Uni topdingmi?

Ariqdagi suv to‘xtab qolgan lahzalarni o‘zi bilan oqizib ketar, mayin shabada turfa qushlarning ovozini uchirib, endigina yog‘a boshlagan yomg‘irga qo‘shib yo‘llarga sochar edi. Tunda deraza ortidagi anhorning ajib tovushi bir-biri bilan quvlashmachoq o‘ynab, hech qayerda yangramagan toza ohanglarni hosil qilardi.

Bu yerga kelganimdan beri negadir seni topa olmayapman. Hamma yerdan izlayman. Ho‘-o‘v anavi eng ba­land cho‘qqiga chiqaman-da har yonga sochilib ketgan diqqat-e’tiborim siniqlarini jamlab, pastdan to‘xtovsiz eshitilayotgan so‘zlarga quloq solaman. Sening ovozing eshi­tilmaydi. Miltiroq yulduzlarga boqaman. Qara, bizning yulduz­larimiz shu yerdan ham ko‘rinar ekan. Qiziq, qanchalab masofani bosib o‘tsak-da, osmon qimir etmay joyida turaverarkan…
Quyoshning zarhal o‘qlari yelkamga ozor bermay botardi. Yo‘l bo‘yidagi bir maromda chayqalayotgan teraklar bilan yaproqlar tilida gaplashaman. Ular xuddi seni izlayotganimni bilgandek so‘z qotadi:
— Uni topdingmi?
— Yo‘q…
— U ham seni izlayapti.
— Qani, qayerda?!
— Shu yaqin atrofda. Izlayver, albatta, topasan!
Bu so‘zlar umid baxsh etadi. Yo‘lda davom etaman. Sharshara yoniga borib, ovozim boricha ismingni aytib chaqiraman… Ruhim toshlarga urilayotgan suvning shovullashiga singib ketadi. Bu ohanglarda ham o‘sha sas bor edi:
— Uni topdingmi?
Javob berishga madorim qolmay, boshimni xam qilaman.
— U shu yerda, ortimizdan yur, — deya meni irmoqlar qovjiragan yalanglik sari ergashtirdi. Yo‘l oxirida bir tepalikka duch kelaman. Irmoqlar indamay ortga qaytadi. Qarshimdan bir juft xarsangtosh chiqdi. Ulardan ham seni so‘rayman. “Yuqoriga chiq, u seni kutib turibdi”, deyishlari bilan o‘t-o‘lanlar-u toshlarga tirmashgancha cho‘qqiga chiqa boshlayman. Ancha balandladim. Yetay deganimda tirmashadigan narsa qolmadi. Pastga sho‘ng‘iy boshladim. Qo‘rqib ketdim. Seni topa olmaslik hissiga bo‘y beray dedim. Tuyqus qo‘l-yelkala­rimdan bir novda tutib qoldi. Unga bor kuchim bilan tirmashdim. Nihoyat novda qisqarib-qisqarib meni senga olib bordi…
— Bu yerda nima qilyapsan?
— Seni kutdim…
— Nega daraxtga aylanib ol­ding? Tag‘in bir o‘zing, giyoh o‘smaydigan yerga kelib qolibsan.
— Muhimi, meni topding-ku!
— Ha, nihoyat seni topdim! Yur, odamlar orasiga qaytamiz.
— Yo‘q, bora olmayman.
— Nega, axir? Yana o‘z ho­lingga qayt, bu ahvolda borolmaysan-da, albatta.
— Qo‘rqaman…
— Kimdan? — dedim uning suvsab qolgan sumbatiga hayrat aralash ni­gohlarimni qadab.
— Odamlardan! — dedi u o‘ksik ovozda boshini quyi solib.
— Ular yomon emas, qo‘rqma!
— Rostdanmi?!
— Ha! Men ham ularning biriman, axir. Seni zo‘rg‘a topdim, ishon!
— Unda… Unday bo‘lsa boraman!
— Endi seni sira ham yolg‘izla­tib qo‘ymayman, hech kimga xafa qildirmayman. Endi doim birga bo‘la­miz, Muhabbat!

Muhammad SIDDIQ