So‘z galayotir…

1.

Qadamlar ovozi tindi. Qal’a bo‘shay boshladi. Jimlik lashkari darvozani tambaladi. Quyosh chekina turib, savollardan charchagan Kalta minorga o‘zining oxirgi nurini tuhfa etdi.

Devorlarga jon kirdi. Ark saroyidan bir gala qush uchib chiqdi-da butun qal’ani uyg‘otdi. Xo‘ja minor tarafdan sado keldi. “So‘z galayotir — ishq qaytayotir!”, “So‘z qaytayotir — ishq qaytayotir!”. Sado butun shaharni egalladi. Devorlar bir silkindi. Haram darvozasini yopib oldi. Polvon pirdan gumburlagan ovoz eshitildi. Qal’a devorlari titray boshladi. Tosh ko‘chalar nurlanganday bo‘ldi. Bir qabrdan ovoz chiqdi, hech kim eshitmadi. Ovoz kuchaydi, hech kim eshitmadi. Ovoz butun borliqqa yoyildi. Endi barcha saroylardan ovoz chiqa boshladi…
“Ne jur’at ila Ogahiy ochg‘ay og‘iz so‘z dergakim,
Yuz xayli g‘am qilmish hujum ul zor noshod ustina.”
Xo‘ja minor jo‘r bo‘ldi: “Ustina,
ustina”…
Kalta minor jo‘r bo‘ldi: “Ustina” …
Ota darvozadan kuy kirdi, devorlarga urildi, ruhlarni qo‘zg‘atdi. Kalta minor qaddini rostladi, savollarni unutdi va ishqni kuta boshladi. Dishon qal’ada ikkita sharpa paydo bo‘ldi. Devorlar ularni “elchilar” dedi. Elchilar devor yoqalab yurdi-da, qal’aning bir bo‘lagini o‘zla­riga qamab, shahar chiroqlari yorug‘ida yurib ketdilar. Minoralar ularni uzoq kuzatdi. Qal’aning favqulodda uyg‘onishidan bironta odam bolasi xabar topmadi. Tarixiy uyg‘onish ularni uxlatgandek edi.

