Qo‘shiq

“Buyuk ipak yo‘li” metro bekati… Ertalabki 7:30. Har kuni shu vaqtda bekatga kelaman. Agar biror daqiqaga kechiksam, ishga vaqtida yetib bora olmayman.

Doimgidek eng oxirgi vagondaman. Ba’zan yo‘lovchilar shu darajada ko‘payib ketadiki, oyoq bosgani joy izlaysiz. Metro qo‘zg‘alishi e’lon qilinyapti hamki, odamlar qadami uzilay demaydi. Tiqilinch bo‘lishiga qaramay, yoshgina bir qiz kitob o‘qishga urinar, sal narida quloqchin taqib olgan yigit bir muddat qizga tikilib turgach, yana nigohlarini uzib, qayerlarnidir maqsadsiz kuzatib turardi. Chamasi 5-6 yashar bolakay vagon eshigiga yopishib, zo‘r berib oynadan tashqarini — yer ostini ko‘rishga urinadi. O‘rta yoshlardagi bir ayol betoqat qo‘zg‘alaverdi. Yuz ifodasidan o‘rindiqda o‘tirgan yigit joy bermayotganidan noroziligini bemalol uqib olsa bo‘ladi. Yigit unga ahamiyat bermas, telefoniga kirib ketgudek bo‘lib o‘tirardi.
Birdan kimdir oyog‘imni bosib oldi. Norozi qiyofa bilan o‘girilsam, 6-7 yoshlardagi qizaloq, aybdor nigohlarini menga tikib turibdi. Qo‘lidan tutib olgan onasi ham uzr so‘rab, yonginamdagi bo‘sh yerga joylashib olishga urindi. Xijolatga qo‘ymaslik maqsadida asta bosh irg‘ab qo‘ydim. Qizaloq hanuz tikilib turardi…
Ertasi kuni ham ro‘paramdagi bo‘sh o‘rindiqqa joylashgan ayol va qizaloq­ni tanib, jilmayib qo‘ydim. Qizcha ham tabassumini mendan ayamadi. Bu gal vagonda odamlar ancha siyrak. Shu sabab jajji qadrdonimni kuzatib ketish qiyinchilik tug‘dirmadi. Qizaloq poyezd yurayotgan vaqtda berilib nimalarnidir gapirar, balki qo‘shiq kuylardi. Sababi bunday shovqinda hatto yonidagi onasi ham ovozini eshitmasligini yaxshi biladi. Vagon bekatlarda to‘xtaganda, u ham tanaffus qilib olardi. Bu ishi bilan qizcha yanada ko‘proq e’tiborimni tortdi. Chunki bolaligimda o‘zim ham ko‘p bora bunday “iijro”ni sinovdan o‘tkazib turardim.
— “Paxtakor” bekati. Shu yo‘l orqali O‘zbekis­ton yo‘lining…”. Ayol qizchani yetaklab tushib ketdi.
Navbatdagi tong. Yana o‘sha qadrdon qiyofa. Sochini ikkita qilib o‘rib olgan qizaloq. Bu safar boshqa o‘rindiqlar bo‘shligiga qaramay, atayin ularning yoniga joylashdim. Ayolni gapga tutdim.
— Bog‘chaga olib ketyapsizmi?
Ayol javob berishga shoshilmadi. Siniq jilmaygancha qiziga ancha tikilib turdi.

— Muolajaga olib ketyapman. Ikki haftadan beri qatnayapmiz.
— O‘zi shifosini bersin, ilohim. Hali bir tuzalib olsin… Qanaqa tashxis qo‘yishyapti?
Ayol yana bir necha soniya sukut saqladi. Titroq ovozda “oqqon” dega­nida, vagon qo‘zg‘alib, so‘zlari qulog‘imga shovqinga qorishib kirdi. Suhbatimiz shu yerda uzildi… Ayolga bir muddat tikilib qoldim. Peshanasidagi ajinlar issiq istarasiga rahna sololmagan, ayni damda lablari bilinar-bilinmas titrab turar, ko‘zlari ich-ichiga botib ketgandek, nigohlarining bir burchida umid berkinib yotardi go‘yo. Lekin ko‘nglidan qanday tuyg‘ularni kechirayotgani menga qorong‘i. Qizchaga qarayman. Dunyo bexabar qizaloq qo‘shig‘ini kuylashni boshlab yuborgandi. Yo‘lovchilarning, eshitmayotgani va u istaganini kuylayotgani bu munchoqko‘zga zavq berishini bir ko‘rsangiz edi. Balki ayolning gapini noto‘g‘ri eshitgandirman…
Tong. Ishga emas, metro bekati­ga shoshyapman. Afsuski, so‘nggi vagondagi tirbandlikda ularni izlab topish ancha qiyin bo‘ldi. Nigohla­rim qizaloqni topganda esa ko‘rinishidagi o‘zgarish meni biroz dovdiratdi. Qizchaning sochi olib tashlangan edi. Garchi bosh kiyimi bilan buni berkitmoqchi bo‘lsa ham, ilg‘ab olish qiyin emas. Biroq shu holatda ham, u kuyla­yapti. Sochsiz holati na odatiga, na quvonchiga daxl qilolardi. Qizcha uni ta’qib etayotgan nigohlarimni payqab, to‘xtab qoldi. Uyaldi chog‘i…
Metroga tushaman. Hayolimga, tasavvurimga sochini “echkicha” qilib olgan qizaloq keladi-yu, ko‘zlarim bilan sochsiz qizni qidiraman. Poyezd qo‘zg‘algunga qadar ko‘­zim eshikda. Yo‘q, bu safar chiqmadi ular. Ko‘nglimga yoqimsiz shubha oraladi. O‘yla­rim noto‘g‘ri chi­qishini xohladim.
Har safar vagon eshiklaridan kirishim bilan qalbi hadiklar bilan chuvalashib ketgan onani, qanday kasalligini o‘zi anglab-anglamayotgan qizaloqni izlayman. Taqdiri qanday kechayotganini bilgim, metro shovqinlari qa’ridagi qo‘shig‘ini tinglagim keladi. Afsuski, ularni boshqa uchratmadim…

Navro‘za MAHAMMADXO‘JAYEVA