Xorij tajribasi O‘zbekistonda

O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA) bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Bundan asosiy maq­sad yosh fermerlarni qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlar tajribasi bilan tanishtirib borish, malaka oshirishini tashkil etishdan iborat.

Hozirga qadar 10 nafar yosh fermer Yaponiyada tashkil etilgan xalqaro o‘quv-seminarlarda ishtirok etgan bo‘lib, yil oxirigacha yana shunchasi malaka oshirib qaytadi. Qibray tumanidagi “Leo Garden” intensiv bog‘ida 10 nafar yaponiyalik mutaxassis va eksportchi ishtirokida “Bog‘dorchilikda Yaponiya tajribasi” mavzuida sohaga qiziqqan yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.
— 2015-yilda 50 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratdik, — deydi “Leo Garden” intensiv bog‘i agronomi Badriddin Usomiddinov. — 6 xil olma va 2 xil nok daraxti ko‘chatlari ekilgan bog‘imizda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etganmiz. Bu usul suvning birdek taqsimlanishi hisobiga dala bo‘ylab namlik bir me’yorda tarqalishini ta’minlaydi. Intensiv bog‘ning afzal tomoni shundaki, kam suv sarflab, ko‘p hosil olish mumkin.
20 ta ishchi o‘rniga ega bog‘imizdan bu yil 30-35 tonna hosil olishimiz mumkin.
Mahorat darslari davomida yaponiyalik muta­xassislar o‘zbekistonlik fermerlarga bog‘dorchilik sohasidagi so‘nggi yangiliklar, innovatsion texnologiyalar, bog‘ maydonini tayyorlash, ko‘chatlarni ekish va parvarishlash hamda zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rgatdi.

Shahnoza NURULLAYEVA