2.
Tong otdi. U bog‘cha darvozadan kirdi, devorlar yonidan befarqlarcha o‘tdi-da, Ark saroyiga kirib ketdi.

Qorong‘i yo‘lak bo‘ylab zinalardan bir-bir ko‘tarilar ekan, g‘ayritabiiy bir tuyg‘uni his qildi. Qal’a tirikdek tuyuldi. Devorlar unga nimadir demoqchi ekaniga ishondi. Yuziga nur tushdi, shu yerda oxirgi zinaga kelganini angladi. Saroyning eng yuqori joyiga chiqib, qal’ani kuzata boshladi. E’tiborini dastlab Kalta minor tortdi. Yoshligida buvisi aytib bergan rivoyatni esladi: “Buxoroning go‘zal malikasi, unga ko‘ngil qo‘ygan Xiva xoni, malikaning saroyi ko‘rinib turishi kerak bo‘lgan minora qurish haqidagi va’da, erishilmagan muhabbat, bitmay qolib “kalta” tamg‘a­sini olgan minora”… Ko‘zlarini yumdi, dimog‘iga qal’aning qadimiy hidi urildi. Ko‘zlarini ochdi, devorlarga yana bir marta nazar tashlab chiqdi. Shaharning qolipdagi manzarasidan to‘yingan tasavvuriga qal’a sig‘mayotgandek edi, go‘yo. Shu yerdan turib, Ota darvozadan kirib kelayotgan olomonni kuzatdi. Hammasi soxta, bugun ketadi-yu hammasini, bu yerlarni unutadi. Qal’aning qayg‘usi hech kimni qiziqtirmaydigandek. Xo‘ja minorga chiqishga navbat kutayotganlarni ku­zatarkan, xayolidami, o‘ngidami bir suhbatni eshitdi:
— Og‘a, seni kim qurgan? — dedi Kalta minor.
— Meni amal qurgan, seni kim qurgan? — dedi Xo‘ja minor.
— Meni ishq qurgan…
— Balki shuning uchun ham oyoq osti bo‘lmassan!
Bu suhbat uni titratdi, titroq yura­gidan chiqayotgandi. Shu chog‘da katta qu­chog‘i bo‘lishini va Kalta minorni quchoq­lab, uni yupatishni istadi. Birdan g‘ala-g‘ovur boshlandi. Devorlar qaltirab ketdi. Odamlar esa buni sezmadi ham. “So‘z galayotir — ishq qaytayotir!”. Sado butun qal’ani tutdi. Faqatgina u eshitdi. Xo‘ja minor tagida parilarga o‘xshash bir qiz paydo bo‘ldi. U boshqalardek emasdi. U shunchaki kelmagandi. U qal’ani emas, qal’a uni tomosha qilayotganga, undan bir og‘iz maqtov eshitishga mushtoqqa o‘xshardi. Nigohi bilan devorlarga nimadir deyotgandek edi. Tosh yo‘lakdan ohista yurib keldi-da Kalta minor qarshi­sida turib qoldi. Butun vujudi bilan minorani his qildi. Uni suhbatga chorladi.
— Seni kim qurgan, og‘a?
— Meni ishq qurgan!
— Nega xomushsan?
— Uni kutyapman?
— Kimni?
— Buxoro malikasini, malikamni. Sen u emasmisan?
— Yo‘q…
Kalta minor ortiq gaplashishni istamadi. Qiz ham boshqa savol bermadi. Beixtiyor lablari pichirladi.
“Endi men umringda bir
kemtigingman,
Endi poyoniga yetmagay anduh.
Men seni qo‘msayman, Kalta minorning,
Girdida aylanib yurgan baland ruh”.
Undagi titroq kuchaydi. Kim bu qiz? Nahot qal’ani u tiriltirgan bo‘lsa? U — so‘zmi? Ishqni u olib keldimi? Qiz qanday kelgan bo‘lsa, shunday ketdi. O‘zi bilan esa Kalta minorning ranglarini olib ketgandek edi. Uning ko‘ziga qizning sochlari moviy tusda ko‘rindi. Minor esa biroz o‘sgandek, oldingidan balandroq tuyuldi…
Ota darvozadan ular kirib keldi. Hammasida pariqizdagidek allanima bor edi. Devorlar qo‘zg‘aldi, Tosh ko‘cha larzaga keldi. Saroylar qaltiroq ichida qoldi. Juma minoradan azon ovozi eshitildi, eski tandirlarda olov ko‘rindi, naqshlar bir-biriga qorishib ketdi. Ular esa qal’aga yoyilib, uning har burchiga jon baxshida etayotgan edi. Qal’a rassom chizgan suratga ko‘chdi, suratkash olgan tasvirga ko‘chdi, aytilayotgan so‘zga ko‘chdi. Ular ko‘payib borar, hamma narsa ularga ko‘chayotgan edi. U esa hamon Ark saroyidan kuzatar, turgan joyidan bir qadam ham qo‘zg‘almasdi. Agar qo‘zg‘algudek bo‘lsa, bu mo‘jizalar yo‘qolib qolishidan qo‘rqardi. Polvon pir atrofida ulardan uch-to‘rttasi maqbara haqida gapirib berayotgan odamni tinglashardi. Ular ishonmasdi. Ular­ning o‘z haqiqati, o‘z so‘zi bor edi. O‘zlari allaqachon devorlar bilan suhbat qurgan. Devorlar aytgan haqiqatni esa ich-ichlariga joylab olgandi. Ular devorlar aldamasligini, adashmasligini bilardi. Ularning biri Ark saroyiga kirdi. Bu qiz oldingisidan ancha farq qilardi. Uning yuzida tog‘larning nafasi bor edi. Sochlari quyosh shu’lasida tovlandi. U ma’yus edi. Ark esa undan tabassum kutayotgandek o‘z chiroyini ko‘z-ko‘zladi. Qiz esa ustunlar­ning birini bag‘riga bosib o‘tirdi. Qanchadan-qancha malikalarni ko‘rgan saroy esa bag‘riga yana malika qaytganini his qildi.
— Ark deganlari senmisan?
— Ha, menman.
— Ustunlaringda iztirob hidi bor. Ko‘z yosh isi bor.
— Iztirob ham, ko‘z yosh ham tugaydi, biz esa ularni ko‘rishga, his qilishga mahkummiz. Ko‘z yoshing va iztirobingni bizga qoldir… O‘zingga esa qadimiy ruhdan ol!
Qiz yig‘ladimi, yo‘qmi unga ko‘rinmadi. Lekin Arkdan chiqar ekan, ustunlarga qarab tabassum qildi. Bu tabassum botayotgan quyosh nurlari bilan devorlarga urildi. U hammayoqda so‘zni, ishqni his qildi. Tiriklik havosi badaniga urildi. Qal’ani tark etar ekan, ich-ichidan yashayotganini his qildi.
Qal’a ichida esa o‘sha sado qolib ketdi: “So‘z galayotir — ishq qaytayotir!”…

Shohrux Najot