Eng shirin olma

Qizcha qo‘lida bir juft olma bilan turardi.
Onasi kelib muloyimlik bilan: “Asalim, olmalaringdan bittasini ber”, deb so‘radi. Qizaloq birpas onasiga tikilib turdi-da, avval olmalardan birini, so‘ngra ikkinchisini tishladi. Ona qizalog‘ining qilig‘idan ranjisa ham sezdirmaslikka urinib, tabassum qildi.
Qizaloq o‘ng qo‘lidagi olmani uzatib: “Oyijon, mana oling, shunisi shirinroq ekan”, dedi.