So‘nggi istak

Muzrobning davolanib kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Opasi og‘irlashib qoldi. Tinmay dadasini so‘rab alahsiraydi… O‘zi xohlamasa ham, opasining istagini bajarishi kerak.
Darvozadan otilib chiqib, dadasi ikkinchi oilasi bilan yashaydigan hovli tomonga yugurdi. Oyoqlari qaqshab og‘rirdi. Xuddi qassob ularni kundaga qo‘yib qiymalayotgandek azoblanardi.

Bolaligida guzarga oqyog‘, un, go‘sht keldi, degan xabarni eshitib, qalin qorga yalang oyoqlari botib, entikib yugurgandi. Kech­gacha izg‘irinda navbat kutaverib, sovuq suyaklarigacha o‘tib ketgandi.
Ammo hozir og‘riqlarga ham parvo qilmay yugurardi. Bu Suqsurning so‘nggi istagi bo‘lsa-chi? Dunyodagi jamiki ukalar birlashsa ham, opasiga Muzrobchalik mehr berolmaydi. Opasi qand kasaliga yo‘liqqandan beri uy yumushlari bilan ovunar, ostonadan hatlamasdi. Sochlari taqim o‘par, qomati sarvdek. Ko‘zlari charos, xullas, Suqsurmisan Suqsur! Biron yigitning ko‘ngliga tu­shishdan, biron yigitga ko‘ngli tushishidan qo‘rqib, maktabni bitirdi-yu, uy qizi bo‘ldi-qoldi…
Onasi ko‘cha boshida pista-qurut sotardi. Tirikchiligi shundan. Ba’zan tuzukroq ish (to‘y-hashamlarda idish-­tovoq yuvish, maktab-bog‘chalarda supur-sidir) chiqib qolsa, savdoga Muzrob qarab o‘tirardi.
Bultur Muzrobning vijdoni qiynalib, hassasiga tayanganicha:
— Dori-darmonga pul topib kelaman, — deb shaharga ish izlab­ bor­gandi.
Unga mos ish qayoqda deysiz! Kun tikkalamay qorni ochib, tinkasi quridi. Yo‘l chetida cho‘k tushib, oyoqlarini bir-bir uqaladi. Shu payt dadasi oyimchasi bilan qizchasini yetaklab yonidan o‘tib ketdi. Muzrob ular­ning ortidan oqsoqlanib ergashdi. Otasi uni tanimadi. Beixtiyor cho‘ntak kovlay boshladi. Biroq o‘g‘li­ning mayin ovozda: “Dada!”, deyishi bilan yuragi “shuv” etib, seskandi. Lom-mim demay, bir muddat yigitning yuzi­ga tikilib turdi. O‘g‘lining tim qora, tutashgan qoshlari, bo‘y-basti, unga bo‘ydoqlik kezlarini eslatardi.
Ota esankirab, qo‘lidagi uch-to‘rt so‘mni uning qo‘liga tutqazdi-da, ters burilib, qizchasini ko‘targancha shaxdam yurib ketdi. Muzrobning umidlari so‘ndi. Qo‘lidagi pulni g‘ijimlagancha toshdek qotib qoldi…
Muzrob bu yili onasining qistovi bilan davolanib, hassasini tashladi. Oyoqlarining og‘rig‘i ancha qolgandi. Lekin bugungi zo‘r berib yugurishlari dardni qayta qo‘zg‘adi. U tishini-tishiga qo‘yib yugurardi. Manzilga bir-ikki qadam qolganida gursillab, yuztuban yiqildi…
Suqsurning joni ko‘lmakdek bug‘­lanib borardi. Onasi nima qilishini bilmasdi. Qarshingda farzanding jon talashib yotsa-yu, qo‘lingdan hech narsa kelmasa, azob! Asr namozi payti. Muzrobni opichlab dadasi kirib keldi. O‘g‘lini karavotga o‘tqazdi-da, Suqsurning peshanasini siypalab, ko‘z yoshlarini to‘xtatolmadi. Suqsur esa: “Dada, meni yaxshi ko‘rasiz-a?”, — dedi-yu…
Muzrob opasining qabri boshida bir qo‘li bilan onasini quchib, bir qo‘li bilan hassaga tayanib turar ekan, qabristonning chiqish eshigi tomon boshini quyi solib ketayotgan otasiga ko‘zi tushdi. Darrov nigohini osmonni qoplagan bulutlarga qadadi. Quyoshning nurlari qora pardani ohista yirtib, uning ko‘zlarini qamashtirardi.

Muhammad SIDDIQ