Malikaning mehnati va san’ati

Jizzax shahridagi Alisher Navoiy mahallasi xotin-qizlarining ko‘pchiligi chevar to‘quvchilar. Ular uy-ro‘zg‘or yumushlaridan bo‘shagan vaqtlarida gilam, munchoqli taqinchoqlar, poyabzal to‘qish kabi xalq hunarmandchiligi turlari bilan shug‘ullanadi.
Bolalikdan tikish-bichishga qiziqqan Malikaning bu kasbga mehri tobora ortib bordi. Bu hunarning sirlarini onasi Ozoda Karimovadan qunt bilan o‘rgandi.

Jizzax yengil sanoat kasb-hunar kollejini tugatgach, Malika Egamqulova o‘zi yashayotgan mahallada hunarmandlik maktabi ochish tashabbusi bilan chiqdi. Kam ta’minlangan oila farzandla­riga bepul hunar o‘rgatishni o‘z oldiga maqsad qildi hamda bu yerda o‘zbek milliy buyumlarini to‘qishni yo‘lga qo‘ydi.
Mahallaning bir chekkasida kichik sex ishga tushirilgach, uning orzulari ushala boshladi. Tinib-tinchimas qiz sexda dastlab to‘quvchilik qildi. Ishga sadoqati, fidoyiligi sabab ko‘p o‘tmay rahbarlikka tayinlandi. Ishlar rivoj­lanib, chor-atrofda ularning mahsulotlariga xaridorlar ko‘paya boshladi. Uning huzuriga dugonalari, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari, hatto qo‘shni xonadonlardan ham xotin-qizlar kela boshladi. “Malikaga bolalar poyabzali to‘qitib olsam, uning hunarini o‘rgansam”, deganlarning son-sanog‘i yo‘q. Endilikda qizlar Malikaga shogird tushib, nafis, bejirim, bir-birini takrorlamaydigan poyabzallar to‘qimoqda.
Mahallada “Ustoz-shogird” maktabini kengaytirish oson bo‘lmadi. To‘quv mashinalari, dastgohlar hamda xomash­yo keltirishda birmuncha qiyinchiliklar yuzaga keldi. Ochiqko‘ngil va serg‘ayrat hunarmand yangilik yaratish yo‘lida tinmay izlandi. So‘nggi ikki yil ichida badiiy kashtachilik, zamonaviy biser usulida to‘qish-tikish ishlarini yo‘lga qo‘ydi va mahsulot turlarini elliktaga, ishchi o‘rinlarini o‘n beshtaga yetkazdi. Shogirdlar yetishtirishda kasanachilikni tashkil etib, ish hajmini kengaytirdi va chet el investitsiyasini olib kirishga erishdi. Birgina shu yilning o‘tgan olti oyi mobaynida mahsulot sotishdan tushgan sof foyda
7 million so‘mni tashkil etdi. Hozir
Visola Karimova, Durdona Egamberdiyeva, Yulduz Karimova, Laziza Azimova kabi chevarlar serjilo gilamlar, bolalar va xotin-qizlar kiyimlarini tayyorlamoqda.
— Chiroyli buyum qalb-qo‘ri bilan vujudga kelgan san’at asaridir, — deydi yosh hunarmand Malika Egamqulova. — Bu iste’dod, mehnat, mahorat, bilim va taj­ribaning uyg‘unlashuvidir.
Usta hunarmand shogird tanlashga alohida e’tibor beradi. U asosan kam ta’minlangan oilalar farzandlari­ning boshini silab, kasb mahoratini o‘rgatib kelyapti. Boquvchisini yo‘qotgan, mehr-muruvvatga muhtoj qariyalarga hamisha yordamlashadi.
Malika Egamqulova “Tashab­bus – 2019” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida o‘z iste’dodini yana bir bor namoyish etib, “Mening kasbim – mening iftixorim” nominatsiyasi sovrindori bo‘ldi.

Abdulla SAIDOV Jizzax viloyati