Iboli, ishorali, ma’nili nazm

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazgan uchrashuvda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva yosh iste’dodlar haqida gapirib, Gulnoz Mo‘minova, Guljamol Asqarova, Nodir Jonuzoq nomlarini alohida tilga olganini yaxshi eslayman. Gulnozning yaqinda nashrdan chiqqan to‘plami — “Kometa” mashhur shoira yozib qoldirgan “Taqdim” so‘zboshisi bilan boshlangani tabiiy, ham mantiqiy. Iliq, samimiy boshso‘zda ardoqli shoira Gulnozning ko‘ngilni to‘lqinlantirib yuboradigan, nay nolalariday nazmlari tobora tiniqlik, ravonlik, jarangdorlik kasb etayotgani, dil torlari yanayam ingichka tortib, taranglashib borayotganini alohida ta’kidlab:

Kulib o‘tolmadim — g‘amdan uyaldim,
Kuydim deyolmadim — shamdan uyaldim.
Garchi dardmand edim, faryod etmadim,
Sen-la xushbaxt o‘tgan damdan uyaldim, to‘rtligini misol qilib keltirgan edi.

Gulnoz she’riyati — sirli-sehrli, ramz­li-ishorali, qolaversa, ma’noli-mag‘izli. 266 katta-kichik nazmdan iborat to‘plam “So‘z emas, ishora kutaman sendan” she’ri bilan xotimalangani bejiz emas. Lirik qahramon loqayd oshiqdan, no‘noq shoirdan ikki ko‘z ishorasini, so‘nmas yulduz, yorug‘ kunduz, eriy boshlagan muz ishorasini kutadi, ishoralarni tan olmaydigan, lug‘atida faqat sarg‘aygan, hamma biladigan — keng tarqalgan, tillar qamchisida savalgan, qavargan so‘zlari ustidan yengil isteh­zo qiladi. So‘zamol­lik har doim ham sevgi bilan kelisha olmasligini bildirar ekan, xo‘rsiniqlar, ko‘zyoshlar, voz kechishlar, isyonlar tilida so‘zlashib tu­rishni, chin sevgi, ayniqsa, isyonni xush ko‘rishini “Atvor” nomli kichik she’rida ifodalagan.
Radiodagi bir suhbatda Gulnozdan, ko‘pincha sirli, ishorali qilib yozishingiz boisi nimada deb so‘ralganda, hayo, ibo, ramz, timsollar sharq she’riyatiga xos xususiyat, Nodira, Uvaysiy, keyinchalik Zulfiya, Saida ayalar pardali, sehrli qilib yozishni xush ko‘rgan, fikrni ro‘y-rost, yalang‘och aytgandan ko‘ra libosga o‘rab berish, o‘quvchini hamkorlikka chorlash ta’sirchanroq, degan va “Ul ne gumbaz eshigi, tuynugidin yo‘q nishon” deya boshlanuvchi mashhur “Anor” chistonini misol keltirgandi… Mana, “Hafta” nomli qisqa beshligi:

Hafta — asli olti boshli dev,
Har kun bitta boshi kesilar,
Lekin bag‘ri keng Yakshanba
Uni yana etadi afv —
Boshlar o‘sib chiqar qaytadan.

Mana bu tagdor misralarga esa jiddiy ma’no yuklatilgan:

Qish — deputat, men sizga aytsam,
Eslang, qor juda ko‘p edi
Uning dasturida.
U esa bajara olmadi
Va’dasining o‘ndan birini.

Gulnoz nazmlarida lafziy va ma’noviy san’atlardan samarali foydalanishga, ulardan ibratli xulosa, hikmat chiqarishga intiladi: “Saraton — ulkan tandir, Qu­yosh­ — olov rapida”; “Kunduz — mening takabbur do‘stim, Oqshom — mening horg‘in dugonam”; “Sen — cho‘qqisan, Men esa vulqon. Sobit bo‘lsang otilmam balki”; “Hovuz — pahlavonning
hovuchi”…
Shoira “Samarqand — Kitob” yo‘lidan o‘tar ekan, ikki tarafdagi turfa toshlarga sinchkov nazar tashlaydi, oppoq toshda Ulug‘bek bo‘yniga qilich tushganda uchib ketgan dastorni, qator toshlar Ali Qushchini Rumga kuzatgan shogirdlarini, qoyatosh Nuh kemasiga sig‘may qolgan jonzotni eslatadi. Gulnoz nazdida, osmondagi bulutlarning biri ulkan tosh­baqa, biri yunusbaliq, dengiz otlari, o‘tlarini, meduzani eslata­diganlari ham bor.
Shoira faqat pardali, sirli, ishorali misralar tizarkan, degan fikrga bormaslik kerak, albatta. To‘plamni boshlab bergan “Zaminga xitob”, “Zorro niqobi”, shuningdek, “Alam”, “Kelajak bolasi” she’rlari zamonaviy ong, sayyoraviy tafakkur ufqidan turib yozilgan baquvvat, yetuk badiiy-publitsistik yaratiqlardir. Muallif qiyos qilish, zid qo‘yish, xarakterli detallar, ehtirosli misralar orqali bugungi zaminning yarmi qorong‘i, titroq, yarmi ziyo, sokin manzarasini chizib beradi. Chizgilar ko‘paygan sari zamin holati haqidagi tasavvur boyib boradi: yarmida kiborlar xoldor ko‘ppak­larini sokin yetaklab yuradi, yarmida chilla­shir, rangpar go‘daklar oyoqlarini zo‘rg‘a bosadi; yarmi ostonasi yorug‘, yarmi nurga intiq, yarmi talanguvchi, yarmi talaguvchi:

Yarmingda xotinlar xo‘rlanib, murg‘ak
Go‘daklar ochlikdan o‘lib yotodur.
Yarmingda yig‘ilmas ochildasturxon
Uvol-u sarqitga to‘lib yotodur.

