Yevropacha futbol o‘ynamaymiz!

Futbolchi ham, muxlis ham o‘z milliy terma jamoasi­ning mundialda ishtirok etishini juda xohlaydi. Chunki bu — mamlakatning dunyoda borligini va nimalarga qodirligini ko‘rsatish imkoniyati.
Jahonning eng nufuzli futbol musobaqasida qatnashish o‘zbek futboli uchun hamon orzuligicha qolmoqda. “Ana chiqdik, mana boramiz”, deymiz-u, bo‘lmayapti. Bahonamiz ko‘p.

Futbolchilarimiz o‘smirlik chog‘ida jahonning kuchli terma jamoalari bilan tengma-teng raqobatlasha olardi. Masa­lan, o‘z vaqtida o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Ispaniyaga qarshi maydonga tushgandik. Mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, ammo “jang” murosasiz kechgan. Ispanlarda Andres Iniyesta, biz­da Aleksandr Geynrix bor edi. Iniyesta katta futbolga o‘tgach, jahon chempioni, ikki karra Yevropa chempioni, to‘rt karra Yevropa chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi. Umumiy hisobda 37 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Geynrix esa…
O‘smirlardan iborat terma jamoamiz ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi. Osiyo chempioni bo‘ldik, jahon chempionatida kuchli sakkiztalikka kirdik. Milliy termaga kelganda esa… Muzqaymoq ham yeya olmayapmiz. Vaziyat o‘nglanarmikan, deya argentinalik mutaxassis Ektor Kuperni bosh murabbiy sifatida olib keldik.
Kuperning shogirdlari futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham jahon chem­pioni bo‘lishga ulgurdi. Ikki bor Yevropa chempionlar ligasida finalgacha yetib bordi. O‘zining ta’biri bilan aytganda: “Omadsiz finallar”. Futbol afsonalari: Pablo Aymar, Luis Ronaldo, Gaiska Mendeta, Muhammad Salohga ustozlik qildi. Misr terma jamoasini 28 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga olib chiqdi.
Hozir biz Kuperni mundial eshiklari­ning “kaliti” sifatida ko‘ryapmiz. Nazarimda, bunday tajribali murabbiy bizga juda ke­rak. Va u kelgach, futbolchilarning maydondagi harakatida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lyapti. Turli taktikalar, har bir futbolchiga imkon berilishi, intizomli o‘yinni ko‘ryapmiz. Oldingidan farqli o‘laroq, asosiy tarkib qanday bo‘lishini hech kim oldindan ayta olmaydi.
Bizning terma jamoa tarixida turli tarkiblar bo‘ldi: himoyaviy, bitta gol urib qoyadek turib oladigan, hujumga o‘tib ketib oltitalab gol o‘tkazib yuboradigan va hokazo. O‘n uchta o‘yinda asosiy hujumchi sifatida maydonga tushib, bitta gol urmagan futbolchidan tortib, murabbiylikdan bir umrga chetlatilib, ikki yil o‘tar-o‘tmas, nomdor klubga ustozlik qi­ladigan trenergacha bor bizda.
Lekin Osiyo kubogidagi O‘zbekiston – Avstraliya o‘yinida biz yangi tartibli va Osiyoning grand jamoalariga ochiqchasiga bosim o‘tkaza oladigan sifatli jamoani ko‘rdik. O‘yinimizda ancha o‘zgarish bor.
Katta maosh evaziga xorijdan murabbiy olib kelish degani, xorij futbolini ko‘ramiz degani emas. Har qanday sharoitda bo‘lsa ham o‘z o‘yinimizni topishimiz lozim.
Tarixga nazar solaylik. 1958-yilgi Braziliya terma jamoasi. Bosh murabbiy Visente Feola braziliyalik bo‘lsa-da, xorij tajribasiga ega mutaxassis. Undan dastlab yevropacha futbolni talab qi­lishgandi. Avvaliga shunday bo‘ldi ham. Keyinroq esa azaliy “jango” uslubiga qaytdi. Barcha 1950-yildagi kabi ularni mag‘lub bo‘ladi, deb o‘ylagandi. Tarkibda ham muammolar yetarlicha edi. Jalmo
Santos (himoyachi) — o‘smirlik davri zavodda ishlayotganida o‘ng qo‘l barmoq suyagini jarohatlab olgan. Garrincha — umurtqasi qiyshiq tug‘ilgan, bir oyog‘i kaltaroq. Darvozabon Kastilo — daltonik va barmoqlari yo‘q. Bunday jamoa yarim final, finalda ham beshtalab gol urib g‘a­laba qozonishini kimdir taxmin qilgudek bo‘lsa, uni qip-qizil ahmoqqa chiqarishlari aniq edi. Jamoa o‘yinchilari kuchli bosim ostida qolgan bo‘lsa-da, o‘zlarini yo‘qotmadi, o‘z uslubidan qochmay, chempionlikni dadil qo‘lga kiritdi.
Bizning vazifamiz ham nuqsonlar, tanqidlarga e’tibor bermay, o‘z o‘yin uslubimizni mukammallashtirib, olg‘a inti­lishdan iborat. Yevropacha uslubda futbol o‘ynamaymiz. Bizga bu kerak ham emas. Moslashishga urinish shunchaki befoyda, nazarimda. Biz Yevropa emas, O‘zbekis­tonda tug‘ildik. O‘zbekcha gapirdik, o‘zbekcha tarbiya oldik. Demak, o‘zbekcha futbol o‘ynashimiz kerak. O‘ylaymanki, Kuper futbolchilarimiz ichida berkinib yotgan shijoatni uyg‘ota oladi.
Mamlakatimiz amputantlar jamoasi futbol bo‘yicha ketma-ket uch karra jahon chempioni bo‘ldi. Endi navbat, kechroq bo‘lsa ham, to‘rt muchasi sog‘lomlarga. Yo‘q, biz jahon chempionligini so‘ramayapmiz. Hech bo‘lmaganda mundialda Madhiyamiz yangrab, futbolchilarimiz mag‘rur turishini niyat qilyapmiz, xolos. Balki shundagina ayrim ajnabiylar yurtimizni “Uzpakistan” deyishdan to‘xtar.
O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga Ektor Kuper emas, milliy ruh, milliy g‘urur olib chiqishini anglash vaqti yetdi.

Bunyod ABDULLAYEV