Oqxol

Qir-adirliklarda ko‘klam nafasi sezildi. Ko‘m-ko‘k o‘tlar nish urdi. Tog‘lardagi qorlar erib, soylar ko‘pirib oqdi. Tog‘ yonbag‘ridagi qishloq ahli bahor kelganidan xursand edi.
Men shu qishloqda tug‘ilganman. Mening ota yurtim shu! Shu qishloqda katta bo‘ldim! Otam elga mashhur chavandoz edi. “Ernazar chavandoz”, derdi el. Uning bir qora tulpori bor edi. Qorako‘z, yollari uzun, oyoq­lari baquvvat, o‘ng badanida oppoq xoli bor. Otam u bilan faxrlanardi, “birodarim”, derdi.

Otam u bilan ko‘p sovrin oldi. Otning dovrug‘i olamga ketdi. Lekin ko‘z tegdi. Tog‘dagi dara yo‘ldan qaytayotganda ko‘chki sodir bo‘ldi. Otam tulpori bilan tuproq ostida qoldi. Tabiatni sevish, hayvonlar bilan do‘st tutinishni o‘rgatgan otamni qishloq ahli bir necha kun qidirdi. Topganida ikkisi ham halok bo‘lgandi. Men unda o‘n ikki yoshda edim. Ne ajabki, otamning an’anasi menda davom etdi.
U otning toyi mening otim bo‘ldi. Toyning ham otasi kabi o‘ng sag‘ri­nida oq xoli bor edi. Men uni “Oq­xol”, deya atar bo‘ldim. Toyligidan o‘zim katta qildim. U ham mening birodarimga aylandi. U bilan sirlashadigan, tillashadigan bo‘ldim.
Yillar o‘tib bir ot bo‘ldi, bir ot bo‘ldi. Odamlar “Oqxol otasidan ham baquvvat, uchqurlikda undan o‘zadi”, derdi. Yigirmaga kir­dim. Otam ishini davom ettira­digan, Oqxolim bilan sovrinlarni, uloqlarni olar bo‘ldim. Mening nomim “Shernazar chavandoz”, otimning laqabi “Uchqur Oqxol”, bo‘ldi. Ko‘plar unga ko‘z tikdi. Bir dunyo pulga sotib olar bo‘ldi. “Birodarimni hech nimaga alishmayman”, dedim. Chavandozlar mendan hayiqardi. Ko‘plari havas, ba’zilari hasad qilardi. Men esa Oqxolim bilan g‘ururlanardim.
Oqxol oilamga mehribon edi. Uni ko‘z qorachig‘idek avaylardim. Ammo bir falokat sodir bo‘ldi…
… Oddiy kun edi. Ismimni cha­qirib, uyimizga ikki kishi kirib keldi. Tanidim. Qo‘shni qishloqlik boyvachcha chavandozlar. Ularni yoqtirmasdim. Uloqlarda g‘irromlik qiladi. Lekin nasl-nasabi sabab hech kim qarshi chiqa olmasdi. Shunday bo‘lsa-da, ularni uyga taklif qildim.
— Shernazar, senga bir iltimos bor edi, — dedi Murod chavandoz.
— Nima ekan?
— Eshitgan bo‘lsang kerak, uch kundan so‘ng, qo‘shni qishloqlik To‘ra oqsoqol ko‘pkari beryapti. Sovringa tuya tikkan. Lekin gap unda emas, — shu yerga kelganda Murod bir zum indamay turdida, tomog‘ini qirib olgach, davom etdi. — To‘ra oq­soqolning qizi­ — Zumradga sovchi qo‘yganman. Ammo oqsoqol sovchilarimga rad javobini berdi. Qo‘limdan ish kelishini ko‘rsa­tib qo‘ymoqchiman. Manaman degan chavandoz­lar ichida uloqni olsam, oqsoqol rozi bo‘lib qolar. Boshqa chavandozlarni yengarman, biroq sen bilan Oqxolga kuchim yetmay­di. Iltimos: uloq­qa borma! G‘olib bo‘­lib, oqsoqolga kuyov bo‘lsam, seni quruq qo‘y­mayman! Nima deysan?
Bunday taklifni oldin eshitmagandim. To‘g‘risi, nima deb javob berish­ni bilmasdim. Ko‘z oldimga oqsoqol­ning o‘rilgan sochlari taqimini o‘padigan qizi Zumrad keldi. O‘ylanib qolganimni ko‘rib, Murod rozilik alomati deb tushundi, shekilli, jonlandi.
