“Jodugar”ning nonlari

Bu hikoya oddiy bo‘lishiga qaramay, juda qayg‘uli. U non sotuvchi ayol va har kuni undan ikkita qotgan non sotib oluvchi kishi, shuningdek, noto‘g‘ri anglashilgan yaxshilik to‘g‘ri qabul qilinmaganda nima sodir bo‘lgani haqida. U qo‘rqinchli nimadir yoki arvohlar haqida emas…

Marta Meham xonim ko‘cha muyulishidagi kichik novvoyxona egasi edi. (Uchta zinapoyadan ko‘tarilib chiqqach, eshikni ochib kirishingiz bilan kelganingizdan xabar berib qo‘ng‘iroq jaranglardi).
Qirq yoshni qoralab qolgan, ikkita yasama tishi bilan jilmaygan payti o‘zgacha chiroyli bo‘lib ketadigan bu mehribon dil egasi bankda ikki ming dollar miqdorida daromadga ega edi. Vaholanki, boshqa oilalilarning imkoniyati Marta xonimnikiga qaraganda ancha past.
Haftada ikki-uch marta do‘konga kelib turadigan bir xaridor Marta xonimni juda qiziqtirib qo‘ygandi. U ko‘zoynakli, soqoli tartibli qirtishlangan, o‘rta yoshlardagi kishi. Nemischa talaffuz bilan ingliz shevasida so‘zlayotgan bu janobning kiyimlari ancha uniqib qolgan, ba’zi joylari yamalgan, yig‘ilgan va o‘ziga keng bo‘lsa-da, xonimga juda pokiza va yaxshi fe’l-atvor egasi bo‘lib ko‘ringandi. U har doim ikkita qotgan non xarid qilardi. Chunki besh sentlik yangi non puliga qotgan bo‘lsayam ikkita non sotib olish mumkin edi va janob ana shu qotgan nondan bo‘lak hech qachon hech narsa olmasdi.
Bir safar Marta xonim uning qo‘llari­da qizil va jigarrang bo‘yoq dog‘larini ko‘rib qoldi. Shunda bildiki, u rassom va kambag‘al. Uning chordoqda yashashi, u yerda bebaho suratlar chizishi, qotgan non bilan bechorahol kun kechirishi va shuningdek, Marta xonimning do‘konidagi yeydigan boshqa yaxshiroq narsalar haqida xayol surishiga shubha yo‘q edi. Marta xonim har gal qiyma, yumshoq­qina bulochka yoki choy va murab­boli stolda o‘tirganda tez-tez xo‘rsinib qo‘yar, yelvizak o‘tib turadigan chordoq­da nozik tabiatli rassom bilan o‘zining totli taomlarini baham ko‘rishni xohlab yuragi achishardi. Chunki qahramonimiz boya aytganimizdek, juda mehribon va ko‘ngilchan edi-da!
Bir kuni u janobning haqiqatan rassom yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish uchun xonasidan qachonlardir arzongina narxda sotib olgan suratni olib chiqib, non rastasining orqasidagi tokchalarga qarama-qarshi qilib osib qo‘ydi. U Venetsiya manzarasi edi. Suratning old qismida, xuddi suv ustida turgan kabi, marmardan qoyilmaqom qilib ishlangan katta uy tasvirlangan bo‘lsa, qolgan qismi suv ichida qo‘lini suvga botirgan ko‘yi xayolga cho‘mgan qiz o‘tirgan qayiq, bulutlar, osmon va o‘zaro uyg‘unlashib ketgan ranglar jilosidan iborat edi.
Ikki kun o‘tgach, do‘konga o‘sha xaridor kirib keldi.
— Marhamat qilib menga ikkita qotgan non bersangiz, iltimos. — Nonlarni o‘rayotganda esa suratga ko‘zi tushdi. — Suratingiz juda ajoyib ekan, xonim, — dedi.
— Ha, — dedi Marta xonim o‘zining ayyorligidan zavqlanib, — men san’at shaydosiman va yana… suratlarning ham. (Rassomlarning ham demoqchi edi-yu, suratlarning deb to‘g‘rilab qo‘ydi). — Siz uni yaxshi surat deb o‘ylaysizmi?
— Unda manzara yo‘q. Chizish uslubi noto‘g‘ri. Yaxshi qoling, xonim.
U nonlarni oldi-yu, shoshib chiqib ketdi. Ha, u aniq rassom. Endi Marta xonimning bunga aslo shubhasi yo‘q. Suratni xonasiga kirgizib qo‘yarkan, xayollari yana o‘sha sirli xaridor tomon tortdi. Ko‘zoynaklari ostida chaqnab turgan ko‘zlari qanday mungli va mehribon! Keng peshanasi o‘ziga juda yarashgan. Bir qarashdayoq suratga baho bera olish va qotgan non bilan kun kechirish! Bu dahshat! Biroq ko‘p hollarda qobiliyatni yuzaga chiqarish uchun kura­shishga to‘g‘ri keladi. Agar bankdagi ikki ming dollar, novvoyxona va mehribon yurak evaziga uni yuzaga chiqara olganida, bu faqat san’at va surat uchun bo‘lgan bo‘lardi. Biroq bularning bari xomxayoldan o‘zga narsa emas edi.
