Bolaga munosabat shumi?

Endi aqlimni tanigan paytlarimni yodga olsam, uzuq-yuluq xotiralar ummoniga g‘arq bo‘laman. Ko‘z o‘ngimda bobom gavdalanadi.

Jiyanlarim sho‘xlik qilganda buvim koyib bersa, bobom ular­ning yonini olib: “Bolalik poshsholik-da, tergamang, to‘yib-to‘yib o‘ynasin”, — derdi.
Yaqinda “Qo‘yliq” dehqon bozori yonidan o‘tayotib, jaziramada suv sotayotgan, chamasi 10-12 yashar bolaga ko‘zim tushdi. Shu payt bir ayolning shang‘illagan ovozi eshi­tildi: “Bu yerda uch yildan buyon savdo qilaman, ko‘chadan kelib, mening o‘rnimga ega chiqmoqchimisan?! — deya bolaga dag‘dag‘a qildi u. — Bor, boshqa joy top, bu yer mening joyim”.
Yigitcha mo‘ltillagan ko‘zlarini atrofdagilarga tikib, yelkasidan turtayotgan ayolning izmiga yurishga majbur bo‘ldi va aravasini yo‘lning narigi yuziga sudray boshladi. Men voqeani kuzatib turdim. U o‘ziga yangi joy topib olgach, nigohini boyagi baqiroq ayolga tikdi. Shang‘i ayol yana bolaga yopishdi. Shu orada ularning oldidan ikki nafar ichki ishlar xodimi beparvolarcha o‘tib ketdi. Bolaning ko‘zi yoshga to‘ldi. Men chidab turolmadim. Uni ranjitgan bozorchining yoniga borib: “Bu bola shu yerda savdo qiladi!” — dedim qat’iy. “Nimaga ekan?! Sotmaydi! Bu hudud meniki!” — dedi ayol g‘azabnok ohangda. “Bo‘lmasa, marhamat qilib, bu joy sizga tegishli ekani haqidagi hujjatni ko‘rsa­ting”, — dedim bo‘sh kelmay.
Hamma tomosha shundan keyin boshlandi. Ayolning turmush o‘rtog‘i, bozorda suv sotadigan boshqa ayollar uning himoyasiga otlandi. Bola tuhmatga qoldi. Mirobod tumanidagi 213-umumta’lim maktabining 6-sinfida tahsil olayotgan Asadbek Isoqovning janjaldan boshi garang edi. ­Uning onasi bozorda non sotarkan. “Suv­ga o‘zim qarab turaman, borib onangni chaqirib kel”, — ­de­dim unga. O‘n daqiqadan so‘ng Asadbek onasi bilan qay­tib keldi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgan ona: “O‘g‘limning maktabdagi baholari a’lo. Ayniqsa, matematika fani va shaxmatni yaxshi ko‘radi. Lekin ta’tilda uni pulli to‘garaklarga berolmadim. To‘rt nafar farzandim bor. Ularni yedirib-ichirishim kerak. Sharoitim ko‘targanida…”, – deya boshini quyi egdi.
Ancha urinishlardan so‘ng hududdagi patrul-post xizmati boshlig‘i Ilyos Begaliyevni topishga muvaffaq bo‘ldim. U kelganida janjal ancha tinchib qolgandi. Ammo Bektemir tumani voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i telefonda hozir yetib boraman, deb shu bo‘yi qorasini ko‘rsatmadi. Tuman ichki ishlar bo‘limi rahbari, podpolkovnik Begzod Avaz­xonov esa sira aloqaga chiqqani yo‘q. O‘rtada bolaning ko‘ngli xira bo‘lgani qoldi…
Mutasaddilar mazkur holatga jiddiy e’tibor qaratishini xohlardik.
Umid qilamizki, patrul-post xiz­mati boshlig‘i Ilyos Begaliyev va’dasi yerda qolib ketmaydi va bunday ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi. O‘z navbatida, Asadbek istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bolani bepul to‘garaklarga jalb qilishda amaliy yordam ko‘rsatishiga umidvormiz.

Sarvinoz SAKSONOVA