— Shernazar, rozi bo‘la qol? Sendan nima ketdi?
— Uloqqa g‘irrom aralashishini ista­yapsanmi?
Boshqacharoq gap kutgan Mu­rodning afti-angori o‘zgardi.
— Bir marta bo‘l­sa, nima qipti?
Qaysarligim tutdi. Oqsoqolning uyi oldidan o‘tganim­da Zumradni ko‘rib, yuragim hapqirib ketishi yodimga tushdi. Uni shu oliftaga berib qo‘ygim kelmasdi.
— Rozi bo‘lmasam-chi?
Javobimni eshitib, Murodning yuzi tundlashdi.
— Shernazar…
— Vijdonimga qarshi bormayman. Uloqda g‘olib chiqishing uchun nopok yo‘l tanlamoqchi emasman! Ota-bobo­larim sha’niga dog‘ tushirishni istamayman! Yutsang, halol yo‘l bilan, o‘z kuching evaziga yut! Kuchingni maydonda ko‘rsat! Uloq — mardlar musobaqasi!
Murod va sherigi o‘rnidan turdi. U xo‘mraygancha menga tikildi.
— Demak, borasan, shunaqami?
Qat’iy javob berdim.
— Ha!
— Shernazar, bu ishing senga qimmatga tushishi mumkin! Ogohlantiryapman! Keyin afsus chekasan!
Eshik qars yopildi. Yuragimga g‘ashlik kirdi. Bir ko‘nglim bo­rishni istamasdi. Biroq or-nomusim, Zumradga bo‘lgan tushunib bo‘lmas hislar, meni uloq tomon chorlardi. Qat’iy qaror qildim:
“Boraman! Yo‘limni to‘sishga, buyruq berishga hech kimning haqqi yo‘q! Zumradni unga berib qo‘ymayman!”
… Ko‘pkari bo‘ladigan kuni Oq­xolga mindim. Uloq maydoniga yetib bordim. Adirlikda tumonat odam, bir chetda chavandozlar to‘planib turardi. Ularning safiga qo‘shildim. Odamlarning hayajonli xitoblari ­eshitildi:
— Ana, Shernazar chavandoz
keldi!
— Oqxolni qara! Bay-bay, qanday ajoyib tulpor-a!
— Suf de, ko‘zing tegadi!
— Bugun zo‘r uloq ko‘ramiz ekan-da!
Oqxol bu maqtovlarni his etgandek qadam tashlashlari birdan o‘zgaradi. Men uning qilig‘ini sezaman. Bo‘yniga shapatilab qo‘yaman! Oqxol bundan mamnun bo‘lib, kishnaydi. Uzoqdan Murod ko‘rindi. U men tomonga g‘azab bilan boqardi.
Ko‘pkari boshlandi. Oqxol bilan to‘daga kirdim. U hech nimadan hayiqmasdi. Chavandozlarning qam­chilashlariga ham parvo qilmasdi. Pishqirgancha uloq tomon otilardi. Yerdan uloqni ko‘tardim-da, to‘dadan ajraldim. Oqxol qushday uchar, ortidan chang-to‘zon ko‘ta­rib chavandozlar quvardi. Aksariyati Oqxolga yetish qo‘llaridan kelmasligini sezib, quvishdan to‘xtadi. Men esa qora tomon shoshdim. Huv ana, adirlik tepasidagi bayroqcha. Oqxolga qamchi bosmoq­chi bo‘lgandek, qo‘limni havo­ga ko‘tardim. Oqxol maq­sadimni ang­laydi. Yanada shitob bilan chopadi. Tizzamda qisib ketayotgan uloq­ni nihoyat bayroqcha oldi­ga tashladim. Oqxol g‘olibligidan mamnundek asta, lekin qandaydir mag‘rurona qadam tashlab boradi. Boshqacha yo‘rtadi. Men unga rahmat aytdim. Sovrinni olib, Oqxolni ukamga sovutish uchun berib, bir chetda chavandozlarning uloq talashishlarini kuzataman.
Murod ham qorabayirida uloqni olib, to‘dadan ajradi. Yoniga hech kimni yaqinlashtirmay, uloqni manzilga tashladi. Sovrinni oldi. Endi ikkimizning bahsimiz davom etadi. Asosiy sovrin — tuya uchun bahs boshlandi. To‘da ichiga yorib kiramiz. Oqxol jon-jahdi bilan uloq tomon talpinadi. Murod boshqa yoqdan uloqqa yaqinlashadi. Undan chaqqonlik qilib, uloqni yerdan uzib, tizzam orasiga qisib, hayqirdim:
— Bos, Oqxol! O‘zingni ko‘rsat!
Oqxol meni eshitadi. Kuchiga-kuch qo‘shiladi. Uning abjir­ligidan to‘dadan qanday chiqqanimni bilmay qoldim. Oqxol tepalik tomonga qarab chopardi. Ortimizdan Murod quv­di. Oqxol qorabayirdan uchqurligini namoyish etar, Mu­rod esa borgan sari ortda qolardi. U achchiq qilib, otiga ustma-ust qamchi tushirardi. Tepalikka ham yaqin qoldi. Shu payt qa­yerdandir “gum” etgan ovoz eshi­tildi. Oqxol kishnagancha ag‘darildi. Men esa oldinga uchib
ketdim…
… Hushimga kelganimda atrofimni tu­monat odam o‘rab olgandi. Oqxolimni qidira boshladim. Shu payt o‘n qadamlar narida yotgan Oq­xolga ko‘zim tushdi. Gandiraklagancha u tomon yurdim. Oqxol­ning tepasida turgan odamlar menga achi­nish bilan boqayotgandi. Oqxolni silarkanman, o‘ng biqini yaralanganini, ba­zo‘r nafas olayotganini sezdim.
— Oqxol, senga nima bo‘ldi, Oqxol?!
Oqxolning qora ko‘zlari menga mo‘ltirab boqdi. Men Oqxolni quchoqlagancha qo‘yib yubormasdim. To‘p­langanlarning gapi qulog‘imga chalinardi:
— Bechora ot! O‘lay deb turibdi!
— Bu pastkashlikni kim
qildiy­kan?
— Murod chavandoz uloqni oldi! Balki, udir?
— O‘zi qani?
— Shu atrofda yurgandir.
Oqxol zo‘rg‘a nafas olayotganini, qiynalayotganini his qilardim.
Chiday olmadim. Hayqirig‘im adirni tutdi.
— Murod! Ablah!
Odamlar shivir-shivir qildi.
— Murod ekan-da!
— Pastkash!
— Sovrin olmay, har balo bo‘lgur!
— Qishloqni sharmanda qildi!.. Chuqur qazidim. Oq­xolni egar-jabduqlari bilan birga ko‘mdim. O‘kirib-o‘kirib yig‘la­dim.
“Oqxol, meni kechir! Sen o‘lguncha, men o‘lmasmidim, Oqxol! Endi kimni birodarim deyman?! Kim bilan dardlashaman?! Kimga sirlarimni aytaman?! Kimga?!”
Qorong‘i tushdi. Fojiani eshitgan onam va ukalarim keldi. Onam peshanamdan o‘pdi. Ukalarim qo‘lla­rimdan tutdi. Men Oqxol bilan yana bir bor vidolashdim.
Kechasi bilan uxlay olmadim. Oqxoldan ayrilganimga ishonmasdim. Yig‘idan qizargan ko‘zlarim tongga yaqin ilinib, tush ko‘ribman.
… Yam-yashil adirlikda otim bilan ketar ­emishman. Oqxol meni bir tog‘ etagiga olib boribdi. Bu yerlarni bilaman. Oqtog‘ etaklari. Yilqi boqayotgan cho‘pon meni ko‘rib, huddi Oqxolga o‘xshash, o‘ng sag‘rinida xoli bor toyni ajratib chiqdi. Toyning yollarini silay boshladim. Oqxol buni ko‘rib mamnun kishnadi. So‘ng qa­yergadir keta boshladi. Ortidan chaqirsam, o‘girilmas, bunga javoban qarshimdagi toy tinimsiz irg‘ishlardi. Shunda bu toy mening yangi Oqxolim, yangi birodarim ekanini tushundim.
Subhidamda ko‘rgan tushimdan xulosa chiqardim:
“Qaylardadir meni Oqxol kutyapti! U mening kelishimga intizor!”.
Tongda Oqtog‘ sari yo‘lga tushdim. Qishloq ko‘chalarida ketib borar ekanman, odamlarning “Mu­rod chavandoz vos-vos bo‘lib qolibdi! Tongda o‘zini osibdi!”, degan so‘zlariga ko‘pam parvo qilmadim!
“Meni uzoqlarda Oqxolim, birodarim kutmoqda! Boryapman, Oqxol! Sabr qil!”