Yarmi qurtlagan olmaga o‘xshatilgan Zamin chizgilari o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
Keyingi she’rda mazlum el istagi bajo bo‘lsin deb yelkaga xaloskorlik yukini ortgan, yuziga niqob tortgan botirlar — fidoyi zorrolar madh etilsa, bugun “Men Zorro!” deya qichqirguvchilar ko‘payib ketgani, sotqin ham, o‘g‘riboshi ham, “Do‘st uyiga olov qo‘ygan muttaham ham”, buzuq ko‘ziga niqob tutganlar hajv tig‘iga tortiladi, “Eskirgan niqobin urib cho‘ntakka, Zorro jim kuzatar, birov bilmaydi”. “Myanma ichmoqda ummat qonini“ deb boshlanuvchi “Alam” she’rining so‘ngi to‘rtligi g‘azabnok va da’vatkor:
…Bostirib bo‘lmasa, Tangrim, zulmni,
Magar xo‘rlik bo‘lsa ko‘pga kelgan to‘y.
Yo‘lbarsga aylantir har bir muslimni
Har bir muslimani bo‘ri qilib qo‘y.
Zaminni poklash, uni qurtlardan, o‘g‘ri, kazzob, buzuqilikdan tozalash sofdil, halol, mard odamlar ishi, bunda ijod ahli zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanadi. “Navoiy haykali poyi­da”, “Qalamning shoirga degani”, “Bir shoirga”, “Shoir ruhlar”, “Devonaning o‘ziga nasihati”, “Haqiqat”, “Egilmagan bosh”, “Fotoreportaj”, “Shamol va soyalar” va boshqa she’rlar bunga
misoldir.
“Bir shoirga” she’rida “Birorta bayti yo‘q quvonchga doir”, “Asli g‘ussa­ning to‘ng‘ich farzandi”, goho bir oz maqtov bo‘lsa, tanga topgan qulday og‘zi yopilmas nazmboz(lar)dan noroziligini yashirmaydi:
To‘zg‘in daftarlaring o‘qirmi birov,
Zamon daftaridan o‘chmasmi noming?
Bir kun zuryodlarga bo‘lmagaymi g‘ov,
Eslangan noming-u, kechikkan ­shoning?
Bir she’rida “Yengil shiorlarni urchitmoq uchun, Kallalar ko‘p kerak bizga, kallalar”, degan tagdor misralarni o‘qiganimizda beixtiyor yodga maza-mat­rasiz, yuzaki satrlar bitadigan, aravani quruq olib qochadigan, voqeaning siridan ko‘ra sirtidan gap uradigan qalamkashlar keladi.
Gulnoz Mo‘minova sujetli she’rlar bi­tishni xush ko‘radi. Hatto kichik nazm — uchliklarini ham kichik sujet asosiga qu­rishga intiladi:

Ha, bu odam qarolmaydi tik,
Ko‘zidagi qasos o‘tini,
Ta’zim bilan yashiradi u.
Yoki:
Zarda bilan ismimni dildan
O‘chirasan — ishlaring puxta.
Ne qilsang-da qolar bir nuqta.

Shoira afsonalarni ham bugungi zamonga yaqinlashtirib, kerakli axloqiy xulosalar chiqaradi. Ovdan qaytgan uch odamxo‘r o‘ljasi zo‘r bo‘lganini, biri qari ayolni bo‘zlatib hamyonini olib qochgan ucharni tutgani, ikkinchisi qo‘shni devoridan shahvat-la nazar solgan mal’unni, uchinchisi ziyofatini yeb, sarposini kiyib, o‘z uyida do‘stini sotgan olchoqni g‘ippa bo‘g‘ganini aytib maqtanadi:

Kasallari yuqib qolsa-chi? Darrov
Toshni sur, ularni haydagin, jiyan.
Hozircha sirimiz bilmasin birov
Biz bugundan boshlab vegetarian.

(“G‘ordagi suhbat”).
Gulnoz milliy va jahon adabiyotini ko‘p o‘qiydigan, o‘z ustida tinmay ishlaydigan, so‘z mas’uliyatini chuqur his etadigan ijodkorlardan. To‘g‘ri, ba’zi she’rlari us­lubi og‘irroqday, hazm qi­lish qiyinroqday taassurot qoldiradi.
“Fasllar shiviri”, “Sayyoh qushlar”, “Chig‘anoq” nomli to‘plamlari nashr etilgan, mana endi “Kometa”si yarq etib ijodi osmonini yoritib yuborgan, jurnallar, to‘plamlarda chiqib turgan bo‘lsa ham, kamtarligi bois, yig‘inlarda so‘z aytgani, she’r o‘qiganini, taqdimot­lar o‘tkazish harakatiga tushganini ko‘rganimiz yo‘q. Hali Yozuvchilar uyush­masi a’zosi ham emas. “Davralarda aytilmas isming, Odamlar sen haqda ishoralar ila so‘zlashar” misralarini shoiraning o‘ziga nisbatan ham qo‘llash mumkin.

Saydi UMIROV,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, adabiyotshunos