Xaridor non olishga kelganda biroz muddatga rasta yonida xonim bilan suhbatlashishga odatlanib qolgandi. Go‘yoki u miss Martaning shodlikka to‘la so‘zlariga tashnadek tuyulardi. Ammo u tort, pirog yoki Marta xonimning shirin “Salli Lunlari”dan birini emas, qotgan non sotib olaverardi. U Marta xonimga kundan-kunga ozib, kuchsiz­lanib borayotgandek ko‘rinar, shuning uchun xaridorning odmigina xaridiga yeyish uchun yaxshiroq nimadir qo‘shib qo‘yishni juda xohlardi. Biroq jur’ati yet­masdi. Rassomlarning g‘ururini yaxshi bilgani uchun, agar shunday qilsa, bu unga nisbatan haqorat bo‘lardi.
Bir kuni Marta xonim xol-xol fartugini taqib olib, orqa xonada sariq meva urug‘lari va tozalash uchun ishlatiladigan mineraldan o‘zining odamlar yuz terisini parvarishlashda ishlatadigan g‘aroyib aralashmasini tayyorlayotgan edi. Odatdagidek o‘sha xaridor kelib qoldi. U rasta ustiga tangasini qo‘yib, qotgan non so‘radi. Marta xonim u tomonga borayotganda tashqaridan qattiq signal ovozi va motorning kuchli o‘t olgan tovushi eshitildi. Xaridor ko‘chaga otildi. Sotuvchi xonim esa imkoniyatdan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. Rasta ortidagi pastki tokchadan o‘n daqiqa oldin sut fermasi ishchisi tashlab ketgan yangi sariyog‘ni oldi. O‘tkir pichoq bilan nonlarni chuqur qilib kesib, orasiga sariyog‘ joylab, yana zichlab yopib qo‘ydi. Xaridor do‘konga qaytib kirganida u nonlarni o‘rayotgan edi. Noodatiy qisqa, ammo yoqimli suhbatdan so‘ng, u ketgach, Marta xonim o‘zicha jilmayib qo‘ydi. Biroq ko‘nglida biroz hadik bor edi: “Nimalar qilib qo‘ydim o‘zi? Uning yuragiga ozor berib qo‘ymadimmikan? Shunaqa bo‘lmasin-da, ishqilib”.
Biroz vaqt o‘tib, Marta xonim bo‘lib o‘tgan voqea haqida yana eslab qoldi. Rassomning qotgan non ichida uning hiy­lasini bilib qolganini tasavvur qildi: u cho‘tka va bo‘yoqlarini pastga qo‘yadi. So‘ng rasm taxta yonida turib chizayotgan suratining ko‘rinishi va manzarasini tahlil qilib bo‘lgach, qotgan non va suv bilan tushlik qilmoqchi bo‘ladi. Nonni kesadi. Oh! Miss Marta qizarib ketdi. U non ichiga sariyog‘ni joylab qo‘ygan qo‘llar haqida o‘ylarmikan? Ammo shu payt uning xayollarini tumandek tarqa­­tib, eshik qo‘ng‘irog‘i qattiq jiringladi va shovqin solib kimdir kirib keldi. Marta xonim shoshib eshik tomon borganida u yerda ikki kishi turardi. Biri tamaki tutatayotgan yosh janob, oldin uni hech ko‘rmagandi, ikkinchisi esa rassom — uning yuzlari qizargan, sochlari to‘zg‘i­gan, shlyapasi boshining orqasida edi. Ikkala qo‘li ham musht bo‘lib tugilgandi.
— Ahmoq! — deb qichqirdi u baland ovozda va yana shunga o‘xshash nimadir dedi. Sherigi uni olib chiqishga harakat qildi. Ammo u ko‘nmadi.
— Hech qayerga bormayman. Hali gapimni tugatmadim, — dedi u g‘azablanib. Keyin baqirib yig‘lab yubordi. Marta xonim uning qizarib ketgan moviy ko‘zlariga qarashga toqat qila olmadi. — Sen meni xonavayron qilding. Sen hamma narsaga burnini suqaveradigan qari jodugarsan.
Marta xonim bir qo‘li bilan fartugini tutib, tokchalarga holsizgina suyanib qoldi. Yosh janob sherigining yoqasidan oldi.
— Bas etar! Yur men bilan! — dedi va uni sudrab ko‘chaga olib chiqib ketib, qaytib kirdi va xonimga yuzlandi.
— Sizga aytilajak navbatdagi gaplar nima bo‘lishi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘ring, xonim. Hozirgi kishi Blumberger, arxitektura chizmakashi. Biz birga ishlaymiz. U tanlov uchun uch oydan beri yangi shahar zalining rejasi ustida qattiq ishlayotgandi. Kecha yakunladi. Bilasizki, chizmakashlar har doim chizmani birinchi qalamda chizadi. Ishni tugatgach, qalam chiziqlarini qotgan nonning kichik bo‘lagi bilan o‘chirib chiqadi. Chunki qotgan non hind o‘chirg‘ichidan samaraliroq. Blumber­ger bu yerdan non sotib olib yurgan. Ammo bugun sizning allaqanday sariyog‘ingiz uning barcha ishlarini barbod qildi.
Marta xonim orqa xonaga kirdi. Xol-xol fartugini yechdi va eski mallarang ko‘ylagini kiydi. Keyin sariq meva urug‘lari hamda mineral aralashma­sini derazadan kul idishi ustiga to‘kib yubordi.

Ingliz tilidan
Oltinoy HAYITBOYEVA tarjimasi.