantirilmoqda. Bunday holatga befarq qarab bo‘lmaydi, albatta.
Adabiyot dengizining g‘avvosi — yozuvchidir. Yaxshi yozuvchi cho‘qqiga intiladi, boshqalarni ham ortidan ergashtiradi. Biroq tijorat maq­sadidagina yozilgan, saviyasi past asarlar bilan buni uddalab bo‘lmaydi. Inson shaxsiy kutubxonasi uchun tosh bosadigan, salmoqli adabiyotlarni xarid qilishni xohlaydi. “Yaxshi asarlar” deganda faqat qimmat kitoblar tushinilmasligi kerak.
Ba’zilar tanlangan asarlarini kulli­yot, deb nashr qildiradi. Natijada adabi­yot pul topish vositasiga aylanmoqda. Demak, adabiyotimiz qadrsizlanishida ma’lum darajada noshirlar ham aybdor.
Yozuvchi sal tanilsa bo‘ldi, darhol asarlari tilga tushib, o‘n martalab qay­ta chop qilinadi. Muxbirlar mual­lifdan ichkilikni man qiluvchi qonun, tog‘ odam, bolalar tug‘ilishi ustidan nazorat o‘rnatish va shunga o‘xshash boshqa g‘aroyib mavzular xususida fikr olib, rosa holdan toydiradi. Bi­roq vaqt o‘tishi bilan ushbu ijodkorlar yaratgan “durdona” asarlarning soxtaligi bilinib, qimmatini yo‘qotadi.
Ustoz adiblarning fikricha, badiiy asar chinakam individuallik muhriga ega bo‘lmog‘i darkor. Ammo hozirgi ko‘pgina asarlar bir-biridan uncha ham farqlanmaydi. Haqiqiy yozuvchi kundalik ehtiyoji uchun ijod qilmaydi. Chunki u bundan ancha balandda turadi.

Adabiyotni sirti yaltiroq toshlar bilan to‘ldirmaylik. Bu xazinaga faqat asil gavharlar yarashadi.

Shodiya TURDIYEVA,
talaba