“Tarlon jiyanim-ov, yo yo‘lda yiqildik, deymizmi? Ko‘zlaring bor edi-ku, desalar-chi? Ariq loy ekan, toyib ketdik, deymiz. Bo‘lmasa, elga ermak, xalqqa shaloq bo‘lamiz…
Ayo Tarlon, sen mening akamsan, akam.
Bo‘ldi, men endi ularni akam demayman. Mening akam sensan, Tarlon. Uka desa degulik, mendayin ukang bor, aka desa degulik, sendayin akam bor, nima g‘amim bor, Tarlon…
Ayo Tarlon, sen mening
birodarimsan, birodarim.
Bo‘ldi, men endi ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon…
Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik birodarim…”

Tog‘ay MURODning
“Ot kishnagan oqshom”qissasidan.

“Tanaboy o‘zining yo‘rg‘asi bilan vidolashar, unga so‘nggi so‘zlarini aytardi:
— Sen buyuk ot eding, Gulsari. Sen mening do‘stim eding, Gulsari. Sen o‘zing bilan birga mening eng yaxshi yillarimni olib ketyapsan. Men umrbod seni eslayman, Gulsari. Hozir ham seni tilga olayotganimning sababi shuki, sen jon beryapsan, dongdor otim Gulsari. Qachondir sen bilan u dunyoda uchrashamiz. Lekin men u yoqda sening tuyoqlaring­ning tapir-tupurini eshita olmayman. Axir u yoqda yo‘llar yo‘q, u yoqda yer yo‘q. Ammo men tirik ekanmanki, sen o‘lmaysan, chunki men seni eslab yuraman, Gulsari. Tuyoqlaringning tapir-tupuri men uchun sevimli qo‘shiq singari jaranglaydi…”

Chingiz AYTMATOVning
“Alvido, Gulsari” asaridan.

“Ot yashil yaylovlarni ko‘ryapti. Ona bag‘rida yayraganlarini eslayapti. Men birinchi kitobim chiqqan, quvonchim olamga sig‘mas baxtiyor damlarni ko‘z yumib xotiramda jonlantiryapman.
Beixtiyor otga qarayman. U hamon bosh eggancha, loqayd turardi.
— E, birodar, ne gunohing bor ediki, seni shu alfozga solishadi?
Ot tilga kirgandek bo‘ldi:
— Menda qanday gunoh bo‘lsin. Bir bezabon jonivorman. Odamlarning yukini yengil qildim, uzog‘ini yaqin qildim. O‘zimni insonning do‘sti degandim… Hayronman. Olis yurtlarda janglarga kirdim. Odamlar menga o‘q uzdilar. Yaralanib, uzoq yurtlardan vatan deb bilgan manzilga yetib keldim. Mana, ko‘rib turibsan, o‘sha sog‘inib kelgan vatanda oftob ko‘rmay turibman…”

Said AHMADning
“Ot bilan suhbat” hikoyasidan.

Sherzod MAHMUDOV